Bu “Million” jamoasining (bular haliyam jamoami, QVZ jamoasimi, boshqacha jamoa bo'lishi mumkin emas, futbol jamoasimasdir, har safar Mirjalol Qosimovni “chaynasa”, futbol jamoasi bo'lib qolmaydi-ku) 2014 yil bahordagi kontserti so'ngidagi gaplardan iqtibos. Shu kontsertni ko'rdim, ham kuldim, ham kuydim. Kulganim — “Million”ga qo'shilib nafaqat o'sha zaldagi tomoshabinlar, balki oldi qatorlarni band qilib olgan shou-biznes vakillari ustidan kuldim. Kuyganim — O'zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov va yana boshqa istalgan san'atkorning o'sha kontsertda o'tirib, sahnadagi lo'ttibozlarning, masxarabozlarning, bachkanabozlarning qiliqlariga maza qilib kulganiga va eng yomoni, ularni shundayligicha qabul qilayotganiga kuydim. “Million” jamoasiga hech qanday adovatim yo'q. Bu bolalar (“bollarda ayb yo'q”) QVZdalik paytida yaxshiroq edi, mayli, o'tgan yilgi ilk kontserti ham bundan durustroq edi. Lekin bu galgisi “Oshkora uyatsizlik qissasi” bo'lib ketibdi. Ular rostdan ham masxarabozlik, bachkanabozlikka o'tib ketishganini o'zlari isbotlashibdi. Chunki uyatsizlik, beandishalikka yo'g'rilgan kulgi aslo kulgi hisoblanmaydi. Marhum Hojiboy Tojiboevni eslang, uzoqqa bormaylik. U xalq ichidagi gaplarni aytardi, bo'rttirmasdi, qo'shib-chatmasdi, shunchaki vaziyatni tushuntirardi xolos. Lekin buni odamlarga etkazish mahorati kuchliligidan uni 7 yoshdan 70 yoshgacha hamma birdek sevardi, tinglardi, tomosha qilardi. “Million” kontsertini oilaviy ko'ra olasizmi? “Million” a'zolarining o'zlari onasi bilan birga o'tirib, shu kontsertni ko'ra oladimi? (Balki taklifnoma bilan kontsertning o'ziga ham chaqirishgandir.) Xo'p, birga ko'rgan taqdirda ham, kontsertni ko'rgan ona (yoki opa, singil, amma, xola, dada, amaki, qizi, o'g'li) 90 foiz tushunmagan joylarini o'zlari birma-bir izohlab beradimi? Tasavvur qila olasizmi? Deylik, yigirma ikkinchi asr arxeologlari yigirma birinchi asr odamiga duch kelgan sahna ko'rinishini olaylik. “— Bu bo'ydoq ekan. — Qaydan bilding? — Qara, kafti shilinib ketgan...” Shu erida hamma kuladi, tutqanoq bilan kulganlar ham topiladi. Endi shu joyiga tushunmagan onasi (yoki yosh singlisi, yoshgina qizi, o'g'li) odamlar nima uchun qotib kulganiga javob so'rasa, nima deb javob berisharkan? Shunchaki qiziq. “Armatura tashigan”, deb qutiladimi? “Armatura tashigan”, degan gap bir necha daqiqadan keyin (odamlar “maza” qilib kulib bo'lgandan so'ng) aytiladi-ku axir! Bunday misollar tiqilib yotibdi, tomoshabin kulyapti, eng achinarlisi, zaldagi el xizmatida yurgan xonandalaru aktyorlar ham ularga jo'r bo'lyapti. Nima, hamma shunchalik bachkana bo'lib ketganmi? Hayot shunchalik engil-elpi, odamlar, yoshlar, o'sha artistlar shu darajada engiltakka aylanganmi? “Million”da yo'q ekan, sizlarning singlingiz bormi, onangiz bormi yoki bo'yiga etgan qizingiz bormi? Oriyat, nomus, hamiyat, yigitlik g'ururi bormi sizlarda? Mayli, sozandalarda bo'lmasa, nahotki boshqa tomoshabinlarda ham bu kabi tushunchalar yetishmasa? Turing o'rningizdan, so'kib tashlang, e'tiroz bildiring, baqiring, kerak bo'lsa, toshbo'ron qiling! Bu xalqni nima ko'yga solyapti axir ular! Har zamonda chiroq va futbol muammosini oraga tiqishtirib ketib, xalqdan olamiz, deyishdan uyalmaydi ular. Chunki ularning ishi shu, noni shu! Ularning sizlarga o'xshagan, barmog'ini ham ko'rsatsa, “dumalab” kuladigan “muxlislari” bor! Ular gapga usta, xohlasa, Jasur Umirovni sahnaga o'tkazib qo'yib, uning obro'sini er bilan bitta qiladi. Istasa, Umida Mirhamidovadek ustoz xonandalarni kalaka qiladi. Nima, ularning o'rnida o'sha Ozodbek Nazarbekov bo'lishi mumkinmasmi? Mumkinmas, hozircha. Chunki hozircha undan hayiqishadi. Balki ma'lum vaqtdan keyin uni ham “mixga o'tirg'izib yuborishar”. Agar ungacha o'zlari boshqa joylarga o'tirib ketishmasa. Ular xohlagan odamining ustidan xohlaganicha kulishi mumkin, chunki ular gap bilan tug'ilgan. Ularning ustidan kim kuladi? Hamtovog'i “Dizayn”mi? Kim?! Ularni tartibga soladigan odam faqat bitta edi, u ham bo'lsa oramizda yo'q. Agar oramizda bo'lganida “Dizayn”, “Million” degan bachkana kompaniyachalar ham bo'lmasdi... Agar Hojiboy Tojiboev hayot bo'lganida ularga non topilmasdi (marhum bir yilda ikki marta kontsert berishga o'tgandi). Agar Hojiboy Tojiboev tirik bo'lganidami... bularni ko'rib, qiziqchilikdan voz kechardi. Bunday tomoshabinga mavzu topomaganidan uzlatga chekinardi..
|