Bahrom akaga o‘zimni tutishim yoqmadi, shekilli, qovog‘i solindi. So‘ng bizga hukm bilan qarab: -Mana, Shavkat aka, sazangiz o‘lmasin. SHerali bo‘lsa SHerali-da, -deya tugmachani bosdi. Bizning tumshayib qolganimizni ko‘rib: -Shundan boshqasi yo‘q-da. Biror joydan sotib olamiz, -dedi. Derazadan kirayotgan shamol mashina tezlashgani sayin ko‘z ochirmasdi.
Sochlarim yuzimga tushib, badimga urar, Sittini rangi oqarib turganini,
oynani tushirsam, qayt qilib yuborishi mumkinligini o‘ylab,
zo‘rg‘a chidab kelardim. Mashina dasht yo‘llaridan o‘tayotganda
zerikkanidan qizlar uxlab qoldi. Men esa, uxlab qolishdan uyalardim.
Sababi, ayamning aytishlaricha, og‘zimni ochib uxlarmishman. Ko‘nglim
tubida hali chertilmagan torlar bordek, Bahrom akaning qarashlariga
dosh berolmay ketardim. Nimadir ilk bora yuragimni yoqimli, muloyim
qitiqlardi. Nima balo, qaylig‘imni sevib qolyapmanmi? Beixtiyor
oynachaga qarab, jilmayganimni sezmay qoldim. Ikki yanog‘im
uyalganimdan lov-lov yonib ketdi. Uyalganimdan kaftlarim bilan yuzimni to‘sib, barmoqlarim orasidan oynachaga sekin mo‘raladim. Bahrom akaning boyagi tundligidan asar ham qolmagan, oppoq tishlari sal ko‘rinib, iyagini ko‘tarib, mamnun holda rulni boshqarardi. Ko‘zim
biroz ilingandek bo‘ldi. Mashina to‘xtaganda uyg‘onib ketdik. Yo‘lning
ikki girdidagi chinorlar bir-biriga chirmashib ketgan joyda to‘xtabmiz. Salqin shabada uyquni qochirib, tetiklik baxsh etdi. -Tushinglar, qizlar, Samarqandni tomosha qilmasdan bosib o‘tib ketish gunoh. Butun dunyo odamlari bir ko‘rishga orzumand afsonaviy shaharni sayr qilamiz, -dedi Shavkat aka yuk sumkasi orasidan raqamli videokamerani chiqararkan. -Biz bilan aylanib, to‘y maslahatiga kech qolmaysizmi, -Sitti iddao bilan unga gap qotdi. -Sitora,
gapga juda balo ekansan-ku, -deya Bahrom aka Sittini yelkasiga qoqib
qo‘ydi. Biroz jahlim chiqdi-yu, ular mahalladoshligi uchun o‘zimni bosdim. Biroz piyoda yurganimizdan so‘ng shahar bor bo‘yi bilan quchoq ochib kutib olgandek, asriy minoralari bilan qarshiladi. Men endigina yorishgan tongda yengil tumanlar orasidan chiqqan maftunkor ziyoratgohga suqlanib qarardim. Xuddi ertaklar olamiga o‘xshaydi.
Bolaligimda Siyob bozoriga kelganda uzoqdan ko‘rgandim. Endi esa baland
minoralar qarshisida o‘zimni musichadek kichik his qilardim.
Biz kechgacha hamma qadamjolarni ziyorat qilib chiqdik. Bahrom aka
duolarni o‘qidilar. Unga bo‘lgan hurmatim yo‘l davomida osha
bordi. Ora-sira Potti orqada qolib, yigiti bilan telefonlashardi. Bu
qaylig‘imga yoqmayotgani o‘qtin-o‘qtin unga xumrayib qarab qo‘yayotganidan sezilib turardi. Kun botar chog‘i biz yana bir bor ovqatlanib, yo‘lga tushdik. Kecha oqshom yo‘l tadorigi bilan uxlolmaganimizdanmi
dong qotib uxlab qoldik. Ora-sira yonimizdan o‘tgan mashinalarning
farasi yorug‘ida uyg‘onib ketardim. Ular sokin suhbatlashib ketardilar. Tun yarmida biz Toshkentga yetib keldik. Dadam qayerga tunashimizgacha belgilab, tayinlab qo‘ygan ekanlar.
Qarshida yashab, keyinchalik ko‘chib kelgan Davlat amakining
darvozasiga kelib to‘xtadik. Ular uxlamasdan kutib o‘tirgan ekanlar. Ayoli dasturxonni bezab qo‘yibdi. Erkaklar ovqatlanishdi. Biz esa uyqusirab, ishtahasiz termulib turardik. -Qizlarimni
uyqusi kelibdi. Uzoq yo‘l tortishgan. Ularga joy solib beray, -deb
bizni alohida xonaga olib kirdi. Joylashib, o‘zimiz xoli qolganimizdan so‘ng uyquyam qochib ketdi. Pottining yigiti ertaga uchrashaylik, deb tinmay qo‘ng‘iroq qilardi. -Guli, Gulya seni telexranitellaringni deb Toshkentday joyga kelib, bir qadam qolganda u bilan uchrashmay ketamanmi? -dedi u yuztuban yotib. -Anovi erchang har telefonim jiringlasa, yeb qo‘yguday qaraydi. Asli o‘sha bilan uchrashaman, deb kelgandim. -Sen-chi, dedim Sittiga. -Ajalimdan besh kun burun o‘lmoqchi emasman. Mengayam tinimsiz uchrashaylik, deyapti. Ammo seni "shpion”laring qo‘ymaydi, qo‘ysayam mahallada gap-so‘z qiladi. Keyin dadam bilan ayam meni tiriklay yeydi. -Payt poylab birrov uchrashaylik. Uch kishimiz-ku! Nimadan qo‘rqamiz. Qarimi, yoshmi, chiroylimi, xunukmi bilib olardim-da. Kelishgan yigit bo‘lsa, afrikalik bo‘lsayam tegib ketardim, -dedi Potti o‘tirvolib. -Uxlaylik, bozor qilishga, shahar aylanishga keldik-ku. -Seni qaylig‘ing bor. Hademay to‘ying bo‘ladi. Nima g‘aming bor? Bizni tushunarmiding, deb Potti chapga qarab yotdi. -To‘g‘risi, Bahrom akadan ham, Shavkat akadan ham qo‘rqaman. Ular bir daqiqa meni yolg‘iz qo‘ymasliklari aniq. Endi uxlaylik. Ertaga bir gap bo‘lar, -deya boshimni yostiqqa tashladim. Tush ko‘rdim. Tubsiz jarlikka qulab ketdim. Sitti bilan Lattiyam men bilan birga pastga qulayotgandi. Birozdan so‘ng daryo ko‘rindi.
Daryoda uchta qayiq turibdi. Har birimiz bittadan qayiqqa o‘tirib,
qochmoqchi bo‘layapmiz. Birozdan so‘ng dugonalarim ko‘rinmay, bir
o‘zim qolib ketdim. Bir oyog‘im qayiqda, biri suvda. Suvdagi oyog‘imni
qayiqqa olishga urinyapman, ammo ololmayapman. Uyg‘onib ketdim.
Dugonalarim «pish-pish» uxlayapti. Joyni begona qilib bosiriqdim,
shekilli, yoki chalqa yotib qoldimmi? Ayam o‘ng tarafga burilib yot,
derdilar. Yana bemaza tush ko‘ra boshladim. Bahrom aka ikkalamiz
yo‘lning ikki girdidamiz. Mashinalar tirbandligidan na u kishi
o‘toladi, na men. Sal o‘tib dadam ham qo‘llari bilan imlagancha
yonlariga chaqirdilar. Ammo men yo‘ldan o‘tolmayapman. Uyg‘onib qarasam,
og‘zim qurib, terlab ketibman. Endi uxlamaslikka harakat qildim. Bahrom akadan qo‘rqib, sotkamni o‘chirib qo‘ygandim. Sekin qo‘shdim. Kalkulyatorda
ayam bergan pullarni nimalarga sarf qilishni taxminan hisoblab chiqa
boshladim. Bu payt tong ota boshlagandi. Yozda tunlar
qisqaligi ham yaxshi. Shu payt "sotka”mga xabar keldi. Bu o‘sha adashib
tushgan yigit edi. "Qachon Toshkentga kelasiz? YO men Qarshiga
boraymi? Uydagilar uylantirishmoqchi. Sizni bir ko‘rib, gaplashib
olmasdan, uylangan nomard! Qachon kelsangiz ham Ulug‘bek parkida kutaman sizni. Ertalabdan kechgacha. Egnimda yengsiz oq aralash qora ko‘ylak bo‘ladi. Xayr, sevgilim”. Folbinmi bu? Toshkentdaligimni qayerdan bildi? Pottidan shubhalanib asta qo‘l telefonini tekshira boshladim. Ne
ko‘z bilan ko‘rayki, Pottiga kun davomida yigirma bitta xabar kelgan.
Uning to‘rttasi menga xabar jo‘natgan yigitning raqami. Birbir ochib
o‘qimoqchi bo‘lib, ovozini o‘chirdim. Ha, mening sezgilarim aldamagan
ekan. Potti ikkimizni bir yigit laqillatmoqchi bo‘lgan. Ulug‘bek nomli
xiyobonga kelishi, qanday kiyimda bo‘lishi xuddi menga kelgan xabar
bilan bir xil. Pottini javoblarini ochdim. Yuragim tez-tez urib, dugonamni
yotgan joyida bo‘g‘ib o‘ldirgim kelib ketdi. Axir u uchalamiz
Toshkentni aylanishga kelayotganimizni, biroq qo‘riqchilarimiz borligini, ularni chalg‘itib, birpasgina uchrashishi mumkinligini yozib yuboribdi. Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q deganlaridek, Bahrom akamni mensimay, bir bor ko‘rmagan yigitga ko‘ngil qo‘yishimga, aldanishimga
bir bahya qolibdi-ku. Oy yorug‘ida pishillab uxla yotgan Pottiga
qaradim. Uni hali terilmagan qop-qora qoshlari, oq-sariqqa moyil
yuzi beg‘ubor va sodda edi. O‘sha aldamchi yigitdan Pottini qizg‘onib
ketdim. Yoz fasli emasmi, tomog‘im quruqshab, yuragim kuydi. Endi
o‘rinda cho‘zilib yotishdan foyda yo‘q. Tong otib qoldi. Toza havoga
yuz tutib, bir necha oydan beri fikrimni bo‘lgan qo‘ng‘iroqlar va xabarlarni
miyamdan quvib yuborishim lozim, deb o‘yladim. Yuz-qo‘limni yuvib,
oshxona tomon bordim. Shu tarafdan choy olib kelishgandi shekilli,
kichikroq xonaga kirdim. Gazga choy qo‘yib, satilga suv to‘ldirdim.
Uncha shaloplatmaslikka harakat qilib, hovliga suv sepa boshladim. Tovuq katagi ustida turgan supurgiga ko‘zim tushib, bir boshdan hovlini supura boshladim. Biror yumush bilan
shug‘ullanayotganda fikrni jamlash oson bo‘ladi. SHe’rni ham hovli
supurayotib, saharlab ichimda takrorlasam, tez yodimda qolardi. Suv
mo‘l-ko‘l bo‘lganidanmi, darvozaxonaning ikki girdi biram chiroyli
gullar bilan qoplangan ekan. Yo‘l-yo‘lakay shlankani bosib olgandim. Tashqaridagi
kranga shlangni tiqib, gullarga suv sepa boshladim. Mana, Toshkent
ko‘chalari. Mashinalar allaqachon harakatga kelgan. Chiroyli
parallon xalat kiygan kelinchak narigi tomonni supuryapti. Men tomonga
har zamon tikiladi. Sal qorni do‘ppayib turganligidan farzand
kutayotganini ilg‘adim. Damba-dam tik turib, belini ushlab qo‘yadi.
Unga havasim keldi. Homilador ayolni ko‘rsam,doim boshqalarga o‘xshamagan
bir nurmi, ilohiylikmi ko‘rgandek bo‘laman. Unga ko‘ksi ostida urib
turgan yana bir jajji yurak shunchalik dilbarlik baxsh etarmikan? Ko‘cha tomonni supurib qaytsam, yangam nonushta tayyorlayotgan ekan. Unga yordam berish uchun oshxonaga bordim. -Yo‘l yurib charchab kelganding, hali uxlayversang bo‘lardi, -dedi piyolalarni yuvayotgan yangam. -Odamni xijolatga qo‘yding. Mehmonniyam ishlatamizmi, sen ham onangga tortibsan. Kelin qayerga mehmonga borsa, darhol etak bog‘lab, oshxona ishlariga yor-ya damlashib
ketardi, -dedilar piyolalarni qo‘limga tutarkan. Yaxshiyam yumushlarga
tutinibman, ayajonimni uyaltirib qo‘ymabman. Endi dugonalarimni uyg‘otmasam bo‘lmasdi. Nonushtaga chaqirishsa, shoshib qolishadi. -Turinglar, qizlar, -dedim sekingina. -Yo‘qoley,
erta turib sigir sog‘armidik, pichi uxlaylik, bo‘lmasa kuni bo‘yi
kallam garang bo‘ladi, -deb ters o‘girildi Sitti ko‘zlarini ochib. Potti
indamay turib, sochlarini taray boshladi. So‘ng deraza yoniga borib,
qayerga yuz yuvamiz, deb atrofga alangladi. Sitti ham begona joydaligi esiga tushdimi, ilkis turib: -Aytgancha, Toshkentdamiz-a, -dedi xursand bo‘lib,qarsak chalib bir-ikki sakrab. Dugonalarim ham o‘n yil ichida hayotimning bir bo‘lagiga
aylanib qolganligini, ularsiz bir zayldagi hayot zerikarli o‘tishini
shu lahza anglab yetdim. Toshkentga ilgariyam kelgan bo‘lsam-da bu gal yonimda ular borligi uchun hammasi boshqachadek edi. Pottiyam Sittini qo‘llaridan tutib sakrardi. -Iye,bas qilinglar. Bog‘cha bolalariga o‘xshab buncha sakradinglar,-dedim o‘zim ham beixtiyor ularga qo‘shilib. Nonushtadan so‘ng "Ippodrom”ga oshiqdik. Bu bozor sahar payti boshlanishini yaxshi bilardim. Bahrom akam -"Yaxshi uxladingmi,hovli supurish senga yarasharkan”,- dedi mamnun boqib. -Iye,
hovlilarni sen supurdingmi, o‘zingni ko‘rsatmoqchi bo‘libsan-da. He
o‘l, bizziyam uyg‘otsang yordamlashardik, -dedi Potti labini cho‘chchaytirib.
Biz kamida besh-olti soat bozor kezdik. Charchab kelib, tayyor ovqatni
yeb, boyagi xonaga kirib, o‘zimizni tappa tashladik. Sitti olgan narsalarini kiyib ko‘ra boshladi. Potti ikkimiz ochib ko‘rishgayam holimiz bo‘lmay, uxlab qoldik. Uch-to‘rtlarda
"qo‘riqchi”larimiz aylanib kelishimiz mumkinligini, kechki salqinda
Qarshiga qaytish kerakligini aytib qolishdi. Potti "Ulug‘bek parkigayam boraylik” -dedi. Avval Mustaqillik maydoniga, so‘ng parkka boradigan bo‘ldik. Pottiga
boyagi gaplarimni qanday aytishni bilmasdim. Uning hayajonlanayotgani,
ikki yuzi qizarib turganidan bilinib turardi. Men ham Bahrom
akaning yonida ketayotib, hayajonlanardim. Muloyim qarashlari meni bir
umr ardoqlab yashashini aytib turardi. Har zamon qo‘llari tegib
ketganda yuragim shuvillab ketardi. Dadamdan xursand bo‘lib ketdim.
Meni ko‘nglimdagi yigitni topibdilar. Men muammo chiqarib, ularni
qiynab o‘tiribman. Beixtiyor boyagi kelinchakning holati yodimga
tushib, miyamga to‘y bo‘ladigan kun keldi. Ularning eshigini supurayotganim,
men ham farzand kutishim mumkinligi... Yalt etib, Bahrom akaga qaradim.
Xuddi meni hozirgina surgan xayolimni sezib qolgandek, uyalib ketdim.
Bahrom aka kulimsirab, quyuq qora qoshlarini kerib, nima gap, degandek
imo qildilar. Men favvoralarni ko‘rsatib, chiroyli ekan-a, deb uni chalg‘itdim. Biz bittadan muzqaymoq yeb, xiyobonga yo‘l oldik. Pottini kuzatdim. U bezovta. Bahrom akaga norozi qarab, uf tortib qo‘yardi. Bu aniq, u reja tuzayotgandir. Sekin yoniga yetib borib, qo‘llaridan ushlab keta boshladim. -Hm, reja tuzyapsanmi, yigiting bilan uchrashishga. Umringda ko‘rmagan yigit seni aldab ketishi mumkin. -Sotkamga qaradingmi? Qaydan bilding? Shpiyon bo‘lib ketibsanmi?-u battar qizarib , tumshayib nari ketdi. Men unga yetib olib, uni
unutishi kerakligini, menga ham xuddi shunday xabar kelganligini,ular
bir kishi ekanligini aytdim. Potti jahl bilan to‘xtadi: -Agar
u bitta yigit bo‘lsayam, to‘ying haqida bilib, seni tinch qo‘yadi. Meni
tushun, ikki opam aqlli, odobli bo‘lib eshikka qarab, sovchi kutib
o‘tiribdi. Vaqt esa ularning umriga har yili bir yil qo‘shib ketyapti.
Qarabsanki, yigirma beshdan oshib, "o‘tirib” qolganga chiqyapti. Hademay sovchi kelsayam beva erkaklardan keladi. Gulijon, meniyam tushungin. Ayam folbinga borgandilar. "Avval uchinchi qiz erga tegib
ketadi. Keyin kattalariniyam yo‘li ochilib, tengini topadi” -deb
aytibdi. Balki shu yigit meni baxtimdir, xalaqit berma. Sen ularni
chalg‘itib turasan,men borib gaplashaman. Hojatga borib, kelishsin, -deysan, Sitti bilan boraman. Bildingmi, endi mendan uzoqroq yur, kuyov bo‘lmishning yoniga bor. Ular telefon qilishi kerak. Agar u bilan ko‘rishmay, Toshkentdan ketsam, seni dugonam emas, dushmanim deyman. Opamlardek "o‘tirib qolsam” seni qarg‘ab o‘taman. Agar aldamchi bo‘lsa, aloqani uzib, boshga tushganini ko‘raveraman. -O‘zing bilasan. Men seni ogohlantirdim. Undan ortda qoldim. Bahrom akam yetib kelib, tinchlikmi, nimani bo‘lisholmayapsilar, -dedilar. Nima deyishimni bilmay qoldim. -Pottini sal ko‘ngli behuzur bo‘lyapti, shekilli, -deb qo‘ya qoldim. -Qadamlari ildam-ku. -Bir narsadan quruq qolayotgandek buncha hovliqadi, dugonang? O‘g‘riga o‘xshab atrofga olazarak bo‘lgani-nichi? -dedi Shavkat aka
gapga aralashib. Biz ko‘l bo‘yiga biroz to‘xtadik. Kun issiq, soat
to‘rtdan o‘tayotgan bo‘lsayam, oftob avjidan tushgani yo‘q. Hamma yoqda
cho‘milayotgan erkaklar. Ayollar ham yo‘q emas. Uris momolar bemalol
cho‘milib,dam olib o‘tiribdi. Maza. Men ham bir kalla tashlab chiqsaydim.
Ammo ochiq joylarda hech suzmaganman. Shavkat aka "Bahrom, bir
cho‘milib chiqmaymizmi?. Odam suv terga tushib ketdiku” -dedilar. -Biz hojatxonaga borib kelamiz,-dedim Pottiga rahmim kelib. -Burchakka qarab boringlar, ana, strelka bilan ko‘rsatilgan, -dedilar Bahrom akam atrofga alanglab. So‘ng biz o‘sha yoqqa yo‘l tortdik. Birdan
Pottiga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Potti borayotgan joyimizni aytdi. Men ham
o‘sha yigitni bir ko‘rib, yuziga tarsaki tortsammi, hali u ikkimizgayam
o‘yin qilayotganini sezib qolganimizni bilmaydi. Bir boplasammi, degan
xayolda ularga ergashdim. Bir o‘zim qolib, erkaklarni cho‘milishiga
qarab o‘tiramanmi, degan istihola ham meni ularning ortidan
ergashtirdi. Endi men ham hayajonlana boshladim. Mutlaqo tanimaydigan
yigit bilan gaplashish qiyin-da. Biz imillab, bir-bir qadam tashlab
yetib borgunimizcha xiyobonning chap tomonidan ikki yigit tez-tez
yurib, yo‘l boshiga keldi. Oramizda masofa yuz qadamlar chamasi
qolganida ikkalasi ham bizga yozgan kiyimda ekanligini bildim. Ikkalasi ham qorako‘zoynak taqqan. Demak ular ikkita. Potti "ko‘rdingmi” degandek istehzo bilan qaradi. -Guli,
agar shular bo‘lsa bizga uylanmaydi. Juda olifta yigitlarmi, deyman,
-dedi issiqdanmi, qo‘rquvdanmi yuzlari bo‘g‘riqib ketgan Potti. -Nima?
Sila birov bilan til biriktirdinglarmi? O‘sha sotkadagi yigitmi,
ikkalang talashib, bir-biringni go‘shtingni yeyishga tayyor bo‘lgan. Men uzoqroqda turaman. O‘lay agar, qo‘rqyapman. Guli, Bahrom aka bilsalar seni yamlamay yutib, meniyam dadamga aytib beradilar. Meni ham oyog‘im tortmay qoldi. Orqamdan kuzatib turgan bo‘lsalar, nima deyman. Sotkada tanishuvdik, uzil-kesil qilishga kelgandim,
desam. Yuzimga bir tarsaki tushgandek bo‘ldi. Ortga qaytmoqchi bo‘ldim.
Biroq, biz yetib kelgandik .Faqat Sitti orqada qolgandi. Shuncha
shoshilgan Pottiyam o‘zini noqulay sezib, to‘xtab qoldi. Vaziyatdan
chiqish uchun men yo‘lni "J” deb yozib qo‘yilgan tarafga burdim
va shitob bilan keta boshladim. Orqada qolgan Sittiyam chopib keldi .
Qadam tashlashi boshqacha bo‘lib, yurgan yo‘lida qoqilib ketgudek
bo‘layotgan Pottiyam menga ergashdi. Agar Bahrom akam ko‘rib turgan
bo‘lsalar, kirib ketganimizni ko‘rib, xotirjam bo‘ladi, degan o‘yda
biram yengillashdimki. Ichkarida bemalol pardoz qilib oladigan sharoit
bor ekan. Ayollar biri upa, biri surma surtib, oyoq kiyimlarini artib
olyapti. Men jumrakni buradim-u, muzdek suvga yuzimni yuvdim. Yuragim
tez-tez urayotgandi. Pichi meyoriga keldi. Pottiyam yonib yotgan
yuzini yuvdi. Sitti shatagini changini artish uchun egildi. Shu payt
Pottining sotkasi jiringladi. U gaplashayotganda ovozini baland qiladigan
tugmasini bosdim. Potti bir olayib qarab, o‘rtamizda tutib
turdi."Fotimaxon, men sizni tanidim. Xayolimdagi, orzuyimdagi qiz
ekansiz. Sizlarga noqulay bo‘lmasligi uchun narigi binoning orqa tarafida
turamiz. Hayoli qizlar ekanligingiz bilinib turibdi. Bir o‘zingiz
cho‘chisangiz, dugonalaringiz bilan keling, yana qo‘riqchilaringiz mahallada
gap-so‘z qilmasin. Bilamiz, dugonangiz unashtirilgan. Shundayam do‘stim
bir gurunglashmoqchi. To‘yni qaytara oladimi, yo‘qmi bilmoqchi.
Iltimos, orqa tarafga kelinglar. Biz ham o‘zbekmiz. Qiz bolaning
or-nomusi qanchalik muqaddas ekanligini tushunamiz. Ikki minut vaqtlaringni qizg‘onmanglar. Telefonni o‘chirib qo‘ydik. -Ahmoqlik qilibsan, Potti. Endi ortimizdan ergashsa, ular nima deydi . Shu yerning o‘zida dumingni kes. Bizga ergashmasin, -dedi Sitti achchiqlanib. -Bir o‘zim borolmayman. Yonimda turib turinglar. Mengayam afti yoqmadi. Boshqa rasm yuborgandi. Bo‘yiyam kalta ekan. Kaltabaqay yigitlar mengayam yoqmaydi. Ko‘zlariyam bejo. -Sitti to‘g‘ri aytyapti. Agar ortimizdan borsa, olishuv bo‘lib ketadi. Yana ismimizniyam biladi. Sharmanda bo‘ladigan bo‘ldik, - dedim xavotirlanib. O‘zimizni tutib olib, narigi binoning ortiga bordik. -Potti qayt qildi, deb bahona qilamiz, -dedi Sitti. Orqadan biroz yursa, xiyobonning yana bir chiqish darvozasi bor ekan. Orqada mashinalar qatnab yotibdi. Sal narida-to‘g‘araning ortida oynasi qoraytirilgan inomarkaga ko‘zim tushdi. Dadam ham "inomarka” moshin olaman, deb niyat qilib yurgandilar. Ularning yoniga yetib bordik. Rosa suvsagandim. Gapiraman desam, tilim tanglayimga yopishgandek bo‘lib, tomoq qirib qo‘ya oldim, xolos. Potti o‘sha shoshma-shosharligi bilan tutilib gapirdi: -Meni tinch qo‘yinglar. Uzoqqa tegmayman. Boshqa bezovta qilmanglar. Xayr. -Qizlar,
shuncha yo‘ldan shuni aytgani keldiylami, sal nafas rostlaylar. Mana,
"kola”. Qo‘limizdan choy ichmasaylar, bir qultumdan shu suvni ichinglar. Bu - ham tanishuv, ham xayrlashuv bo‘ladi. Boshqa bezovta qilmaymiz. Ulardan shu yo‘l bilan qutulganimizga shukur qilib, suvsab turganim uchunmi "mayli” dedim. Ulardan biri cho‘ntagidan kichkina plastilin quti olib, og‘zini ochib bir silkigandi stakanchaga aylandi. Ko‘pirib turgan "kola”ni menga uzatdi.
Davomi bor...
Hafiza Egamberdiyeva
|