SHERLAR.BIZ Dushanba, 30.12.2024, 19:17
Приветствую Вас Mehmon | RSS
Меню сайта
Категории раздела
Latifalar [11]
Primyeralar [12]
Mobil telfonlar [197]
Sevgi dunyosi [826]
Qo'shiq matni [94]
Texnogoliyalar [98]
Kino yangiliklari [71]
Jahon yulduzlari [58]
Dunyo xabarlari [706]
Salomatlik sirlari [13]
Sport yangiliklari [589]
O'zbek yulduzlari [130]
Shou biznes olami [575]
Foydali maslahatlar [253]
Taomlar retseptlari [6]
Yulduzlar biografiya [59]
Qiziqarli malumotlar [697]
O`zbekiston Yangiliklari [641]
Munajjimlar bashorati 2017, 2018, 2019 / Мунажжимлар башорати 2017, 2018, 2019 [0]
Yangi qo'shiqlar 2017, 2018 [0]
Yangi mp3lar 2017, 2018 [0]
25-May bitiruvchilar kuni uchun she'rlar [1]
Ramazon tabriklari / Ro'za haqida she'rlar tilaklar [1]
Onalar haqida juda tasirli she'rlar / Manoli / Mazmunli [1]
Do'stlik haqida sherlar / Yaxshi va yomon do'stlar haqida she'rlar to'plami [1]
Наш опрос
Sayt haqida fikringiz
Всего ответов: 286
Мини-чат
Статистика


Hozirda saytda: 12
Mexmonlar: 12
Foydalanuvchilar: 0
Главная » 2013 » Iyul » 19 » Osmonning oxiri
23:20
Osmonning oxiri
Osmonning oxiri qayerda, dedim bir donishga. U miq etmadi. Menga juda yoqdi bu javob.
Osmonning oxiri yo‘q, axir! Irmoqning oxiri daryo. Daryoning oxiri dengiz. Osmonning esa oxiri yo‘q.
Yo‘l chetida yumalab yotgan toshni tepdim. Toshdan sado chiqmadi. Xudoga soldim, degani bu.
Olma shohiga osilib devorga chiqdim. To‘kilgan meva qumursqalarga ermak bo‘ldi. To‘kilgan devor tuprog‘i esa gunohimga gunoh bo‘lib qo‘shildi. Tunda paxsakash chol tushimga kirdi. Mening shirin uyqum buzildi. Xuddi eski devor buzilganiday…
Uyquning oxiri – o‘lim. O‘limning oxiri esa yo‘q. Bo‘lsa ham hech kim unga yetgan emas. Axir o‘lim bu hamma narsaning oxiri-da. Odamning umri goho yerda yotgan qog‘ozcha ham emas.
Ertalab ishga ketayotib ko‘rgan qog‘ozingni kechda qaytishda ham ko‘rishing mumkin. Ertalab ko‘rgan odamni esa hamisha kechqurun ko‘ravermaysan.
Chumoli chumolini o‘ligini tashiydi. Biya qulunidan ko‘z uzmay o‘tlaydi. Oqibat faqat odamlarda yetishmaydi. Yer odamni boqadi. Kiyintiradi. Odam esa uni bir kunda sahroga aylantiradi. Suv odamning mardikori: hosil beradi, tegirmon yurgizadi. Odam uni o‘ylamaydi. Dunyodagi hamma narsa odamga yaqinlashishi bilan o‘zligini yo‘qotadi. Odam odamga yaqinlashganda ham topganidan yo‘qotgani ko‘proqdir…

Oftob qayerga botadi, deyman bobomga. Osmonning oxiriga, deydi u. Oftob osmonning oxiriga borib botmaydi, balki yig‘laydi. Dunyodagi barcha yo‘llarning oxiri – yig‘i. Dunyoning oxiri – qiyomat ham yig‘i. Odam yig‘i nimaligini anglab yetguncha yaqinlari olamdan o‘tgan bo‘ladi.

Ko‘rpangga qarab oyoq uzat, dedim o‘zimga o‘zim bir kuni. Keyin o‘ylanib qoldim. Kim aytgan ekan bu gapni birinchi marta. Ehtimol, Odam Ato Momo Havoga aytgandir. Yo`q, bu yaqin kishilar bir-biriga aytadigan gap emas. Bu gap ko`rpasi bir odamlarning gapi emas. binobarin, Odam Ato bilan Momo Havoda ko`rpa ham nima qilsin?.. Ibtidoiy odamlar teri yopinib yotishgan. Qullarning ko`rpasi tuproq bo`lgan. Feodallar ko`rpa talashishmagan. Demak, bu ham kapitalizm illati!

Chaqaloq uchun hamma narsaning boshi-oxiri Ona ko`kragi. Oftobni chaqaloqqa o`xshatish mimkin bo`lsa, uning boshi osmonning ko`ksida. Xo`sh, Osmonning boshi kimning ko`ksida? Tog`larning boshi Yerning ko`ksida. Yerning boshi-chi?.. Bilmayman. Bilmaganimdan hijolat ham emasman. Bu yorug` dunyo aslida "bilmayman” degan so`zdan iborat. Men qachon tug`ilganimni aytib berishgan. Men qachon yurishni o`rganganimni yolg`iz onam biladi. Qachon tilim chiqqanini ham. Men birinchi she’rimni qachon yozganimni o`zim bilmayman. Xo`sh qani kim aytadi, oxirgisini qachon yozaman?..

Bilib turib birovga ozor berishdan yomoni yo`q. O`zing ham bilmasdan birovga yaxshilik qilishdan ortiq yaxshilik yo`q. She’r yozish ham o`zing bilmay birovga yaxshilik qilishdan gap. Haqiqiy she’riyat hamisha oyoq ostida. Misralar qulunlar kabi tuproqqa ag`anab yotishibdi. Tur, toychoq, chopamiz, desang bas. Biz har zamon bir oyoq ostiga boqib she’r topamiz. Keyin uning changini qoqamiz va qancha ko`p yuksak — shuncha ko`p she’r yo`qotamiz… Barcha buyuk zotlarning buyukligi ham hokisorligidir!

Men hozir Yerni ushlab to`xtataman. Nega tinmay aylanaveradi u? Nahot zerikmagan bo`lsa? Yerning oxiri qayda? Tasavvurnichi?.. Aniq raqamlarni jinim suymaydi. Uchburchaklar — tasavvur qafaslaridir. Xayol cho`mog`i qisqa zotlarning umri ham qisqadir. Mashaqqatning oxiri rohat. Rohatning oxiri yana mashaqqat. Kunning oxiri tun. Tunning esa oxiri yo’q. Bir og`iz sovuq so`z bilan diling yana zimiston. Loaqal, bir kungina kechgacha baxtli bo`lib yurgan odamni topib ber-chi menga!

Siz ming mashaqqat bilan chiqqan cho`qqida kapalak ham bor. Qumursqa ham yashaydi. Sizning bu yutug`ingiz ular uchun oddiy bir turmush tashvishi. Ular kunda-shunda. Men hidlab to`ymagan bedani biya qasirlatib chaynaydi. Yalpizni suv oqizib ketadi. Men ko`zimga surtgan suvda qurbaqa cho`miladi. Momaqaldiroq dunyoni boshiga ko`tarib hayqiradi. Yulduzlar qo`rqib qochib qolishadi. Bulutlar yig`lashga tushadi. Yer yuzida qo`ziqorinlar tug`iladi. Har qanday hayqiriq so`nggida nimadir dunyoga keladi. Nimadir dunyodan ketadi. Kulib gul ochiladi — yig`lab shabnam to`kiladi. Daryo toshadi — tog` nuraydi. Kelin xo`rsinadi — yanga ermak qiladi…

Odam dunyoga bir marta keladi. Shu bir kalima soz` bilan qancha savob ishlar qilish mumkin. Shu bir kalima so`z pinjida qancha gunohga botish mumkin. Bu gapni qari qiz aytsa , yig`laging keladi. Satanglar aytsa, ensasi qotadi odamning. Qo`y o`sha sevgi-pevgingni, ajrashinglar, deydi boyvuchcha ona qiziga. Odam dunyoga bir marta keladi! Seni bir haftada onasi o`pmaganga uylantirib qo`yaman-e, deydi takabbur ota o`g`liga: Ajrash. Odam dunyoga bir marta keladi!

…Olisga qatnovchi avtobus haydovchisi yo`l bo`yi xayol surib kelayotganimni ko`rib, meni gapga soladi. Ha, yigit. Muncha o`ychansiz, sevib qoldingizmi? Men indamayman. Sevgi yo`q, deydi u jahlim chiqqanidan huzur qilib. Sevgi suvga tushib ketgan. Tohirning sandig`ida… "Qalay, bopladimmi?” Bu — uning qovoq yuzidagi nim tabassum. Men undan qutulish uchun jilmaygan bo`laman. U buni o`zicha tushunadi. Endi nasihatga o`tadi: Xafa bo`lmagin-u, bo`shang yigit ekansan, og`ayni. Shunaqa xayol surib yuraversang, xotinsiz qolasan. — O`zingiz sevib uylanganmisiz? Savolim unga yoqmaydi. Shubhalanib bir qarab oladi. Va iddao bilan: Bo`lmasam- chi! Sevgan qizimga uylanganman, deydi. — Axir, sevgi suvga tushib ketmagan-ku, deyman. Tohirning sandig`ida. U endi eshitmaganga oladi. Men hozir chambarakni sherigimga berdim, dam olmoqchiman, deydi. Keyin yana qulog`imga shivirlaydi: xafa bo`lma, ustident, hazillashdim. Osmonnig oxiri qayerda, deyman unga jiddiy. U, hech narsani tushunmadim, degandek yelka qisadi. Mana, u shunday yuragimning yonboshida xurrak otmoqda. Men uni uyg`otib yuborishdan qo`rqaman! Mudroq bosgan dilim, Aytaman bir sir, Tangri uyquni-da Pallada tortar. Uyqu – ham Nasiyaga berilgan umr, Uyqung ortgan sayin Qarzing ham ortar…

Mening iste’dodli shoir do`stim nihoyat bir qizni sevib qoldi. Biz bugun birga kinoga boramiz. Men bo`lajak kelinning dugonasini zeriktirmasligim kerak. Salomlashamiz. Ya’ni, mana bunday: ular mening hali ham qurib ulgurmagan yaltiroq bo`yinbog`imga qarab jilmayib qo`yishadi. Bu — qalaysiz, degani. Men ularning belidan yuqorisi nafis ko`ylaklariga qaray olmay xo`rsinaman. Qizlar shoir og`aynimning ozg`in bo`yniga ishora qilib qiqirlashadi. Ularni bir amallab Eskijuvaga topshirib, tangalarimizni jaranglatib metroga chopamiz. Do`stim mening yoqamga yopishadi: Qalay bizning qalliqcha? Bo`lmaydi, deyman. U seni istagan kuni tashlab ketishi mumkin! Qishlog`ingga ket , deyman. U ketadi. Uyiga emas — Uzoq Sharqqa.

Keyin uyoqdan menga xatlar kela boshlaydi. Ayo, do`stim, osmonning oxirini topdim. Osmonnig oxiri Uzoq Sharqda — dengizning yoqasida ekan!.. Shoir yarim yildan so`ng, yarim kechada ustimga bostirib keladi. Kayfi taroq — egniga charm kurtka. Cho`ntak to`la pul. Uyni baliq hidi tutib ketadi. — Bilasanmi, Nilu – (Nilufar) erga tegayotganmish. To`yiga taklifnoma yuboribdi… To`yga bormaslikka ko`ndiraman. U tuni bilan uxlamay yozgan she’rini konvertga joylab bevafo qalliqchasiga jo`natamiz. Shoir Uzoq Sharqdan faqat baliq hidi emas, yangi maqol ham olib kelgan edi. U deyarli har kuni mendan so`raydi: Nega men seni o`zimga do`st tutdim, bilasanmi? Kim uchundir jonimni berishim mumkin bo`lishi uchun!.. Odam dunyoga bir marta keladi, do`stim…

Keng bir o`tloq bo`lsa. Atrofing ko`m- ko`k maysa. Osmon tip- tiniq. Maysaga yastanib yotsang-u… o`lib qolsang! Bedazorda ana shunday xayol surib yotsam, qanotlari oppoq bir kapalak kelib yelkamga chordona qurib o`tirib oladi. Salom, og`ayni. Nega kayfiyating yomon? Charchadim, dedim unga. Yashashdan charchadim. Kapalak bir xo`rsinib jo`navordi. Qiziq, unda ham bola- chaqa bormikin? Kapalakning kapasi qayerda? Nega shunday ojiz va nafis jonzot ham odamdan yuqorida uchib yuradi. Baquvvat va vazmin narsalar hamisha oyoq ostida bo`lishadimi? Demak, odam ogi`r- bosiqligi uchun xormi? Yengiltak va xushomadgo`y kimsalarni shuning uchun oshig`i olchi ekan-da… "Fikrlaringizni jilovlab oling, ular hamma narsaning boshlanishidir”. Haligi kapalakning qanotidagi yozub bu. Tanishganimdan xursand edim. Tongda men uni bog`da ko`rdim. Atirgulning shoxida. Kechagi tushkun holatim uchun uyaldim. Uzr so`ramoqchi bo`ldim. Ammo kechidim. Atirguldan yumaladi kapalak, Bir silkinib qo`ymadi ham gul shoxi. Jon talashib, qum yaladi kapalak, Ko`chdi mening ko`ksimga ham titrog`i. Men undan Osmonning oxiri qayerda deb so`ramoqchiydim. Axir, buni faqat o`sha qanoti ojiz qush bilishi mumkin edi-da…

Osmon hech kimga qaramaydi. Bulutlarning ham egasi yo`q. Hech kim quyoshni ham meniki, deb ayta olmaydi. Agar shunday da’vogar topilsa, uni devonaga chiqarishadi. Xo`sh nega odamlar yerga egalik qilishadi. Atrofini o`rab olishadi- da, bu yer meniki, deyishadi. Yer talashib bir-birini o`ldirishadi. Menga ayting-chi, bahorning egasi kim?.. Boychechakning boshlig`i, binafshaning xo`jayini-chi?.. Ekkaningni o`rasan. Ekmaganingni esa, ko`rasan, xolos. Men bolaligim o`tgan joylarni o`zgarib ketishini istamayman. Men kimdir o`tinga mo`ljallab qo`ygan qadrdon shotutni odamni sog`ingandek sog`inaman. Tollar bilan quchoqlashib so`rashgim keladi. Xuddi qizlarni quchoqlagan singari. Agar shu gaplarni beda qorovuli eshitsa, xiringlab kuladi. Kel, deydi, ana dala to`la qoratol, xohlaganingni quchoqla, istaganingcha o`p: Gorko! Osmonning oxiri esa, yalpizning yelkasida. Bir yelkasida. Uning boshqa yelkasi to`la sog`inch, muruvvat, muhabbat. Agar shu gaplarni beda qorovuli eshitsa…

Osmonning oxiri qayerda, dedim men suygan qizimga. U mening peshonamni ushlab ko`rdi: issig`ing yo`qmi, ishqilib… Savolimni takrorladim. "Osmonning oxiri qaydaligini bilmadim-u, lekin do`konga sariyog` kelganmish. Agar mumkin bo`lsa, bir g`ayrat qilsalar…” Hech iloji yo`q, dedim. Ulug` ishlar bilan bandman. Hali uylanmasimdan ish buyuradi. Ayol zoti, agar unga ishqing tushganini sezib qolsa, burningni yerga ishqaydi. Qaysi dono bobokalon aytgan edi bu gapni? Ammo kimnidir sevmasdan ham yashab bo`lmaydi. Osmonnig oxiri esa yo`q. Bo`lsa ham menga nima? "Nega allaqanday taka turkmanlarni maqtaysan? Mening qayerim kam ulardan?..” Ko`ylaklari bilan ko`chalarni supurib yurgani uchun yaxshi ko`raman, bildingmi? Osmonning oxiri turkman qizlarning uzun yenglarida. Ular qo`llarini ko`targan joyda ko`k tugaydi. Qo`llari quyoshni to`sib qo`yadi… Qiziq, o`zi umrimda bironta turkman qiz bilan ko`rishmaganman. Tiliga ham tushunmayman. Lekin yaxshi ko`raman. Axir, xudoni ham yuzini bir ko`rmay turib yaxshi ko`radi-ku, bandalari. Muhammad ham uning bandasi. Uning va muhabbatning bandasi.

Vokzal qayerdan boshlanadi?.. Vokzal — chiptaxonadan. Tayyoragoh — pasportni izlashdan. Xo`sh, bozor-chi, bozor qayerdan boshlanadi? Hazilkashroq kishi cho`ntakni kavlashdan, deyishi mumkin. Jiddiyrog`i xomcho`tdan, deydi. Hammasi to`g`ri. Chunki bozorga hamma har xil xayolda boradi- da. Kimdir shunchaki zerikib. Kimdir dam olish uchun. Birov to`y taraddudi ila. Xullas, bozorga hammaning o`z so`qmog`i bor. Menimcha, bozor darvozadan boshlanadi. O`z darvozangdan chiqib, xarid qilishni ko`zlaganing bozor darvozasidan xatlashinga hamon o`garadi-qoladi. Bozorda, ayniqsa, Sharq bozorida, o`zingga qo`shilib yana bir juft qo`l cho`ntagingga kirib chiqayotgandek go`yo. Bir zumda non ushoqlariga qo`ling tegib qoladi. Koreys kampirning xushbo`y karamlaridan totib ko`rish hissi paydo bo`ladi. Arab qizlarining yuzlaridek lo`ppi xurmolar yonidan ko`z yumib o`tib ketolmaydi odam. Tarvuzlar o`zlari yumalab oyog`ing ostida o`yinga tushadi. Navbatda turib g`irt suyak go`sht olasan. Ichinda esa "meni tanidi, suyak qo`shmadi”, degan yolg`on tasalli. Inqillab avtobus bekatiga kelasan. Shundagina uydan olib chiqqan maoshing yodga tushadi. Yopiray, nahotki barini ishlatdim?.. Xurmoni nega oldim? Tarvuz uyda bor edi-ku! Ana shunaqa gaplar. Xo`sh, bozor qayerdan boshlanar ekan? Bilmadim, bilmadim. Bilganim — bozor nima bilan tugashi. Xotin ila janjal bilan tugaydi.

…Oltiariqlik turpfurush choldan so`radim. Otaxon, bilmaysizmi, osmonning oxiri qaterda? Chol meni imlab yoniga chaqairib olib, qulog`imga shivirladi: Torozixonda, bolam!..
Категория: Sevgi dunyosi | Просмотров: 916 | | Теги: Osmonning oxiri | Рейтинг: 5.0/3
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Вход на сайт
Поиск
Календарь
«  Iyul 2013  »
ПнВтСрЧтПтСбВс
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
293031
Архив записей
Друзья сайта
  • Официальный блог
  • Сообщество uCoz
  • FAQ по системе
  • База знаний uCoz
  • Copyright MyCorp © 2024Хостинг от uCoz