Chol qishloq chekkasidagi chog‘roqqina hovlida yolg‘iz kampiri bilan yashardi. Buvimning aytishicha, ular qishlog‘imizga "musofir” ekan. Lekin qachon va qaerdan kelib qolishgani hanuzgacha menga qorong‘u. Har holda, esimni taniganimdan buyon ular shu yerda edi. Tundligidanmi yoki to‘y-hashamlarga kam aralashganidanmi, chol odamlar nazaridan chetda qolgandi. Uylarida biron — bir ma’raka qilinganini eslolmayman. Cholning to‘yi ham, farzandi, oshna-og‘aynisi ham o‘z chorbog‘i edi. Negaki bu bog‘ kichkina "jannat” edi. Bog‘da ertapishar gilosdan tortib, mazasi bolni dog‘da qoldiradigan zarg‘aldoq shaftoli-yu qrimning til yorar olmasi, noyob qora anjir, ta’mini ko‘pchilik unutib yuborgan nashvatigacha pishib yotar, bu yerga mazaxo‘rak chug‘urchuqlar kabi biz ham kech kuzgacha parvona bo‘lardik. Kampir cholning butunlay teskarisi: serharakat, jikkakkina, rahmdil ayol edi. Bu ayolni butun mahalla yaxshi ko‘rardi, chunki u odamlar orasida tabibligi bilan anchagina mashhur edi-da. Qaysi o‘simlik qanday dardga davo ekanligini yaxshi bilardi... Bir marta, yetti yoshlarda bo‘lsam kerak, chechak bilan qattiq og‘ridim, hatto ko‘zim yumilib qoldi. Oyim yig‘lab borib, shu kampirni boshlab chiqdilar. —Voy, o‘zimning polvon bolam-ku bu. Men ataylab bir qultum suv olib keldim, shuni ichsa Alpomishday bo‘lib ketadi, ko‘zi kunduzi yulduzni ko‘radigan bo‘ladi. Men kampir og‘zimga quygan suvni ichib yubordimu, achchiqligi alam qilib, yig‘ladim, kampirni so‘kdim. Lekin kechga borib issig‘im tushdi, ko‘zim ham ochildi. Keyin bilsam, u menga chuvalchangni ezib ichirgan ekan. Kampir bizni bog‘ida, daraxt tepasida ko‘rsa ham ko‘rmaganga solar, cholining sharpasini sezgan zahoti "chug‘urchuqlar”ni haydab, bizni ogohlantirardi. U chug‘urchuqlarni koyishi bilan biz daraxtdan tushib, ura qochardik. Bir gal qiziq bo‘lgandi. Akrom, Islom, Ikrom, Odiljon mollarimizni soyaga solgach, Tolariqda maza qilib cho‘mildik. Tolariq — qishlog‘imiz etagidan o‘tadigan kattagina soy. Soyning har ikkala qirg‘og‘idagi azamat qoratollar suvga tangadek oftob tushirmaydi. Suv hatto qoq tushda ham muzday bo‘ladi. Balki shuning uchun soyni "Tolariq” deb atashgandir. Tolariqning chap qirg‘og‘i "Changal ota” mozori bilan tutashib ketgan. Mozorga kiraverishda, shunday soy bo‘yida ikki xonali masjid joylashgan. Masjid atrofi gir aylana bog‘. Har kuni bog‘da kuymalanib, goh daraxtlarni butab, goh o‘t o‘rib yuradigan masjid qorovuli, go‘rkov Qurol amaki ovqatlangani uyga ketganmi yoki issiqdan qochib ichkarida uxlab yotibdimi, ko‘rinmadi. Masjid sahniga soya solib turgan ishkomdagi kishmishlar qop-qorayib pishgan. Mozor haqida har xil vahimali gaplarni eshitganimizdan, qornimiz o‘lguday och bo‘lishiga qaramay, u tomonga o‘tishga yuragimiz betlamaydi. —Yaxshisi uyga ketamiz. Shundoq bug‘doyzorni kesib o‘tsak, Jumavoy cholning bog‘idan chiqamiz. Yaltiroq o‘rigi shig‘il pishib yotibdi, - dedi Ikrom. Yo‘lga tushdik. Oftob naq peshonadan olov sochadi. Dala o‘rtasidagi bahorda kallaklangan tutlarning yangi chiqqan novdalari yerga soya tashlashga ojiz. Bug‘doyzorning doni o‘rilib, somoni yig‘ishtirilib, o‘rni yoqib yuborilgan. Gir atrofimizdagi zamin qop-qorayib dilga g‘ashlik soladi. Qilt etgan shabada yo‘q. Bir yoqda qornimiz ochib, ichlarimiz quldiraydi, tomog‘imiz tashnalikdan quriydi. Oyog‘imni arang sudrab bosayotganim uchun yo‘l unmaydi. Birortamizning gapirgimiz kelmaydi. Hamma tezroq o‘ziga ohanraboday chorlayotgan Jumavoy cholning bog‘iga yetib olishni o‘ylaydi. Nihoyat, bog‘ etagidagi omonatgina paxsa devor qarshisidamiz. Devor mol-hol kirib ketmasligi uchun nomigagina qo‘qqaytirib qo‘yilgan. Beldan keladi, bir sakrab, oshib o‘tsa bo‘ladi. — Vuy, anavuyoqqa qaranglar, - pichirladi Ismoil, - chol-kampir qish bo‘yi olma qoqi shimadi shekilli. O‘sha yoqqa o‘girildik. Devor chetidagi supa ustiga to‘shalgan bo‘yraga olma, pomidor qoqi yoyib qo‘yishibdi. Og‘zimning suvi qochdi. — Qishni kutib o‘tirishga vaqtim yo‘q, men uni hoziroq yeb qo‘ya qolaman, - devorga tirmashdi Odil. Ko‘z ochib yumguncha supa oldida paydo bo‘ldik. Olmani uch-to‘rt kun oldin yoyishgan shekilli, tuppa-tuzuk qoqiga aylanibdi. Ammo, pomidor endigina so‘liy boshlagan, mazasi ko‘ngilni aynitadi. Bog‘ ichi jimjit. Boyagi do‘zax azobidan so‘ng bu yerdagi salqinlik, jambil-rayhonlarning xush bo‘yidan ko‘nglim yayradimi, tanam bo‘shashib, supa chetiga sekin o‘tirib oldim. Allaqaerdan suvning shildirashi eshitildi... —O‘ldik, chol anjirlariga suv quygan ekan, hozir kelib qoladi, - vahima qildi Ismoil. Ammo, hech kim uning gapiga parvo qilmadi. Chunki Ikrom ham, Odil ham, Akrom ham allaqachon daraxt tepasiga chiqib olishgandi. Men esa shu yerda uxlashga tayyor edim. Shu dam uzoqdan kampirning "chug‘urchuqlar”ni haydagani eshitildi. Men "atas” dedimu, bir siqim olma qoqini changallagancha qochib qoldim. Bolalar ham daraxtdan gup-gup tashlab, orqamdan yugurishdi. Ammo, baqaloq Akrom ulgurolmadi. U ko‘zini chirt yumganicha joyida turaverdi. — Ha, qo‘lga tushdingmi, quyon,- jahl bilan unga yaqinlashdi chol. Shu chog‘, yetib kelgan kampir joniga oro kirdi. — Akromjon, bo‘ldi bolam, baraka top. Buyog‘ini buvang ikkalamiz yig‘ishtirib olamiz, - Akromga ko‘zini qisdi kampir, keyin choliga yuzlandi, - Akromjonni o‘rtoqlari bilan yordamga chaqirgandim. Ammo o‘rtoqlarining vaqti yo‘q ekan. Bir o‘zi bo‘lsa ham kelaveribdi, baraka topgur. Anavi qirmizi olmangiz o‘lgur to‘kilib ketayapti, o‘ziyam boshini yeb solgan ekan. Men tepaga chiqolmasam, shu bola bilan ikki chelak terib, qoqi qilib qo‘ydik, - deb Akromning qo‘liga to‘rtta olma tutqazdi. — Hamma ayb sen valatida, o‘g‘lingning ham doim yoniga tusharding, mana yuz o‘girib ketdi, - chol shunday deb kampiriga o‘dag‘aylayotganida Akrom jo‘navoribdi. Darhaqiqat, u juda qattiqqo‘l bo‘lib, biror marta ham kulganini ko‘rmaganmiz. U ham kampirdek miqti, o‘rta bo‘y, kichik ko‘zlari atrofga ziyrak boqadigan, yozda ham to‘n kiyib, etaklarini qiyig‘iga qaytarib qo‘yadigan sersoqol chol edi. Qulog‘iga esa hamisha rayhon qistirib yurardi. Mening o‘sha rayhonga ham rahmim kelar, nazarimda bechora qaltirab ketayotganday tuyulaverardi. Balki chol hamisha ham tund yurmagandir. Biroq har gal uni eslaganimda ko‘z oldimda shu qiyofada gavdalanadi. — Hoy tirrancha, tishingda danak chaqma, kemshik bo‘lib qolasan. — Nega daraxtga osilasan. Ko‘ylagingni yirtding-ku, darmoyad! — O‘q tekkan qarg‘aday namuncha qag‘illading, quloqni teshvording-ku! — Tuproq kechmasang-chi, sho‘rlik oyoq Xudoga nima yozibdi? — Mashina yo‘lga tosh tashlama betamiz, g‘ildirakka tegsa qaytib o‘zingga sapchiydi! — Tepishga boshqa narsa qurib ketganmi, nega papkani tepasan, kitob uvol-ku! - kabi dag‘dag‘a va po‘pisalarini deyarli har kuni eshitaverib, yodlab olgandik. Bu gaplar jahlimizni chiqarib, o‘chakishtirar, ataylab cholning jig‘iga tegadigan ishlar qilardik. Mahalla bolalari uni orqadan "Jumavoy xarxasha”, deb chaqirardik. Nega "mag‘zava” deganimizni hanuzgacha ham tushunmayman. Balki, hadeb bir xil tanbeh beravergani uchundir. Aslida bu do‘q-po‘pisalar zamirida bizga nisbatan otalarcha mehr, ardoq borligiga bolalik shuurimiz yetmagan ekan. Cholning uyidan sal berida qishloq dorixonasi, bolalar bog‘chasi joylashgandi. Binolar arofidagi dov-daraxtlarni, bog‘cha hovlisidagi toklarni ham shu chol ekkan, deyishardi. Har tong maktabga o‘tayotganimda u bog‘cha atrofini supurayotgan yoki qo‘lidagi tok qaychisi bilan hali gulzor, hali ishkom orasida g‘imirlab yurgan bo‘lardi. Balki, ana shu ishlar bilan o‘ralashib tengqurlari bilan gurunglasholmas, choyxonaga esa hech qachon kirmasdi. Har zamonda kampiri damlab chiqqan yapaloq choynakdagi choyni shopirib-shopirib ichib, bo‘yniga tashlangan qiyig‘iga yuz ko‘zlaridagi terni artayotganiga ko‘zim tushardi. Nazarimda, uning ishi hamisha qistov edi. Ko‘klam paytlari. Hozirgina dadamga kavlatib olgan nok va chinor ko‘chatlarini ko‘tarib maktabga ketayotgandim, chol to‘xtatib qoldi. Bu gal u qo‘limga qarab turib: "Barakalla, bolam, yaxshi o‘ylabsan, bularni maktabga olib boryapsanmi?” , - deb so‘radi. Undan birinchi marta shirin so‘sh eshitayotganim uchun angrayib qoldim. —Daraxt ekkan odam o‘z umriga umr qo‘shadi, - davom etdi u, - xo‘p desang, chinoringni mana bu yerga o‘tqazsak, a labbay? Yo‘l usti, ikki-uch yilda binoyiday o‘sib, atrofiga soya tashlab qoladi. Nokni, mayli, maktab bog‘iga ekaver. Faqat nishonasini menga olib kelasan, kelishdikmi? Men ikkilanib qoldim. Axir o‘qituvchimiz ikki tupdan ko‘chat keltirishni buyurgandilar-da... Ketvoray desam... Chol o‘ylanib qolganimni ko‘rdi-da, belidan nosqovog‘ini olib, tilining tagiga nos tashladi. Keyin meni qo‘li bilan o‘tirishga ishora qilib, soqovlanib gap boshladi: — Men senga bir hikoyat aytib beraman. Bir kishi sahroda adashib qolibdi. Jazirama issiq, tashnalik tinkasini quritibdi. U hayotdan umidini uzib, olisga, yurti tomonga termulibdi. Shu choq ko‘zi uzoqda — atrofga quyuq soya tashlab turgan daraxtga tushibdi. To‘satdan oyoqlariga jon kirib, tomirlariga qon yuguribdi. Allaqanday kuch uni o‘sha daraxt tomon yetaklabdi. Bir amallab u yerga yetib boribdi. Salqin shabadada rohatlanib, tashnaligini ham unutibdi. Mudragan ko‘yi qushlar chug‘uriga quloq tutibdi. Qushlar yalang "Daraxt ekkanga rahmat, daraxt ekkanga rahmat” - deb sayrayotganmish. Kishining xayolidan ham shu gaplar o‘tib turgan ekan-ku, lekin qushlarning bu olqishi uning hasadini qo‘zg‘abdi. Shu choqqacha biror yaxshi ish qilmadim, na bir tup daraxt ekdim, na birovga xayr-ehson berdim. Mana shu daraxt bo‘lmaganida qumlar orasida benomu nishon yo‘q bo‘lib ketaverardim. Endi daraxt ekishga kech, yaxshisi uni ekkan odamni topib sotib olaman, toki daraxt mening nomimga qolsin. Ana shunda parranda-yu darrandalar meni duo qiladigan bo‘ladi. U shu niyatda yo‘lga tushibdi. Alqissa, so‘rab-surishtirib daraxt ekkan odamni topibdi. U qarib, munkillab qolgan, chor-nochorlikda kun kechirayotgan chol ekan. Haligi kishi cholning ko‘nglini topib, ko‘p sovg‘a-salomlar evaziga daraxtning o‘ziniki bo‘lganligi haqida xat qildiribdi, daraxt yoniga qaytib xotirjam yonboshlabdi. Shu payt qushlar xonish qila boshlashibdi. Kishi e’tibor bilan tinglasa, ular tag‘in "daraxt ekkanga rahmat, daraxt ekkanga rahmat!” deyishayotganmish. Shuncha yugurib-elgani zoe ketganini bilib peshonasiga bir uribdi-da, o‘rnidan turib ketibdi. Va shu yerda ulkan bog‘ yaratishga kirishibdi. O‘sha bog‘ hanuzgacha bor. Uni el "Haydarbog‘” deb ataydi, - hikoyasini tugatdi chol. O‘sha kuni men chinorimni shundoqqina ariq bo‘yida qoldirib ketdim. Lekin yuragimda bu badqovoq cholga nisbatan iliq mehr uyg‘ongandi. Oradan yillar o‘tdi. Nokning nishonasini yeyish unga nasib qilmadi. U o‘sha voqeadan yil o‘tar-o‘tmas olamdan o‘tdi. Kampirni esa boshqa joyda yashaydigan o‘g‘li ko‘chirib ketdi. Cholning vafotidan keyin nazarimda qishlog‘imizdan fayz ko‘tarilganday bo‘ldi. Bizning bor-yo‘qligimiz bilan birovning ishi bo‘lmay qoldi. Dorixona atrofidagi olchalarning shoxlarini sindirib ketishdi. Ayrimlari qurib, o‘tinga aylandi. Bolalar bog‘chasi hovlisidagi gulzorning avvalgi tarovati yo‘qoldi. Yog‘ tushsa yalagudek turadigan avtobus bekati endi har xil qog‘ozlar, pista po‘choqlaridan ivirsib yotadigan bo‘ldi. Jumavoy cholni qarg‘ab yuradigan, pistafurush Ro‘zi xolaning oshig‘i olchi, chunki hech kim pista sotma, deb uni urishmaydi. Xullas, qishloqning qaeriga qarama, o‘sha "xarxasha” cholni so‘roqlovchi ovoz eshitilganday bo‘ladi. Qaniydi, ro‘paramdan u chiqib qolsa, quchoqlab, bag‘rimga bosardim, ozg‘in, qaltiroq qo‘llarini ko‘zlarimga surtardim, - o‘ylayman har gal avtobusdan tushib, uning hovlisi tomonga sog‘inch bilan qarakanman. Bizni o‘ziga rom etgan bog‘ ham yo‘q endi, hovlining yangi egasi bog‘ o‘rniga dang‘illama imorat qurib olgan. Faqat huv o‘sha, ikkalamiz ekkan chinorgina savlat to‘kib turibdi. Men unga qarab shirin entikdim. U menga hali oq-qorani tanimagan bolaligimni, muomalaga no‘noq, biroq qalbi pok, sodda bog‘bon cholni eslatdi. Chinor qiyofasida uni ko‘rganday bo‘ldim. Shu chinorga, uning shabadada yengil raqs tushayotgan yaproqlariga qarab turib, o‘sha "mijg‘ov” cholning odamlar qalbida, tabiat qo‘ynida nechog‘lik katta o‘rni bo‘lganligini his qildim.
|