Google kompaniyasi 18-iyul kuni kirimlarning chorak yillik hisobotini ishlab chiqdi. Agence France-Presse xabar berishicha, oxirgi 3 oyda kompaniya tushumi 14,11 milliard dollarni tashkil etib, o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan 19% oshganini ko‘rsatdi.
Tushumning qariyb 55 foizi kompaniyaga AQShdan tashqaridagi hududlardan kirgan va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgisi bilan taqqoslanganda deyarli o‘zgarmagan. Google’ning hisobotdagi davr bo‘yicha olgan sof foydasi 3,23 milliard dollarni tashkil etdi. 1 yil oldin bu ko‘rsatkich 2,79 milliard dollarga teng edi. Qayta hisoblash natijasida bitta qimmatli qog‘ozga to‘g‘ri keladigan baho 9,54 dollarni tashkil etdi.
Google asoschilaridan biri Larri Peydj bu ma’lumotlarni ijobiy deb baholadi. U axborot texnologiyalarining shiddat bilan taraqqiy etayotganli kompaniya uchun ulkan imkoniyatlar yaratayotgani va hozirda Google insonlar hayotini yanada yaxshilash borasida ajoyib potensialga ega ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Shunga qaramay, chop etilgan raqamlar analitiklar kutganidan pastroq bo‘lib chiqdi. Ularning bashoratiga ko‘ra, bitta qimmatli qog‘ozga to‘g‘ri keladigan qiymat 10,8 dollar miqdorida deb baholangan edi. Shuning uchun ham hisobotdan keyingi bir necha soat ichida NASDAQdagi Google qimmatli qog‘ozlar kotirovkasi taxminan 4% ga pasaydi.
|