2013-yilda bozor kapitallashtiruvi bo‘yicha eng qimmat kompaniyalar reytingi tuzildi. Unga ko‘ra, ro‘yxatning birinchi pog‘onasini Apple Inc. korporatsiyasi zabt etdi. Ayni damda uning ko‘rsatkichi 415,7 milliard dollarga baholanmoqda. Bu esa o‘tgan yilga nisbatan 25,6 foizga kamdir.
Ikkinchi o‘rinni 403,7 milliard dollar kapitalizatsiya bilan Amerikaning xususiy neft kompaniyasi Exxon Mobil Corp. egallab turibdi. Uning ko‘rsatkichi 2012-yilga qaraganda 1,2 foizga pasaygan.
Milliarder Uorren Baffetning Berkshire Hathaway investitsiya kompaniyasi bir yil ichida 10 pog‘ona yuqoriga ko‘tarilib, reytingning uchinchi o‘rnini egallashga muvaffaq bo‘ldi. Uning kapitalizatsiyasi 27,7 foizga oshgan bo‘lib, 268,8 milliard dollarni tashkil qiladi.
PetroChina Xitoy kompaniyasi 254,6 milliard dollarni kapitallashtirib, to‘rtinchi pog‘onada turibdi. O‘tgan yilga nisbatan bu ko‘rsatkich 8,7 foizga qisqargan.
Amerikaning Wal-Mart Stores Inc. yirik savdo kompaniyasi o‘z kapitalizatsiyasini 18,2 foizga oshirdi hamda 246,4 milliard dollarlik ko‘rsatkich bilan reytingning beshinchi pog‘onasini band etdi.
Reytingning 6-, 7-, 8-pog‘onalarini General Electric (239,8 milliard dollar), Microsoft (239,6 milliard dollar), IBM (237,7 milliard dollar) korporatsiyalari egallab turibdi.
Rossiyaning eng yirik kompaniyasi bo‘lmish "Gazprom” esa joriy yilda reytingdan 26 pog‘onaga qulab, 101,4 milliard dollar ko‘rsatkich bilan 57-o‘rinni egalladi. Ekspertlar baholashicha, uning kapitalizatsiyasi 30,4 foizga tushib ketgan.
|