SHERLAR.BIZ Payshanba, 19.09.2019, 03:48
Приветствую Вас Mehmon | RSS
Меню сайта
Категории раздела
Latifalar [11]
Primyeralar [12]
Mobil telfonlar [197]
Sevgi dunyosi [826]
Qo'shiq matni [94]
Texnogoliyalar [98]
Kino yangiliklari [71]
Jahon yulduzlari [58]
Dunyo xabarlari [706]
Salomatlik sirlari [13]
Sport yangiliklari [589]
O'zbek yulduzlari [130]
Shou biznes olami [575]
Foydali maslahatlar [253]
Taomlar retseptlari [6]
Yulduzlar biografiya [59]
Qiziqarli malumotlar [697]
O`zbekiston Yangiliklari [641]
Munajjimlar bashorati 2017, 2018, 2019 / Мунажжимлар башорати 2017, 2018, 2019 [0]
Yangi qo'shiqlar 2017, 2018 [0]
Yangi mp3lar 2017, 2018 [0]
25-May bitiruvchilar kuni uchun she'rlar [1]
Ramazon tabriklari / Ro'za haqida she'rlar tilaklar [1]
Onalar haqida juda tasirli she'rlar / Manoli / Mazmunli [1]
Do'stlik haqida sherlar / Yaxshi va yomon do'stlar haqida she'rlar to'plami [1]
Наш опрос
Sayt haqida fikringiz
Всего ответов: 264
Мини-чат
Статистика


Hozirda saytda: 17
Mexmonlar: 17
Foydalanuvchilar: 0
Главная » 2013 » Iyul » 4 » Bir kuni chumoli bo’lib...
17:37
Bir kuni chumoli bo’lib...
«Siz nega kasalxonada yotibsiz», deysizmi? Do‘xtirlar oshqozoning zaharlangan deyishdi. Nega, qanday qilib — hayronman. Ochig‘ini aytganda, men tabiatan ziyofatlardan qochib, nafsiga qanoat qilib yuradiganlardanman. O’sha kuni bor-yo‘g‘i bir bo‘lak qotgan non yegan edim. Balki, o‘sha, giyohi behishtni kidiraman deb, bo‘lak o‘tni yeganimdan shu ko‘yga tushgandirman. Giyohi behishtni eshitmaganman, dedingizmi? Men ham ilgari eshitmagan edim. Kishlog‘imizda sizu biz bilmagan gayohlar ko‘p. Xar gal qishloqqa borganimda qishloq boshidagi Dovulqo‘rg‘onni ziyorat qilib qaytaman. U yerda chashmalar ko‘p. Suv yorug‘lik deydilar, shuning uchunmi, u yerda negadir ruhim yayrab ketadi. Bir kuni shu tomonga ketayotgan edim. Yo‘lni kalta qilish maqsadida, qabriston yaqinidan o‘ta boshladim. Atrofini o‘t-o‘lan bosib ketgan eski qabrlar o‘yilib, cho‘kib qolgan, yangidan do‘ppayganlari ham ko‘zga xunuk ko‘rinadi. Qabristonga o‘tishdan avval so‘qmoq pastida, shundaygina yo‘l yoqasida chuldirab turgan chuqur chashmaga tushdim. Chashmaning suvi oz bo‘lsa ham bir parcha yerni ko‘kazak qilib turardi. Hovuchimga suv olib ichdim, rohatlanib bosh ko‘tardim-u, buloq chekkasida bo‘yi bir qarich keladigan giyohga ko‘zim tushdi. Shung‘ula bo‘lsa kerak, degan xayol bilan uzib olgancha, do‘nglikka ko‘tarildim. Qabriston yonboshida bahorda ko‘karib, endi quvrab qolgan chimzor ko‘rindi, men shu yerdan o‘tarkanman, buta yonida chumolilar qatnovini ko‘rdim. Yo‘lovchi chumolilar shu qadar ko‘p edi-ki, ularni elektron mashinasi ham sanab ulgurmasa kerak, deb o‘ylaysiz. Shu xayol bilan qo‘limdagi giyohni og‘zimga soldimu, birdan qulog‘im shang‘illab ketdi. Miyamga qon urildi, gandiraklab ketdim. Chumolilar o‘tayotgan yo‘l yonida cho‘kkalab o‘tirib qolgach, o‘zimga keldim. Ammo, qizig‘i shundaki, qulog‘imga turli-tuman, muloyim, ingichka ohang-tovushlar eshitila boshladi. Bu tovushlar xuddi buzuq telefon dastasidan ulanib qolgan begona kishilar suhbatini eslatardi. Men avvaliga, nima bo‘lyapti o‘zi, deb atrofga alangladim, ammo, hech kimni ko‘rmadim, shundan so‘ng bu chinqillab so‘zlashayotganlar — chumolilar ekanini payqadim. Ularni xuddi tushda ko‘raetganday edim.
Chumolilar bir-birlariga «horma», «bor bo‘l», «quvonching ko‘paysin», «senga ham shuni tilayman» qabilida murojaat qilib o‘tishardi. Ularning o‘ng tomonga ketayotganlari don-dun, qiltiq-xas tashib borishardi. Qarama-qarshi tomondan kelayotgani esa, aftidan yuklarini qo‘yishib, yana ishga, ozuqa tashishga ketishardi. Men g‘ujg‘on bo‘lib o‘tayotgan bu mitti jonivorlarning yukli-beyuklari bir-birlariga halaqit bermay, ya’ni ko‘cha qoidalarini buzmay o‘tayotganlariga qoyil qolib ketdim. Bu qatnov yo‘lda birorta betartib, bo‘lak yo‘l solib ketayotgan qonunbuzar mutlaqo ko‘rinmasdi. Ayniqsa, yukdan bo‘shagan og‘izchalarini yengilgina silkitib, salom berib o‘tayotgan yosh chumolilarni ayting. Xullas, bu tartib-qoidani ko‘rib, beixtiyor «qoyil» deb yubordim.
— Nimasiga qoyilsan, ey odamzod? — degan tovush eshitildi yaqinimdan. Men bundan shoshib qoldim, ko‘z-qirim bilan sekin-asta tovush egasini izlay boshladim.
— Mana, men bu yerda, oyog‘ing oldidaman, hushyor bo‘l, tag‘in ezib qo‘ymagin, — dedi yana o‘sha tovush egasi.
Ana shundan so‘ng, men og‘zidan yukini qo‘yib turgan sariq chumolini ko‘rdim.
— Bilaman, sen chumoli tilini tushunib qolganingta hayron qolayotirsan, — dedi chumoli. — Buning sababi shuki, sen buloq bo‘yida o‘sgan giyohi behishtdan yegansan. Boya buloq bo‘yiga borgan qavmlarimdan biri yeyayotganingni ko‘rgan ekan. Endi sen, to quyosh botgunicha tilimizga tushunib, biz bilan so‘zlashish quvvatiga egasan... Xo‘p, qani, sen javob ber-chi, nega o‘z-o‘zingdan «qoyil» deb yubording?
Men haliyam chumolining gapiga tushunishdek mo‘‘jizaga aqlim bovar qilmaganimdan, tilim lol edi. Nihoyat, tupugimni yutib, javob qildim:
— Nega qoyil qolmay? Shunday tig‘iz yo‘lda, buning ustiga qarama-qarshi qatnov bo‘la turib, birorta ham chumoli to‘qnashib ketmayapti.
— Gapingga tushundim, — dedi chumoli, — sen chumoli yo‘lini odamzod yo‘li bilan taqqoslayapsan-da. Odamzod keng yo‘lda, ko‘cha harakatlari belgili-qoidali bo‘lishiga qaramay, bir-biri bilan bari bir to‘qnashib yuradi. Shundaymi?
— Sen buni qaerdan bilasan, — dedim og‘zim ochilib.
— Nega bilmayin. Sen ko‘rib turgan bu chumolilar oddiy emas, biz asli odamzod qavmidanmiz.
— Shunaqa degin, — dedim men uni kalaka qilmoqchi bo‘lib, — qani, mundayroq tushuntirib ber-chi? Balki, Xudo loyimizni bir joydan olgan chiqar?
Chumoli yonidan yuk tashib o‘taetgan oriqqina chumolini to‘xtatdi.
— Hurmatli boshliq, — dedi boshchasini qimirlatib, — Menga quyosh botguncha ruhsat bersang. Odamzodga ul-bul narsani tushuntirsam.
Oriq chumoli javob qildi.
— Senga ijozat, donishmand.
Chumoli boshliq shunday dedi-yu, yo‘lida davom etdi. Men chumolilar boshlig‘ini har qalay juda o‘zimizdagi singari hashamatli xonada, yumshoq kresloda o‘tirishini tasavvur qilmagan esamda, har qalay biror uya-omborning chekkasida o‘tirib, qatnovni, keldi-ketdilarni hisobga olsa kerak, deb o‘ylagan edim. Ajabki, ularda boshliq fuqarosi bilan teppa-teng ishlar ekan.
Boshliq chumoli ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, ishchi chumoli yana tilga kirdi:
— Ey, odamzod! Biz sizning qavmingiz bo‘lamiz, desam, ishonmading. Endi eshit! Gap shundaki, biz mana shu qabristonda yotgan marhumlarning tirikligida ishlatilmay qolgan miyalaridan chumoliga aylanib chiqqanmiz. Inson suratida yurgan paytlarimizda, insonlik haq-huquqimiz teng bo‘lsa ham, uni suiiste’mol qilganmiz, ya’ni bir-birimizning ko‘zimizga cho‘p suqib yashaganmiz. Mana endi chumoliga aylanib qolganimizda, o‘sha xatolarning o‘rnini bosish uchun o‘zimizning temir qonunlarimizni yaratganmiz. Bu qonun hammaga barobar. Biz qonunni insonchalik suiiste’mol qilmaymiz. Chumolilarning birdan-bir maqsadi shu.
Men hali ham chumolining gaplariga ishonmay turardim.
— Bo‘lmasa nega sizlar inson tilida gapirmaysizlar? — deb uni mot kilmoqchi bo‘ldim.
Chumoli menga shunday dedi:
— Inson tili, bu shartli, o‘zi o‘ylab topgan tovushlar yig‘indisi. Bizning tilimiz esa tabiiy sezgilar asosiga qurilgan. Butun tirik mavjudotning tili — bu sezgilar. Inson ham bu sezgidan mahrum emas. Ammo, u dunyoning mayda-chuyda ishlariga shunchalik berilib ketganki, natijada sezgilardan mahrum bo‘lgan.
— Sen qanaqa mayda-chuyda ishlarni nazarda tutasan?
— Mana aytaylik, qog‘ozbozlik, behuda rasmiyatchiliklar. Yoki gapim noto‘g‘rimi?
Men nima deyarimni bilmay, yelkamni qisdim.
— Inson miyasidagi son-sanoqsiz sezgilar ishlatilmasa, harakatga keltirilmasa, ular g‘aflat uyqusida qola beradi. Biz miyadagi ana shu sezgilardan yaralgan chumolilarmiz.
Men chumolining bu gaplaridan dahshatga tushdim. Meni chumolining bu qadar zukkoligi o‘ylantirib qo‘ydi. Qaerdan biladi u bunday gaplarni? Yoki u birorta mashhur donishmandning aklidan yaralganmikan? Ammo, bizning qishlog‘imizda katta donishmandlar o‘tganini eshitmaganman. Shuning uchun bu gapni ehtiyotkorona so‘radim: «Sen bunday gaplarni qaerdan bilasan?»
— Nega bilmayman. Eng zo‘r kitoblarni bitgan qancha-qancha buyuk zotlar bu qaro yerda yotibdi. Biz — odamzod qavmidan bo‘lgan barcha chumolilar bir-birimiz bilan muloqotda bo‘lishga intilamiz.
— Nega kerak sizga bu muloqotlar? — dedim.
— Nega, deysanmi? Hech bo‘lmaganda, insonliqda qilgan xatolarimizni, gunohlarimizni anglash uchun. Keyin, ba’zida senga o‘xshagan giyohi behishtni yegan insonga bilganlarimizni yetkazish uchun.
— Giyohi behisht yeganlar tez-tez uchraydimi? — deb qiziqib so‘radim.
— Yo‘q, — dedi chumoli afsuslanib. — Eng yomoni shundaki, necha yillar, necha oylar davomida bitta-yarim kishi bu giyohni uchratadi. Lekin ularning ba’zisi bizning gapimizga ishonib, ba’zisi ishonmay ketadi. Shunday bo‘lsa ham biz o‘z bilganlarimizni yetkazishga urinamiz.
— Shu qishloqdan yaqin yillar ichida biror kishi giyohi bexisht yeb kelgan joyi bormi?
Chumoli o‘ylanib qoldi.
— O’tgan yili Mo‘min lov-lov degan kishi kelgan edi, — dedi u. Men beixtiyor, savdoyi, paydar-pay gapiradigan Mo‘min akani esga oldim.
— Axir u esli-hushli odam emas-ku? — dedim chumoliga.
— Nega shunday deysan. Axir sen ham odamlarga «men chumolilar tilini tushunib, ular bilan gaplashdim», desang, ular seni ham esi yo‘qqa chiqarishmaydimi?
Shunda men Mo‘min lov-lovning gaplarini esladim. U agar biror kishi qurt-qumursqaga azob berganini ko‘rsa, darhol yo‘lini to‘sardi.
— Kurt-qumursqa ham Xudoning bandasi. Uning ham senga o‘xshab joni bor. Tesha ularga, — derdi.
Men endi chumolining haq ekanligiga iqror bo‘ldim. Chumoliga ko‘zimni tikkancha, o‘ylay boshladim. Mana shu jonivor qaysi zotning miyasidan yaralgan ekan. Balki men o‘sha zotning avlod-ajdodlarini toparman. Chumoli bu savolga javob berishdan qat’iy bosh tortdi.
— Bunga biz chumolilar qasamyod qilganmiz, — dedi u. Men undan yana nimalarni so‘rashni o‘ylay boshladim.
— Senga ikkita taklifim bor, — dedi chumoli. — Birinchisi shuki, xohlasang, chumolilar uyasiga seni taklif qilaman.
— Borishga borardimu, lekin men chumoli uyasiga qanaqasiga sig‘aman?
— Gavdang shu yerda qolaveradi. Men senga oyoq tegizishim bilan miyang chumoli shakliga aylanib, men bilan birga keta beradi.
Men shu yerda qo‘rqoqlik qildim — miyam gavdamni tashlab ketishini sira xohlamasdim. U yerda menga nima bor, gavdam beega qolsa? Axir unga qancha mehnatim singgan. Onam to‘qqiz oyu, to‘qqiz kun qornida ko‘targan, sakkizga kirganimga qadar oq yuvib, oq taragan bu gavdani. Mana, yigirma sakkiz yilki, uni men avaylab kelaman. Shunday bo‘lgach, qanday qilib gavdamni bekordan-bekorga, to‘satdan tashlab keta olaman.
Chumoli xayolimdan o‘tgan gapni fahmlagandek, shunday dedi:
— Bari bir odamzodligangga bording. Gavdangni tashlab ketishga ko‘zing qiymayapti. Mayli, bo‘lmasa, ikkinchi shartni eshit. Sen o‘zing haqingda bilganlaringni, ko‘nglingda neki dardu o‘ylaring bo‘lsa, barini aytib berasan. Balki, men sening biror dardingga malham bo‘larman.
Men ochig‘ini aytganda, undan katta mo‘‘jiza kutgan bo‘lsam bordir, lekin bunaqa taklifni eshitaman deb o‘ylamagan edim. To‘g‘ri-da, men o‘zimni muxbirlikka urganimdan beri hammaning dardini tinglashga majbur bo‘lganman. Ammo, men-chi, meni kim tinglaydi, buni hech kim o‘ylamaydi. Hozir esa, shunday bir qulay imkoniyat bor ekan, nega men bundan foydalanmasligim kerak ekan. Axir dardini to‘kkan odam yengil tortadi, deyishadi-ku. Axir Iskandarning shoxi borligidan voqif bo‘lgan sartarosh bu sirni hech kimga ayta olmay, oxiri quduqqa aytib, yengil tortgan-ku.
Xullas, men ko‘p o‘ylab o‘tirmay, o‘zim haqimda bilganimcha ochiq-oshkor gapira boshladim.
Chumoli mening gapimni birpas tinglab turdi-da, «ko‘y, bunaqa tarjima holni. Meni tuyg‘ularingning tarjimai hali qiziqtiradi. Sen shundan gapir», dedi.
— Qo‘ysang-chi, bu juda qiyin masala, — dedim unga. — Sen uni tushunarmiding.
— Mayli, aytmasang-aytma, — dedi chumoli.
Lekin men aytmasdan qo‘yarmidim? Axir tuyg‘ularimning tarjimai xolini, ularning tug‘ilishlari-yu, yo‘q bo‘lishlarini chumolidan bo‘lak kimga ham aytib bo‘lardi? Nega deysizmi, axir men ham hamma qatori o‘z tuyg‘ularimni yashirib yuraman-da. Ba’zan, ichgan mahallarim, ularni xotinlarning bezagi kabi ko‘z-ko‘z qilishga oshiqaman. Sho‘rlik tuyg‘ular ana shunday qilib egasining qachon saxiylik qilib ozoddikka qo‘yib yuborishini har doim sabr-toqat bilan kutishgani-kutishgan. Bisotimda qolgan tuyg‘ularni olib qaray-chi, deb o‘yladim. Mana, odamzoddagi ilk tuyg‘u bu, u o‘zligini anglashdan boshlangan, shekilli. Bu tuyg‘uning shakli ignaning uchidek keladi, ammo, oltindek toza, qaragan kishining ko‘zi qamashadi. Menda bu tuyg‘u tug‘ilganida yoshim to‘rtlarda edi. O’sha paytlarda yoshim nechadaligini bilmasdim, albatta. Xotiramda hovlimizdagi katta to‘y-shodiyonalar manzarasi bir umr parchinlanib qolgan. Keyin bilsam, ikki akamning qo‘shaloq sunnat to‘yi bo‘lib, o‘sha paytda ularning biri sakkizda, ikkinchisi olti yoshda ekanlar. Ana shunday hisob-kitob qilinsa, men albatta to‘rt yoshda bo‘laman. Xullas, o‘sha kuni men kimdir o‘rgatgan qo‘shiqni takrorlar edim:
Jiyda qoqay to‘yingda,
Jiyda qoqay to‘yingda.
To‘yda nima uchun jiyda qoqish kerak, buning ma’nosi nima, rosti, haligacha bilmayman. Keyin, qo‘limga qaerdandir sho‘rva solingan sopol tovoq tushib qoldi. Uni kimgadir, qaergadir elta turib, gilam ustida o‘tirganlarning biriga to‘qnashib ketdim. Qo‘limdagi tovoq tushib, sho‘rva bir odamning yelkasiga to‘kilib ketdi. U odam ko‘kragini changallab, o‘rnidan turdi, menga esa, «qo‘y, yig‘lama» deb zo‘rma-zo‘raki jilmayib qaradi. Uning qiyofasidagi og‘riq aralash meni avf etgan ifodani shu vaqtgacha unutolmayman. Men yillar o‘tib unga (u xolamning o‘g‘li edi) o‘sha voqeani eslatganimda, u «rost, shunday bo‘lgan edi, sen to‘kib yuborgan sho‘rvadan mana bu yerim kuygan edi», deb, ko‘ksidagi chandig‘ni ko‘rsatdi. Men xijolat chekqanday bo‘lib, uning ko‘zlariga tikildim va bu ko‘zlarda bir paytda meni avf etgan muloyim ifodani ko‘rib qoldim. Mana shundan beri yuragimda unga nisbatan minnatdorchilik tuyg‘usi yashab keladi. U mening qalbimga nur, yuragimga quvvat beradi.
Men xayolan yetti-sakkiz yasharlik paytimga qaytaman. Lablarimda beixtiyor anorning, oluning ta’mi paydo bo‘ladi. So‘lagimni yutib, paxsa devordan oshib, ikki-uch anorni uzib, maykam ichiga joylayman. «Qani bo‘l, ketdik», — deydi hamrohim. Bir mahal yonginamizdan, «To‘xta!» degan tovush eshitiladi. Sherigim bir zumda devor kemtigidan oshib, juftak rostlaydi. Men esa endi qochmoqchi bo‘lganimda, kimningdir ombirdek qo‘llari bo‘ynimni qisadi. Bir dam nafasim chiqmay qoladi. Keyin o‘sha qo‘llar meni oldinga itqitib, maykam ichidan uch dona anorni chiqarib oladi. Men endi ro‘paramda shop mo‘ylovli, shokosadek chiqqan ko‘zlarni ko‘raman. Bu — kolxoz chorbog‘ining qorovuli G’ani edi. U meni bir tup yong‘oq tagiga boshlab, do‘ppaygan bir qabrni ko‘rsatib, shunday deydi:
— Mana, ko‘rdingmi? Men mana shu yerda bir odamni so‘yib, ko‘mganman. Mana endi seni ham so‘yaman.
U shunday deb yonboshiga osilgan uzun pichoqni qinidan sug‘uradi. Pichoq quyosh nurida bir yarq etadi-yu, men taxtadek kotib qolaman. Esimda qolgani shu. Ertasi ko‘zimni ochib qarasam, uyda yotibman. Men tirik ekanligimga ishonar-ishonmay ko‘rpani, keyin boshimni ushlab ko‘raman.
— O’zimizning bog‘ to‘la anor bo‘lsa, nima qilarding bolam, o‘sha yerga borib, — deydi onam.
— Bola-da, bola, — deydi momom, — o‘g‘lingga ko‘proq ish buyurib turgin. Bekorchiliqdan bola bechora nima ish qilishini bilmay zerikkan-da. Og‘zidan qoni kelgur G’ani moxov bolani shunday qo‘rqitadimi?
Men shular haqida gapirar ekanman, chumolidan o‘sha marhum G’ani akani tanish-tanimasligini so‘radim. Axir u ham mana shu qabristonga ko‘milgan.
— Ha, taniyman, — deb javob qildi chumoli, — Bilasanmi, uning uch yuz yil avval o‘tgan bobokalonlarining kasbi jallod bo‘lgan, G’ani akang qoniga tortib, ota-bobosidan o‘tgan ko‘l xotirasi bilan pichoq o‘qtalib, senga shunchaki do‘q-po‘pisa qilmoqchi bo‘lgan.
— Demak, hali uch yuz yil avval manfur kasb bilan shug‘ullangan ota-bobosi uchun G’ani aka ham yomonotliq bo‘lib yuribdimi? — dedim.
— Nachora, — dedi chumoli. — Qonni, irsiyatni birdan tozalash qiyin... Yana bir sirni aytishim mumkin.
— Qani eshitaylik-chi?
— Boya oldimizga kelib to‘xtagan boshliq chumoli G’ani aka edi, bilsang. Men bu safar hangu mang emas, xafa bo‘lib ketdim.
— Nahotki, — dedim unga, — shunday badjahl odam sizga boshliqmi? Bu yerda ham u yo‘lini topibdi-da.
— Unday emas, — dedi chumoli. — Bizda eng ko‘p ishlagan kishi boshliq qilib tayinlanadi. G’ani aka insonligidagi gunohlarini yuvish uchun hammadan ko‘p yelib-yuguradi, sho‘rlik.
— O’zing boyagina irsiyatni tozalash qiyin deding-ku. Nahotki, u yuvosh tortib qolgan bo‘lsa.
— Biz chumolilar inson miyasining faqat ezgulik qismidan yaralamiz, — dedi chumoli. — Bunga shubha kilmasang ham bo‘laveradi. Yaxshisi, sen hikoyangni davom ettir.
— Yaxshi, — dedimu, ko‘nglimda mavjud tuyg‘ular tarjimai holini birma-bir ayta boshladim.
— Bilasanmi, sen menga tovush chiqarib, gapirib o‘tirma. Yaxshisi, xayol sur. Xayolingdan nimalar o‘tganini men anglab turaman. Faqat buning uchun oyog‘ingga sal tegib tursam, bas, — dedi chumoli.
— Mayli, — dedim men. So‘ng, tizzamni quchoqlagancha, uzuq-yuluq xotiralarni eslay boshladim.
Bolalik xotiralarida eslasa eslagudek voqealar juda ko‘p. Ammo, shunday voqealar borki, ular xayol ko‘zgusida xuddi g‘ilofga solingan kinotasmadek tayyor turadi. Istalgan daqiqada ular xayol ekranida lip-lip etib, qayta jonlanadi. Balki, payti kelib, ko‘ngil ekranidagi bu tasvirlarni yozib oladigan magnit tasmasi o‘ylab topilar. Men shuni xayol qilaturib, beixtiyor bolalik xotiralari yozilgan xotira tasmasini tomosha qila boshladim.
Ana, paxsadan qilingan ikki xonali uy. Daxliz va oromgoh. Haligacha ham o‘sha uy men ko‘rgan barcha uylardan issiq, shinam, keng, go‘zal tuyula beradi. O’sha ikki xonali uyda sakkiz jon yashasak-da, kengu mo‘ldek tuyulardi.
Oradan yillar o‘tib, men olti kishilik oilam bilan uch xonalik issiq-sovuq suv, qulay hojatxonasi bor uyga arang sig‘ishimizni o‘ylab, hayron bo‘laman, buning sababini ko‘p o‘ylayman, ichim siqiladi. Balki bu jumboqni menga chumoli yechib berar.
— Sen yerdan ajrab qolyapsan, — deydi chumoli noxosdan. — Yer taftini his qilib turmagan har qanday tirik jonga osmonu falak ham torlik qiladi.
«To‘g‘ri aytding, chumoli» deyman ichimda. Kecha qizim uyimizning qaysi bir xonasi devorlariga qalamchizgilar qilganiga xotinim ozmuncha urishdimi? Men xuddi shu yoshda, olti yoshimda uyimiz devoriga akalarim o‘rgatgan ismimni pichoq bilan o‘yib yozmagan edimmi? Buni bexosdan onam ko‘rib qolib, «bolam, devorning ham joni bor, uni pichoq bilan tilsang, joni og‘riydi» demaganmidi? Hozir ham bag‘ri tirnalgan devor yoki toshni ko‘rib qolsam ko‘nglim uvishib ketadi. Men bolalarimda ham rahm-shafqat tuyg‘usi tug‘ilishini juda-juda xohlayman. Axir ezgu-tuyg‘ular o‘z-o‘zidan paydo bo‘la bermaydi. Ular inson qalbida g‘aflat uyqusida yotgan bo‘lsa uyg‘otish, mavjud bo‘lmasa yaratish lozim emasmi, — deb o‘ylayman. Meni kechalar ko‘proq mana shu muammolar bezovta qiladi. Ayniqsa, yerga, tabiatga muhabbat tuyg‘usi bo‘lmagan inson har qanday jinoyatga qodir ekanligini o‘ylayman.
— Ko‘p o‘ksinma, — deb fikrimni bo‘ldi chumoli, — sen chumoliga aylanganingda faqat tabiatni dilingga jo aylab yashaysan. Yaxshisi, menga ayt-chi, seni nimalar tashvishga soladi, shular haqida gapirgin. Chunki, vaqtimiz ziq. Ana, qara, quyosh botishiga oz qoldi.
— Nima desam ekan, senga. Agar tilla baliqdek, sen ham tila tilagingni, deganingda, boshqa gap edi. Tashvish-hasratimni birovga aytishga o‘rganmaganman. Shuning uchun do‘stu dushmanlarim meni «bu ichidan pishgan, juda pismiq», deyishadi. Balki ular haqdir. Lekin men bir donishmand aytgan gapga amal qilaman. U shunday degan: «g‘amu hasratingni o‘zingga koldir, shodligingai do‘stlaring bilan baham ko‘r, nafratingni dushmanlaringta asra».
— Sening tashvishlaringga balki mening biror xizmatim asqotar. Axir men yer yuzidan ko‘ra, yer ostida ko‘p bo‘lgan insonlar dunyosidan elchiman. Qolaversa, biz yorug‘ dunyoda yashayotgan qavmlarimizning qanday dardu tashvishlari borligini bilgimiz keladi.
— Sen faqat tuyg‘ularnigina tushunishga qodir ekansan. Shuning uchun yana mendaga ikki-uch tuyg‘uning tarjimai holini gapirib beraqolay. Balki shunda sen meni jindek tushunib yetarsan.
Chumoli gapimni ma’qulladi.
Meni eng katta qiynokqa soladigan narsa, so‘z oldida javobgarligimdir. Hali-hali, bundan sakkiz yil muqaddam, uy berib qolishar, deb bir amaldorni maqtab yozganimni sira kechira olmayman. O’sha amaldor menga uyni o‘z navbatim bilan berganida rahmat aytganim o‘zimga alam qiladi. El qarg‘ishiga uchragan o‘sha odamni men «hurmatli falonchiev» deb ataganim alam qiladi. U kishi men uchun ham, elu-yurt uchun ham hurmatli emas, qallob ekanligini men o‘shandayoq bilgan edim-ku. Ba’zi kechalari o‘sha so‘z mening tomog‘imdan g‘ippa bo‘g‘adi, «nega sen meni o‘sha yaramasga sotding, nega men xor bo‘ldim» deb holi-jonimga qo‘ymaydi. Ana shunda men o‘ylab qolaman: o‘zimga-o‘zim xiyonat qilishdek bu illat menda qaerdan paydo bo‘ldi, o‘zi? O’sha birgina beqadr bo‘lgan so‘z, o‘sha so‘z meni ko‘pdan beri ta’qib qiladi. Qani sen ayt-chi, men qachon uning bu ta’qibidan qutula olaman?
— Bu darding bedavo, — dedi chumoli. — Sendan avval o‘tgan aqli donish ham, eng katta gunoh, bu so‘zni beqadr qilmoq, deganlar. Men buni chumolilar majlisida aytib ko‘rarman. Balki biror fatvo topilar.
— Mendan faqat so‘z emas, tuyg‘um ham ranjigan. Bu voqea shunday ro‘y berdi: Men avvallari hech qachon bo‘lmagan bir shaharda yulduzi issiq bir oy yuzlini ko‘rib qoldim. Qizig‘i shundaki, men uni tanidim. U bilan bu umrim bino bo‘lganidan beri uchrashgan emasman, lekin negadir yuz yil, ehtimol, ming yil burun u men bilan birga yashagandek tuyuldi. Uni qoshu ko‘zidan tanidim. Ko‘zlari ming yillik xotirotning ifodasini aytib turardi. U ham meni ko‘zlarimdan tanib, to‘xtadi. Ikkalamiz ham sukut saqlab gaplashdik. So‘ng men to‘satdan xotinim... bolalarim borligini esladimu o‘z tuyg‘umdan uyalib ketdim. Oy yuzliga mehrim tushishidan qo‘rqib, tuyg‘umni jilovlab oldim. Oy yuzlini, garchi u bilan oradan ming yillar o‘tib uchrashganimizga qaramay, tezda tark etdim. Tuyg‘umga esa, «ha, menda bir lahzalik zaiflik paydo bo‘ldi, u hozir o‘tadi-ketadi» dedim. «Yolg‘on!» deb qichqirdi tuyg‘u. — Sen qo‘rqoqlik qilding. Bu tuyg‘u meni bir necha kunlar ta’qib qildi, yoqamdan olib, qanchalar so‘kkanini aytsang. Bir kuni u tongda meni tark etib, she’rga aylanib ketdi. Uning dard-faryodi mana shu satrlarda jamuljam bo‘l.
Oltin sukunatdan yaralgan dilbar Nurli nigohingdan ko‘zim qamashdi Andak bir hayo-ku, hisni jilovlar: Shoshma, der ul ro‘yo, ko‘zing adashdi.
— To‘xta, to‘xta. Bu tuygu bir seni emas, ko‘plarni ham bezovta qilib keladi, — dedi chumoli. — Balki u seni bir umr tergab, bezovta qilar. Qo‘y, u hech bo‘lmasa shu bilan alamidan chiqsin.
— Men bu tuyg‘uga o‘ta qattiqqo‘l bo‘lganimni tan olaman. Lekin meni boshqa bir tuyg‘u bois yuragim qo‘rqoq, titraydigan bo‘lib qolgan. Meni mana shu ko‘p tashvishga soladi.
— Ko‘rinishingdan hecham qo‘rqoqqa o‘xshamaysan-ku, — dedi chumoli. Ko‘nglingda ham qo‘rquv sezmadim.
— Yo‘q, bu gaping noto‘g‘ri, — dedim men. — Yaqinda tanishlardan biri menga, «sen qo‘rqoqsan» deb aytdi. U buni mushtlashish bahonasida aytdi. Men o‘zimning qo‘rqoq emasligimni isbotlash uchun u bilan mushtlashdim. O’sha kech uyga xursand bo‘lib qaytar ekanman, birdan ahmoqona ish qilib qo‘yganimni angladim. Axir, aslini olganda, men yuragimda ancha-muncha qo‘rquv sezaman. Uyim ko‘cha boshida, avtomashinalar tinimsiz o‘tib turadi. Bolalarim ko‘chaga chiqib o‘ynashsa, har safar ulardan xabar olaman. Ularning mashina yo‘liga chiqib ketishidan qo‘rqaman. Uyimizga issiq-sovuq suv, gaz, yana allaqanday quvurlar o‘tkazilgan. O’tgan yozda ana shu quvur qudug‘iga eridan endigina ajralgan yoshgina bir juvonning yakka-yu-yagona o‘g‘li tushib ketib o‘ldi. Uning faryodini eshitganimdan beri, mening ham yuragimda qo‘rquv paydo bo‘lgan. Xotinim damqisma degan dardga giriftor bo‘lgan. U to beshinchi qavatdagi xonamizga har chiqqanida, nafasi qaytib, juda qiynaladi. Men safarga ketsam, uyda qolgan xotinimu, to‘rtta norasida go‘dakni o‘ylab, qo‘rqib turaman. Ba’zan xotinim televizorni ko‘rib, vahima qiladi: «Dunyoda oziq-ovqatdan ham ko‘ra o‘q-dori ko‘p ekan», deydi. Uning vahimasi meni yana tashvishga soladi. Axir unga ortiqcha hayajonlanish mumkin emas. Nafasi qisadi-da. Ehtimol, ko‘nglimdagi bunday qo‘rquv tuyg‘usini sen chumoli ko‘rmayotgandirsan. U allaqachon ko‘nglimda emas, qonimga singib ketgan. Bu qo‘rquvlar oldida mushtlashish masalasi nima degan gap axir. Yana nima dey senga, chumoli. Ana, quyosh ham botib qoldi, vaqtimiz ham tugab qoldi.
Chumoli mening gagsharimni eshitib bo‘lgach, shunday dedi:
— Bu qo‘rquvning chorasini bilmadim, odamizod. Balki buni chumolilar majlisida ko‘rib chiqarmiz. Agar javob topsam, albatta senga yetkazaman. Xayr, ana, kuyosh botib ketdi. Xayr!
U shunday dedi-yu, ko‘z oldimdan g‘oyib bo‘ldi.
Ana shundan beri chumolini uchratganim yo‘q. Har gal qishloqqa borsam, albatta qabriston yo‘liga o‘taman. U yerdan o‘rmalab ketayotgan har bir chumoliga diqqat bilan tikilaman. Tiriklik g‘amida yurgan har bir chumolini «bu o‘sha tanish chumoli emasmikan?» deb o‘ylayman. Mana, necha yoz o‘tdi, undan esa darak yo‘q. Lekin uni umid bilan kutganim ham yo‘q. Negaki, bir kunmas bir kun men ham chumoli bo‘lib, uning oldiga jo‘nayman...

Nodir NORMATOV
Категория: Sevgi dunyosi | Просмотров: 543 | | Теги: Bir kuni chumoli bo’lib... | Рейтинг: 5.0/1
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Вход на сайт

Ro'yxatdan o'tish
Parolni unutdingizmi?
Поиск
Календарь
«  Iyul 2013  »
ПнВтСрЧтПтСбВс
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
293031
Архив записей
Друзья сайта
  • Официальный блог
  • Сообщество uCoz
  • FAQ по системе
  • База знаний uCoz
  • Copyright MyCorp © 2019Хостинг от uCoz