Главная » 2013»Iyun»1 » Сoca-Cola britaniyalikning hayotiga zomin bo‘ldi
06:53
Сoca-Cola britaniyalikning hayotiga zomin bo‘ldi
Britaniyalik 30 yoshli erkak Coca-Colani muntazam iste’mol qilish oqibatida hayotdan ko‘z yumdi. Shifokorlarning fikricha, G‘arbiy Yorkshir grafligining Xauort qishlog‘ida yashovchi Pol Inman o‘limiga Coca-Cola ichimligini haddan ziyod ko‘p ichganligi sabab bo‘lgan.
Pol bu gazli ichimlikni shu qadar yaxshi ko‘rganki, har kuni uyi oldidagi do‘kondan Coca-Cola xarid qilishni kanda qilmagan. U kuniga 3 litr ichimlik iste’mol qilgan.
Marhumning oilasi uning bu odatidan voz kechishi uchun ko‘p harakat qilishdi. Ammo Pol Inman sevimli ichimligiga bo‘lgan ishtiyoqini to‘xtata olmadi. Oxir-oqibat uning yosh organizmida turli xil kasalliklar yuzaga kela boshladi. Avvaliga shifokorlar marhumga yurak xuruji tashxisini qo‘ydilar. Tekshiruvlardan so‘ng, aslida o‘limga mutlaqo boshqa kasallik ta’sir qilganini aniqlashdi. Uning jigar va oshqozon osti bezida katta o‘zgarishlar bo‘lgan. Lekin Inman o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilmagan.
Hozir kunlar ancha isigani sayin, salqin ichimliklarni ichishga bo‘lgan ehtiyoj ortaveradi. Shuni yodda tuting: biz uchun sevimli bo‘lgan ichimliklarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish sog‘lig‘imiz uchun zararli bo‘lishi mumkin.