YouTube videoxostingi rossiyaliklarning 2013-yil davomidagi so‘rovlari natijalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Nargiza Zokirovaning "Scorpions” guruhiga tegishli "Still Loving You” qo‘shig‘ini kuylagan videolavhasi 4 milliondan ziyod marta ko‘rilgan. Filipp Kirkorov ijrosidagi "Trolling” klipi esa undan deyarli ikki marta kam tomosha qilingan. Bu haqda "Uz24” nashri xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, YouTube’da rossiyaliklar tomonidan eng ko‘p ko‘rilgan videoroliklar o‘ntaligiga kirgan Nargiz ijrosidagi "Still Loving You” Mayli Sayrus, Vintaj, Filipp Kirkorov, Selena Gomez va boshqa taniqli yulduzlar ishtirokidagi lavhalarni ortda qoldirgan.
Ta’kidlash joiz, Rossiyaning "Golos” tanlovida ilk marotaba chiqish qilganida Nargiz "Still loving you” qo‘shig‘i bilan hakamlar va zaldagi tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lgan edi. Uning ijrosi, hattoki "Scorpions” asoschisi Rudolf Shenkerning o‘zini ham hayratda qoldirgani, u Nargizning videolavhasini o‘z sahifasiga joylab qo‘ygani haqida ham xabarlar tarqaldi.
"Golos” teleshousining ikkinchi mavsumida ishtirok etayotgan yurtdoshimiz Nargiz Zokirova O‘zbekistonda 1984-yil rejissor Ali Hamroyevning "Vodillik kelin” filmida yangragan "Sen ketarsan” nomli qo‘shiq orqali tanilgan. U O‘zbekiston Xalq artisti Farruh Zokirovning jiyanidir.
Xonanda 1971-yil Toshkentda san’atkorlar oilasida tug‘ilgan. U taniqli opera qo‘shiqchisi, teatr va kino aktyori, O‘zbekiston xalq artisti Karim Zokirovning nabirasi. Nargiz 14 yoshida Yurmaladagi qo‘shiqlar tanlovida qatnashgan. 90-yillarda o‘zbek estradasida ijod qila boshlagan. 1995-yilda AQShga ko‘chib ketgan va oradan 20 yil o‘tib, 42 yoshida Rossiya sahnasida ko‘rinish berdi.
Nargiz Zokirovaga teletanlov sahnasiga chiqqan ilk daqiqalardan boshlab ko‘pchilik qiziqish bildirdi. Bunga sabab xonandaning tashqi ko‘rinishi, noodatiy imidji, deyish mumkin. U noan’anaviy soch turmagi, bosh va qo‘llarida tatuirovkalar, turli taqinchoqlar bilan mutlaqo "o‘zbekcha” bo‘lmagan ko‘rinishda sahnaga chiqdi.