Главная » 2014»Iyul»31 » Chet Tilini O‘rganishning Oson Yo‘llarini Bilasizmi?
09:00
Chet Tilini O‘rganishning Oson Yo‘llarini Bilasizmi?
Siz biron bir tashkilot yoki firmaga ishga kirish uchun so‘rovnoma to‘ldirsangiz, albatta, “Qaysi chet tillarini bilasiz?” degan savolga ham ko‘zingiz tushadi. Hozirgi kunda o‘z ona tilidan tashqari boshqa xorijiy tillarni ham bilish deyarli barcha sohalarning muhum talablaridan biri bo‘lib bormoqda. Chet tilini mukammal o‘rganishni istagan har bir inson uni o‘zi mustaqil tarzda ham o‘zlashtirsa bo‘ladi. Ammo buning uchun inson psixologik jihatdan til o‘rganishga tayyor bo‘lmog‘i lozim. Xorijiy tilni o‘rganish kishidan ozgina qunt, mustahkam iroda va tartibga asoslangan kun rejasi talab etiladi. Kato Lomb kimyo sohasini egallaganligiga qaramay, dunyoning eng birinchi sinxron tarjimonlaridan hisoblangan. U 8 tilni bemalol, qiyinchiliksiz tarjima qilgan va 16 tilda esa erkin muloqot qila olgan. U davrlarda audio disklar ham, quloqchinlar ham, skayp, internet tarmoqlari ham, hattoki til o‘rganish maktablari ham bo‘lmagan. Lekin u qanday qilib bir necha xorijiy tillarni mukammal o‘rganishga erisha olgan? U o‘zining “Men tilni qanday o‘rganaman?” bestseller asarida xorijiy tillarni o‘rganishning oddiy va oson yo‘llarini 10 ta qoidaga asoslab, keltirib o‘tgan: 1. Til bilan iloji boricha har kuni muntazam shug‘ullaning Bunda xuddi sport mashg‘ulotlaridagidek, ma’lum bir tizimga asoslangan holda mashq qilish muddati belgilanadi. Hech bo‘lmasa, o‘qish va yangi so‘zlarni qaytarish uchun 10-15 daqiqa vaqt ajrating. 2. O‘qish rejasini tuzing Agar til o‘rganish istagi vaqt o‘tgani sayin susayib borsa, o‘z shaxsiy algoritm o‘quv rejangizni o‘ylab chiqing. Misol uchun, ozgina dars qilgach, tanaffus e’lon qilib, musiqa tinglash yoki sayr qilish mumkin. 3. So‘z birikmasi — yaxshi usul Hech qachon alohida so‘zlarni o‘rganmang, faqat bir-biriga qo‘shilgan, kontekst holatda o‘rganing. Masalan, agar siz “strong wind” so‘z birikmasini eslab qolgan bo‘lsangiz, demak bir so‘z ikkinchisini ham avtomatik tarzda yodda saqlashga yordam beradi. 4. Yon daftarcha tuting Ushbu daftarchaga o‘rgangan qo‘shma so‘zlaringizni, tayyor gaplarni yozib olish va ularni muloqotda ishlatishga harakat qilish ham katta foyda beradi. 5. Xotiraga muhrlang Xayolan ko‘zingizga ko‘ringan barcha narsani- reklama, qo‘shiq so‘zlarini, dialoglarni, gazetadagi maqolalarning nomlanishini tarjima qilishga harakat qiling. 6. Yod olish — foydali mashq Ammo faqatgina yuz foiz to‘g‘ri va o‘qituvchilaringiz tomonidan tekshirilgan so‘zlarni yod oling. 7. Iboralarni yodlang Muomalada keng qo‘llanadigan so‘zlar, idioma, ibora va hikmatli so‘zlarni yozib boring va zudlik bilan xotirangizda saqlang. 8. Nazariya bilan cheklanib qolmang Har qaysi chet tilini faqat nazariy tomondan, amaliyotdan ajralgan holda o‘rganish mumkin emas. Amaliy mashqlarga ham e’tibor qarating. Kino tomosha qiling, turli adabiyot va gazetalarni mutolaa qiling, ingliz tilida so‘zlovchi do‘stlaringiz bilan internet orqali suhbatlashing. Shaxsan, Kato Lomb rus tilini Gogolning “O‘lik qalblar” asari va kerakli lug‘atlar orqali o‘rganishni boshlagan. 9. Xatolarni to‘g‘irlashga odatlaning Xatolardan aslo cho‘chimang, to‘g‘irlab bo‘lmaydigan xatolardan qo‘rqing! Hech qachon va hech nimani nazoratsiz, tekshiruvsiz qoldirmang. 10. O‘zingizga ishoning Hech nimaga qaramay, til o‘rganishdan to‘xtamang! Yuqoridagi maslahat va amallarga rioya qilgan holda til o‘rganishni boshlasangiz, albatta, ko‘zlagan maqsadingizga уetishasiz.