Indoneziyaning Bali orolida joylashgan Hyatt mehmonxonasi qorovulini to‘rt metrlik bo‘g‘ma ilon bo‘g‘ib o‘ldirdi, deya xabar qiladi Agence France- Presse. Mazkur voqea payshanba kuni – 26- dekabrda sodir bo‘lgan; piton hanuz qo‘lga olinmaganligi bois, politsiya mahalliy aholini va sayyohlarni hushyorlikka chaqirmoqda. Xabar qilinishicha, 59 yoshli qorovul Ambar Arianto Mulyo mehmonxona yaqinida pitonni ko‘rib qolib, uni tutmoqchi bo‘lgan. Bitta qo‘li bilan ilonning boshidan, ikkinchi qo‘li bilan dumidan ushlab olgan ham. Ammo piton shu qadar kuchli ekanki, unga qarshilik ko‘rsatib, bo‘yniga o‘ralib, bo‘g‘a boshlagan. Bu paytda Mulyoning yonida uning tanishlari ham bo‘lgan, biroq ular juda qo‘rqishganidan, uni qutqarishga botina olishmagan. Oqibatda piton o‘z qurbonini bo‘g‘ib, bo‘yin umurtqalarini sindirgan, so‘ng o‘zi qochib qolgan. Mehmonxona yaqinida qotil pitonni izlash ishlari olib borilayotgan bo‘lsa-da, hanuz biror samara bergani yo‘q. Agentlikning ta’kidlashicha, bu kunlarda orolda Rojdestvo hamda Yangi yil munosabati bilan dam olishga kelgan sayyohlar ko‘p bo‘lgan. Indoneziyada suv bo‘g‘ma ilonlari yashaydi. Boshqa turdoshlariga qaraganda, ular pitonlar oilasining aytarli katta turi emas. Suv pitonining eng yirigi uzunligi to‘rt metrgacha borishi mumkin. Mazkur sudralib yuruvchilar odatda mayda sutemizuvchilar va qushlar bilan oziqlanishadi. Biroq boshqa tur ilonlarga va hatto timsohlarga ham tashlanishlari mumkin