SHERLAR.BIZ Chorshanba, 24.04.2024, 07:58
Приветствую Вас Mehmon | RSS
Меню сайта
Категории раздела
Latifalar [11]
Primyeralar [12]
Mobil telfonlar [197]
Sevgi dunyosi [826]
Qo'shiq matni [94]
Texnogoliyalar [98]
Kino yangiliklari [71]
Jahon yulduzlari [58]
Dunyo xabarlari [706]
Salomatlik sirlari [13]
Sport yangiliklari [589]
O'zbek yulduzlari [130]
Shou biznes olami [575]
Foydali maslahatlar [253]
Taomlar retseptlari [6]
Yulduzlar biografiya [59]
Qiziqarli malumotlar [697]
O`zbekiston Yangiliklari [641]
Munajjimlar bashorati 2017, 2018, 2019 / Мунажжимлар башорати 2017, 2018, 2019 [0]
Yangi qo'shiqlar 2017, 2018 [0]
Yangi mp3lar 2017, 2018 [0]
25-May bitiruvchilar kuni uchun she'rlar [1]
Ramazon tabriklari / Ro'za haqida she'rlar tilaklar [1]
Onalar haqida juda tasirli she'rlar / Manoli / Mazmunli [1]
Do'stlik haqida sherlar / Yaxshi va yomon do'stlar haqida she'rlar to'plami [1]
Наш опрос
Sayt haqida fikringiz
Всего ответов: 284
Мини-чат
Статистика


Hozirda saytda: 5
Mexmonlar: 5
Foydalanuvchilar: 0
Главная » 2013 » Dekabr » 9 » Agar oshiqligim aytsam
23:46
Agar oshiqligim aytsam
Shavkat qizni ilk bor talabalikning birinchi kuni, uzun yoʻlakda auditoriyaning ochilishini kutib turishgan payt koʻrdi. Shunda nogoh yuragi bir qalqib ketdi.Shoirlar yozganidek, «Shundan buyon tinchi yoʻqoldi». Chiroyli qizlarni koʻp koʻrgan, ammo bu qiz qandaydir boʻlakcha edi. Uni koʻzni qamashtirar darajada goʻzal deb boʻlmasdi. Ammo ikkinchi bor qarashga majbur qiladigan nimasidir bor edi. Bugʻdoyrang yuzining bichimi, musavvir qilqalami bilan chizilgandek koʻrkam qoshu koʻzlari, bilinar-bilinmas kulgichlari nihoyatda oʻziga yarashgan edi. Boqishlari muloyim, xuddi kulimsirab turganga oʻxshaydi. Yoqimli siymosidan joziba balqib turardi.
Oʻsha kuni birinchi dars qulogʻiga kirmadi. Shivir-shivirlardan qizning ismi Nafisa ekanligini bildi. Nigohi oʻz-oʻzidan, beixtiyor oʻsha qiz oʻtirgan tomonga ogʻib ketaverdi. Koʻz qiri bilan, oʻgʻrincha kuzatardi.
Shavkat tabiatan tortinchoq, uyatchan va jur’atsiz edi.
Ayniqsa qizlar bilan muomala-muloqotda qiynalib ketardi. Gaplashishga toʻgʻri kelib qolsa, oʻzini yoʻqotib talmovsirab qoʻyardi. Bu fe’lidan koʻp pand yegan, koʻp iztirob chekkan.
Bir kuni domla oʻrtaga savol tashladi. Hech kim javob berolmadi. Shavkat javobni bilsa ham odaticha indamay oʻtiraverdi. Domla tajanglanib savolni takrorladi. Yana hech kimdan sado chiqmadi. Shunda Shavkat ichi qizib, beixtiyor qoʻlini koʻtardi-yu darhol, qoʻrqa-pisa pastga tushirdi. Domlaning nazari tushib ulgurgan ekan, unga ishora qildi. Shavkat ichidan zil ketib, oʻrnidan turdi. Beixtiyor Nasiba oʻtirgan tomonga koʻz tashladi, xayajonlandi, peshonasidan sovuq ter chiqdi.Nazarida, qiz unga qiziqsinib qarayotgandek, ayni chogʻda nim tabassum bilan dalda berayotgandek tuyuldi.
– Yaxshi, barakallo, oʻtiring!– dedi domla, u bir amallab javobni tugatgach. – Bilar ekansiz, faqat...dadilroq gapiravering!
Shavkat kutilmagan maqtovdan suyunib ketdi. Nazarida, oʻsha kundan e’tiboran kursdoshlarining oldida obroʻ-nufuzi bir bahya koʻtarilgandek tuyuldi. Undan maslahat, yordam soʻrovchilar ham koʻpayib qoldi. Faqat hali-hanuz Nasiba bilan yaqinlasholmaydi. Bunga intilish uchun unda jur’at yoʻq. Gaplashish uchun til-zabon yoʻq. Duch kelib qolishganda shunchaki kursdosh sifatida salom-alikdan nariga oʻtolmaydi. Munosabatlarida qachondir bir oʻzgarish boʻlishini tasavvur qilolmaydi, bu haqda negadir oʻylamaydi. Qizni faqat dars paytida koʻra oladi. Dars boʻlmaydigan yakshanba kuni zerikib qoladi. Darslarni orziqib kutadi. Hamma joy-joyini egallab, domla ma’ruzasini boshlashi hamon nigohining bir cheti bilan qizni kuzata boshlaydi. Uning har bir hatti-harakati, yozayotganda boshini xiyol engashtirishidan tortib kiprik qoqishigacha nazaridan chetda qolmaydi. Qiz tanaffusda ham deyarli tashqariga chiqmas, dugonalari – Muazzam va Nazokat bilan orqa qatorda qaymoqlashib oʻtiraverar edi.Birov bilan mundoq ovozini koʻtarib gaplashgani yoki xo-xolab kulganini hali eshitmagan Shavkat hayron qolardi:
«Tavba, shaharlik qiz ham shunaqa boʻladimi?»
Sentyabrning oxirlarida paxta terimiga chiqishdi.Qishloqda paxtaning ichida oʻsib ulgʻayganlar bilan shaharliklar oʻrtasidagi farq shunday pallada yaqqol sezilib qoldi. Shavkat kabi tetapoya yoshidan paxta terib oʻrganlar uchun bu yumushning ogʻirligi bilinmas edi. Nasiba va uning dugonalari shaharlik edi, boyoqishlar bir haftaga bormay rang-roʻyi siniqib, soʻlgʻinqirab qolishdi. Buning ustiga paxtani kam tergani uchun domlalardan dakki eshitishardi. Shavkat ularga yordam bergisi kelar, ammo bunga jur’at qilolmas edi.Bir kuni dalada tasodifan dugonalar bilan yonma-yon boʻlib qoldi. Tushlikda hamma tergan paxtasini etagiga tugib, xirmonga joʻnayotganda ikkilana-ikkilana ularga yaqinlashdi va... Muazzamga qarab dedi:
– Paxtalaringni koʻtarishib qoʻysam...
– Meniki yengil, ana, Nasibaga yordamlasha qoling!
Shavkat aslida Nasibaga yordamlashmoqchi edi, faqat bunga botinolmayotgandi. Mushkulini oson qilgan Muazzamga minnatdor nazar bilan qarab qoʻydi.
«Demak ...bilarkan-da.Qizlar balo, yerning tagida ilon qimirlasa biladi...»
Nasiba paxtasini tugib, tayyor qilib qoʻygan ekan, Shavkat unga bir qur shoshib koʻz tashladi-yu engashib tugunni yelkasiga oldi. Nasiba beixtiyor unga ergashdi. Xirmon ancha uzoqda edi. Shavkat goʻyo orqasida ham koʻzi bordek, qizning siymosini butun borligʻi bilan his etib, yengil qadamlari sarxush kuy ohangidek eshitilib, koʻnglida gʻujgʻon oʻynayotgan hissiyotlardan entikib borar, xirmonning yana-da uzoqroq boʻlishini, shu lahzaning sira ado boʻlmasligini istar edi. Afsuski, xirmonga tezda yetib kelgandek boʻldi. Yukni yelkasidan avaylab tushirdi, shunda qizning «Rahmat» degan yoqimli ovozi butun vujudini olov taftidek ilitib oʻtdi. «Arzimaydi» deya shoshib, jovdirab ortiga burildi. Katta bir dovondan oʻtgandek hovliqar, munosabatlari endi boshqacha bir oʻzanga tushadigandek tuyular edi.
Shavkat sirini kursdoshlaridan faqat Asrorga aytgan, shu yigitni koʻngliga yaqin olib doʻstlashgan edi. Asror doʻstining oʻrtanib yurganini koʻrib oʻylanib qoldi. Keyin, qoʻlini asta pastga siltab, Nasiba tomonga bir qarab qoʻydi.
– Menimcha, sen kech qolding, endi...foydasi yoʻq.
– Tushunmadim, nima demoqchisan oʻzi?
– U...Nigʻmat bilan yuradi. Nima, bilmasmiding?
– Yoʻgʻ-e? Q-qaysi Nigʻmat? – Shavkat kalovlandi.
– Bizda oʻzi bitta Nigʻmat bor shekilli.
– Haligi... oʻqishga mashinasida keladigan oliftami?
– Ha oʻsha! – dedi Asror. – Eshitishimcha, paxtadan qiytishgach toʻylari boʻlarmish. Ular sinfdosh, bitta maktabda oʻqishgan ekan. Yigitni yengiltakroq deyishadi, qamalib ham chiqqanmish. Oʻrtalarida nima bor, nima boʻlgan – Xudo biladi. Afsus, Nasiba uvol boʻladigan boʻldi. Uzumning yaxshisini it yeydi-da.
Shavkat koʻngli gʻashlanib, Nigʻmatni koʻz oldiga keltirdi. Baland boʻyli, qaddu qomati kelishgan, sochlari jingalak yigit. U bilan kirish imtihonida yonma-yon oʻtirishgandi. Oʻshanda Nigʻmat «Iltimos, ogʻayni, sizdan koʻchirib olay, keyin...xursand qilaman » deb yalingan, Shavkat «Menga hech narsangiz kerak emas, mana, koʻchiravering» deya tantilik qilgan edi. Keyinchalik eshagi loydan oʻtgach,u ters oʻgirilib ketdi.
– Toʻy haqidagi gap...rostmi? – deb soʻradi Shavkat ovozi qaltirab.
– Rost boʻlsa kerak, paxtaga ham toʻyni bahona qilib kelmabdi-ku.
Shavkat tomogʻiga nimadir tiqilib qolgandek nafasi qisildi, koʻz oldi qorongʻilashdi. Nasibani esladi, oʻzini tubsiz jarga qulagandek chorasiz, ojiz his etdi. Yuragi qattiq siqildi.
– Sen koʻp kuyinaverma, – Asror dalda bergan boʻldi. – Har kimning peshonasiga yozgani boʻladi. Xotinning urugʻi Hirotdan kelmagan. Atrofingga tuzukroq qara, kursimizning oʻzidayam yaxshi qizlar koʻp. Seni oʻzlaricha yoqtirib, bir ogʻiz soʻzingga intiq boʻlib yurganlari ham bor. Ammo sen ulardan xurkib, yaqiniga bormaysan. Men qizlarning oʻzaro gʻiybatidan eshitib qoluvdim, Mahsuma ham, Husniya ham seni yoqtirisharkan.
Shavkat doʻstining sodda, jaydari mulohazasidan hayron boʻldi..
«O tentak! Nahotki dunyoda koʻngil degan narsa borligini bilmasang?!»
Oradan kunlar oʻtdi. Shavkat koʻngliga qil sigʻmay gangib yurdi. Koʻzlari beixtiyor terimchilar orasidan Nasibani qidirib qolar, uni uzoqroqdan koʻrsa ham entikar, yuragi tuz sepgandek achishar edi. Asrordan eshitgan noxush xabar boshiga toʻqmoq bilan urilgandek ta’sir etgan boʻlsa-da, koʻngil tubiga yanada chuqurroq yashirishga uringan pinhoniy hissiyotini zarracha pasaytirolmadi. Qaytangga, uni yangitdan lovullatdi. Faqat endi qizni tushkun, ezgin bir kayfiyat bilan qoʻmsar edi.
Shavkat yurak yutib Nasibaning paxtasini xirmonga eltish uchun oldiga borgan edi, (goʻyo muloqotning boshqa yoʻli yoʻqdek!..) qiz «Qoʻyavering, oʻzi yengil» deya ray qilmadi. Yigit ichidan qirindi oʻtib, mulzam boʻldi. Atrofga alanglab qaradi,
«Xayriyat, hech kim koʻrmadi, hech kim sezmadi...»
Shavkat tarvuzi qoʻltigʻidan tushib, shalvirab, paxtazor chetidagi gʻovlab ketgan yovvoyi oʻtlar ichiga oʻzini urdi. Yarim etak tergan paxtasini boshiga yostiq qilgancha chuqur egat ichiga yonboshlab, oʻz yogʻiga oʻzi qovrilib yotaverdi, tushlikka ham chiqmadi, oqshomgacha hech kimning koʻziga koʻrinmadi.
«Suymaganga suykalma!.. Endi yaqiniga yoʻlamayman.Demak, Asrorning gapi toʻgʻri. Qizlar boyvachcha, kelishgan yigitlarni yoqtiradi. Men oddiy, kambagʻal bir qishloqiman, koʻrinishim ham...oʻrtacha, ogʻir mehnatning orqasidan boʻyim ham oʻsmay qolgan. Nasibaga oʻxshagan qizlar mendaqalarni boshiga ursinmi? Teng tengi bilan...»
Shavkat alam ustida goho shunday mulohazalarga borsa-da, bundan dardu armoni yengillashmas, chunki endi inon-ixtiyori oʻzida emas edi. Uzzu kun egatning ichida, koʻzlardan panada, tergan bir tutam paxtasining ustida choʻnqayib oʻtirgancha xayol surar, Nasibani oʻylab ezilar, kuchli sogʻinchga, beqiyos tashnalikka oʻxshash adoqsiz bir ichikish mudom koʻksini achishtirar, shundoq qoʻl uzatsa yetgudek joyda turgan qizga erisholmasligi dunyoning eng katta adolatsizligiday tuyular edi.
Shavkat odaticha egatning bir chetida yana Nasibani oʻylab-qoʻmsab, koʻngli ozurda boʻlib, xomush-diltang oʻtirgan edi, kurs oqsoqoli Toshpoʻlat yoniga kelib qoldi.
– Ha goʻdak! Nima boʻldi?
Harbiy xizmatdan keyin oʻqishga kirgan, maktabdan toʻgʻri uchirma boʻlganlardan ikki – uchta koʻylakni ortiqcha yirtgan «qariya»lar oʻzidan yoshroqlarni «goʻdaklar» deb atar, bu iboraga hamma koʻnikib ketgani uchun hech kimga ogʻir botmas edi.
– Shu...oʻzim... – dedi Shavkat xuddi siri fosh boʻlib qoladigandek xavotirlanib.
– Menga qara-chi! – dedi Toshpoʻlat koʻzlariga tikilib. – Mabodo ...birontasini yaxshi koʻrib qolmadingmi?
– E-e qoʻysangiz-chi! – Shavkat qimtinib, yerga qaradi.
– Yoʻq-yoʻq, sen uyalma! Yaxshi koʻrishning uyat joyi yoʻq. Koʻzlaring aytib turibdi, sen oshiqsan. Xuddi Qodiriy «Oʻtkan kunlar»da «Bek oshiq» deb yozganidek...
«Nahotki «oshiq»ligim bilinib qolgan boʻlsa?Unda...yaxshi emas. Yoki Asror aytib qoʻydimikin? Yoʻq, uning ogʻzi mahkam, ishonaman unga»
Shavkat bir zum ikkilandi, oqsoqolga butun dardini aytvoray dedi. Koʻnglida izhori dilga kuchli ehtiyoj bor edi. Toshpoʻlatning hazilkashligini eslab, yana shashtidan tushdi.
«Xudo koʻrsatmasin, hazil aralash birovga ogʻzidan gullab qoʻysa, bu sharmandalikni qandoq koʻtaraman? Ozgina umid-ilinj boʻlganda ham boshqa gap edi.»
– Sen dadilroq boʻlaver! – dedi Toshpoʻlat davom etib. – Qizlar lapashanglarni yoqtirmaydi. Mana, qariyalardan oʻrnak ol! Ostonaqul Marziya bilan, Boʻriboy Oynisa bilan allaqachon juftlashib oldi.Xudo xohlasa yaqinda gumburlatib toʻy qilamiz. Uzoqdagi bugʻdoydan yaqindagi somon yaxshi. Keyinchalik, sogʻinishib, qiynalib yurmaymiz. Bordi-keldilar ham oʻngʻay boʻladi. Sen ham temirni qizigʻida bos!
Shavkat qoʻlidagi koʻk koʻrakni tirnoqlari bilan ezgʻilagancha, oʻzi ham ezilib xayolga botgan edi. Toshpoʻlat undan gap chiqmasligiga koʻzi yetgach, yelkasiga sekin urib qoʻyib, keyingi paykalga oʻtib ketdi.
Quyosh ufqda Samarqand noniday qip-qizarib bota boshladi. Talabalar xirmon chetida mashina kutishmoqda. Ular yashaydigan barak bu yerdan ancha olis. Har kuni chang yoʻlda yuk mashinasida borib kelishadi. Manzilga yetguncha boyoqishlar changga belanib, qoshu kipriklari xuddi tsirkdagi masxarabozlarnikiga oʻxshab oqarishib qoladi.
Shavkat har gal barakka yetishganda mashinadan tushib, yoʻlning bir chetida toʻxtar, Nasiba to koʻzdan gʻoyib boʻlguncha ortidan mungʻayib kuzatib qolar edi. Bu gal ham shunday qildi.Shunda...shunda u mutlaqo kutmagan, ammo bir umr xotirasida muhrlanib qolgan bir moʻ‘jiza – holat sodir boʻldi. Nasiba mashinadan tushgach, bir-ikki qadam yurdi-yu sekin ortiga qayrilib qaradi, nigohi oʻziga intiq-intizor boʻlib, javdirab turgan Shavkatning koʻzlari bilan toʻqnashdi. Shunda u bir jilmayib qoʻydi-yu yana yoʻlida davom etdi. Shugina xolos! Ammo bundan Shavkatning yuragi bir xapriqib ketdi! Bu iltifotdan boshi osmonga yetdi! Oʻzini qoʻyarga joy topolmay hovliqdi. Bezovta pitirlayotgan yuragi koʻksiga sigʻmay duk-duk urardi.Endi nimadir qilishi lozimdek tuyuldi. Yotoqxonaga joniqib keldi.
Qoʻshni barakka koʻchma kino kelgan ekan, hamma oʻsha yoqqa ketibdi. Shavkat kinoga bormadi. Undan-da muhimroq bir ishga qoʻl urgisi keldi.Koʻksida bir nima qaynab toshmoqda edi. Zaifgina tarillab, kichkina chiroqchani arang yoritib turgan «dvijok» yorugʻida yon daftarini qoʻlga oldi. Yozmoqchi boʻlgan (hali uning nima ekanini oʻzi ham bilmasdi) narsasiga Boborahim Mashrabning «Agar oshiqligim aytsam, Kuyib jonu jahon oʻrtar» degan mashhur misrasini xatboshi qilib olgach, asta yoza boshladi:
Shoirmasman bilsang, Nasiba
Ammo boʻlding oʻzing ilhomchi.
Muhabbatim bir ummon boʻlsa,
Yozganlarim undan bir tomchi.
Keyingi satrlar ham oʻz-oʻzidan quyilib kela qoldi.Koʻp oʻtmay daftarning yarmini toʻldirib qoʻydi.Bundan oʻzi ham hayratlandi.Chunki ilgari mutlaqo she’r yozmagandi.
«Shoirlar ilhomni qaerdan olishini endi bildim! Hammasi... oʻzini yozarkan-da!..»
Shavkat keyingi kunlarda ham yozishda davom etdi. Daftar ishq izhori bilan toʻlib-toshdi. Endi ermagi-dardkashi oʻsha daftar boʻlib qoldi.Koʻngil kechinmalarini qogʻozga tushirgan sayin yengil torta boshladi. Avvalroq shunday qilmaganiga afsuslandi. Yolgʻiz qolganda ishqiy she’rini qayta-qayta oʻqir, oʻqigan sayin oʻziga koʻproq yoqa boshlar, endi uni yaqin bir sirdoshiga koʻrsatgisi, keyinroq Nasibaning oʻziga yetkazgisi kelar edi. Nazarida, shunday qilsa qandaydir bir moʻ‘jiza roʻy beradigandek, Nasiba uni tushunadigandek, agar tushunsa, shunday sevgini javobsiz qoldirishi mumkin emasdek tuyular edi.
Shavkat ikkilana-ikkilana daftarni Asrorga koʻrsatdi.
– Faqat, agar ma’qul boʻlmasa ustimdan kulmaysan! – deya shart qoʻydi.
Asror bu gapga parvo qilmay, daftarni diqqat bilan oʻqiy boshladi. Goh qoshlarini chimirib, jiddiy tortar, goh miyigʻida sekin kulib qoʻyar edi. To oʻqib boʻlguncha Shavkatning ichini it tirnab, betoqat boʻldi.
– E qoyil! Zoʻrsan-ku! – dedi Asror daftarni uzata turib.
– Sen...jiddiyroq gapir, – dedi Shavkat andak asabiylashib.
– Axir...yaxshi deyapman-ku, yana nima deyishim kerak!– dedi Asror hayron boʻlib.
– Bor fikring shumi oʻzi?
– Masalan, menga ma’qul boʻldi. – Asror doʻstini xotirjam qilishga urindi. Men oʻlsam ham bunaqa narsa yozolmasdim. Sen...koʻnglingni yaxshi ochibsan. Shunisi muhim!
Shavkatga doʻstining soʻnggi maqtovi yoqib tushdi. Yayrab ketdi.
«Toʻgʻri aytadi. Asosiy maqsadim ham shu – koʻnglimni ochish edi»
– Xoʻsh, endi buni nima qilmoqchisan?
– Sen...nima maslahat berasan? Mabodo ...oʻziga bersam...noqulay boʻlmasmikin? Harholda u...
– Toʻgʻri, sening holating ancha murakkab.Bermasang, buyam bir armon boʻlib qolishi mumkin.
– Unda...
– Menimcha, beraversang boʻladi. Muhabbat izhor qilish hech qachon gunoh sanalmagan.
– Qanday beraman?
– Men berib qoʻyishim mumkin.
– Mana, olaqol, – Shavkat daftarni avaylab uzatdi, – faqat ...oʻziga bergin, birov bilmasin. Yana kulgiga qolib yurmay. Meni...bilasan-a?!
– Bilaman, bilaman, xotirjam boʻl.
Oradan bir kun oʻtdi, xolos.Ikkinchi kuni dalada Nigʻmatning oq «Volga»si paydo boʻldi. U toʻgʻri uch dugona paxta terayotgan dalaga bordi. Nasiba bilan oshkora oʻpishib koʻrishdi. Keyin ularga atalgan sovgʻa-salomlarni topshirdi. Domlalarga ham ichiga turli noz-ne’matlar, turfa ichimliklar solingan alohida xalta-paket qoldirdi. Paxtadan qaytishgach, Nasiba bilan toʻylari boʻlarkan. Shunga ellikta taklifnoma berib ketdi. Bu xabar bir zumda tarqaldi.
Shavkat Asrorni bir chetga chaqirib soʻradi:
– Haligi... daftarni bermabmiding?
– Berib qoʻyuvdim, nimaydi?
– Shuni... chakki qilibmiz.
– Nega? Axir oʻzing...
– Bunaqa boʻlishini tush koʻribmanmi? Toʻyi boʻlayotgan qizga...
– Axir... sen aybdor emassan, tushungin, buni...hayot deydilar!
– E, baribir ...yaxshi ish boʻlmadi.
Keyingi, kutilmagan voqea Shavkatning pinhoniy, mahzun, istiqbolsiz sevgisiga uzil-kesil, shafqatsiz nuqta qoʻydi.
Oqshom payti barakka qaytish uchun odatdagidek mashina kutib, zerikib turishganda Ayniddin degan qoʻrsroq yigit (darslarda almoyi-aljoyi savollari bilan domlalarni koʻp xunob qilardi) nogoh oʻrtaga chiqdi, qiziq tomosha koʻrsatmoqchidek qoʻlini koʻtarib, Shavkatga qarab qoldi.
– Oʻrtoqlar! Oramizda tuppa-tuzuk shoir bor ekanu, bilmay yurgan ekanmiz.
Shavkat xuddi balandlikdan qulagandek yuragi shuv etib ketdi. Nafasi boʻgʻziga tiqildi. Koʻz oldini xira bir tuman qopladi. Koʻpchilik unga qiziqsinib, ayrimlar oshkora, kinoyaviy kulimsirab qarab turar edi.
– Qani shoir, oʻzlaridan bir eshitaylik endi! – dedi Ayniddin. – Yoki ...oʻsha shoh satrlarni eslariga solib qoʻyaymi?
Asror turgan joyida serrayib qotib qolgan Shavkatga bir qarab qoʻygach, shoshib oʻrtaga intildi, ammo ulgurolmadi. Ayniddin hammaning koʻzi oldida Shavkatga qarab oʻsha tanish she’rni oʻqib qoldi:
Shoirmasman, bilsang Nasiba,
Ammo boʻlding oʻzing ilhomchi!
Davrada gur kulgi koʻtarildi, koʻpchilik Shavkatga ajabsinib, ayrimlar esa afsus-achinish bilan qarab qoldi.
Shavkatning ichida nimadir uzilib ketgandek boʻldi, bir lahza koʻz oldi qorongʻilashdi, arang oʻzini qoʻlga oldi, she’rning davomini eshitgisi kelmay, yugurib borib Ayniddinning yuziga shapaloq tortib yubordi. U ham haqini birovda qoldiradiganlardan emasdi, tashlanib qoldi. Ikkovlon jiqqamusht boʻldi. Asror oʻrtaga tushdi, keyin boshqalar... Hammayoq toʻs-toʻpolon boʻlib ketdi...
...Shavkat tun yarmigacha mijja qoqmay, toʻlgʻonib chiqdi. Butun vujudini kuchli, cheksiz-adoqsiz bir iztirob-alam ayovsiz kuydirardi. Endi uxlay olishiga koʻzi yetmay, uf tortib, barakdan tashqariladi. Orqasidan yengil sharpa eshitildi.
– Sen yana mendan shubhalanib yurmagin, – dedi Asror yengidan asta tortib. – Men daftarni Nasibaning oʻziga berganman!
– Unda she’rni boshqalar qaerdan biladi? – dedi Shavkat keskin oʻgirilib.
– Men ham shunga hayronman, – dedi Asror afsuslanib. – Ular daftarni temir sandiqqa solib qoʻyishmaydi-ku, ochiq qolgan boʻlsa, birontasi koʻrib oʻqigandir-da. Qoʻy endi, shunga ham ota goʻri qozixonami? Mashoyixlar aytgan – hamma narsaning davosi – vaqt!
– Yoʻq, sen baribir tushunmayapsan. Sevgimning barbod boʻlganiga bir amallab chidarman. Ammo mana bu sharmandalikka qandoq toqat qilish mumkin? Qandoq? Oriyat oʻlimdan kuchli! Ustimdan oshkora kulishmasa ham ichlarida «Oʻl-a bu kuningdan!» deyishmaydimi? Doʻst bor, dushman bor...
- Xoʻsh, boʻlar ish boʻldi, endi nima qilmoqchisan?
– Nima qilardim, ketaman, butunlay ketaman.
– Ketishing...shart emas. Burgaga achchiq qilib...
– Endi kursdoshlarning yuziga qandoq qarayman? Paxtadan keyin sizlar toʻyga borasizlar, men ...qayoqqa boraman? Boshimni qaysi toshga uraman? Yoʻq, yoʻq, endi bu yerda oʻqiy olmayman! Ketaman!
– Jinnilik qilma!
– Jiddiy aytyapman, qarorim qat’iy! – dedi Shavkat keskin ohangda.
Tong saharda Shavkat hech kim bilan xayrlashmay joʻnab ketdi

Muallif: Shodmon Otabek
Категория: Sevgi dunyosi | Просмотров: 1118 | | Теги: Agar oshiqligim aytsam | Рейтинг: 5.0/4
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]
Вход на сайт

Ro'yxatdan o'tish
Parolni unutdingizmi?
Поиск
Календарь
«  Dekabr 2013  »
ПнВтСрЧтПтСбВс
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
3031
Архив записей
Друзья сайта
  • Официальный блог
  • Сообщество uCoz
  • FAQ по системе
  • База знаний uCoz
  • Copyright MyCorp © 2024Хостинг от uCoz