ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR (1483 - 1530) Ulug’ o’zbek shoiri, mutafakkir, tarixchi va davlat arbobi; markazlashgan davlat va boburiylar saltanati asoschisi. Zahiriddin Muhammad Bobur Andijon (1483 y. 14 fevral)da tug’ildi. Amir Temurning beshinchi avlodi, Farg’ona hukmdori Umarshayxning farzandi. Bobur 12 yoshda (1494) taxtga chiqdi. 1503-1504 yillarda Afg’onistonni egalladi. 1519-1525 yillarda Hindistonga 5 marta yurish qiladi. Uch asrdan ortiq davom etgan (1526-1858 y.y.). boburiylar saltanatiga asos soldi dekabrda Agra (1530 y. 26 dekabr)da vafot etdi. Qabri keyinchalik vasiyatiga ko’ra Qobulga ko’chirilgan. Lirik merosi "Qobul devoni” (1519)ga, 1528-29 yillarda "Hind devoni” ga jamlangan. To’liq devon tuzgani haqida ma’lumot bor. She’rlarining umumiy hajmi 400 dan ortadi. Shundan 119 g’azal, 231 ruboiy va tuyuq, qit’a, fard, masnaviy kabi janrlarda asarlar yaratgan. She’rlarini mavzu jihatidan oshiqona, ta’limiy, tasavvufiy, hasbi hol kabi turlarga ajratish mumkin. Bobur she’riyati intellektual qalb izhori sifatida arqoqlidir. Uning asarlari samimiy, ravon, usluban tugal va mushakkaldir. Bobur ruboiy janrini turk adabiyotida dunyoga olib chiqqan shoirdir. Boburning ulug’ asari "Boburnoma” bo’lib, uni "Vaqoe” deb ham nomlaydilar. Buyuk memorial asarda 1494-1529 yillari Markaziy va Kichik Osiyoda, Yaqin va O’rta sharq mamlakatlarida kechgan voqealar bayon etilgan. "Boburnoma”ning o’ndan ortiq qo’lyozma nusxalari bor. Asarni Qozonda N.I. Ilminskiy (1857), Londonda Beverij xonim nashr (1905) etgan. O’zbekistonda dastlab professor Fitrat 1928 yilda asardan parchalar e’lon qildi. "Boburnoma”ning 1948-1949 yillarda ikki jildli; 1960, 1989 yillarda tuzatilgan, 2002 yilda to'ldirilgan qayta nashri amalga oshirildi. "Boburnoma”ni Abdurahim xoni xonon (1586) fors tiliga, Vitsen (1705) golland tiliga, J.Leyden (1826) va V.Erskin ingliz tiliga, Pavel de Kurteyl (1871) fransuz tiliga, Rashit Rahmati Arat (1940) turkchaga, Mixail Sale (1943) ruschaga tarjima qilganlar. 1826-1985 yillar davomida "Boburnoma” 4 marta ingliz (1826,1905,1921,1922), 3 marta fransuz (187, 1980, 1985), 1 marta nemis (1878) tiliga o’girilgan. Yangi alifbo-"Xatti Boburiy”ni (1504) kashf qildi. Unda she’rlar yozdi va Qur’on ko’chirtirdi. Boburning soliq ishlari haqida ma’lumot beruvchi "Mubayyinul-zakot” (1521), aruz vazni haqidagi "Risolai aruz” (1523-25) kabi asarlari bor. "Aruz risolasi”da turkiy aruzning tabiati, taraqqiyoti va she’riy asarlardagi ko’rinishlari; aruzning 272 vazni va 21 bahriga ilmiy sharhlar berilgan. Xoja Ahror Valining "Volidiya” asarini o’zbekchaga she’riy tarjima qilgan. Boburning "Harb ishi”, "Musiqa ilmi” nomli asarlar yaratgani haqida ham ma’lumot bor. Ammo, ular topilgan emas. Jonimdin o’zga yori vafodor topmadim, Ko’nglumdin o’zga mahrami asror topmadim. Jonimdin o’zga jonni dilafkor ko’rmadim, Ko’nglum kibi ko’ngulni giriftor topmadim. Usruk ko’ziga toki ko’ngul bo’ldi mubtalo, Hargiz bu telbani yana hushyor topmadim. Nochor furqati bila xo’y etmisham, netay, Chun vaslig’a o’zumni sazovor topmadim. Bore boray eshigiga bu navbat, ey ko’ngul, Nechaki borib eshigiga bor topmadim. Bobur, o’zungni o’rgatako’r yorsizki, men Istab jahonni muncha qilib yor topmadim. Kim ko’rubtur, ey ko’ngul, ahli jahondin yaxshilig’, Kimki ondin yaxshi yo’q, ko’z tutma ondin yaxshilig’. Bu zamonni naf’i qilsam ayb qilma, ey rafiq, Ko’rmadim hargiz, netayin, bu zamondin yaxshilig’. Dilrabolardin yomonliq keldi mahzun ko’ngluma, Kelmadi jonimg’a hech oromi jondin yaxshilig’. Ey ko’ngul, chun yaxshidin ko’rdung yomonlig’ asru ko’p, Emdi ko’z tutmoq ne ya’ni har yomondin yaxshilig’. Bori elga yaxhshilig’ qilg’ilki, mundin yaxshi yo’q Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig’. Yaxshilig’ ahli jahonda istama Bobur kibi, Kim ko’rubtur, ey ko’ngul, ahli jahondin yaxshilig’. Ne vafo umrumda ul jonu jahondin ko’rgamen, Kim vafo jondin ko’rubdurkim, men ondin ko’rgamen. Ko’z yo’lidin ul sari husnun nazar aylar edim, Qon yoshim ul yo’lni tutti, emdi qondin ko’rgamen. Yorab, ul kun shum toli’din manga bo’lg’aymukim Jonima orom ul oromi jondin ko’rgamen. Ko’z ko’rar, lekin solur meni balog’a bu ko’ngul, Bu baloni necha chashmi xunfishondin ko’rgamen. Bartaraf qilg’il vafo istarni eldin, Boburo, Ul g’alatdurkim, vafo ahli jahondin ko’rgamen. Sendek menga bir yori jafokor topilmas, Mendek senga bir zori vafodor topilmas. Bu shaklu shamoyil bila xud huru pariy sen Kim, jinsi bashar ichra bu miqdor topilmas. Ag’yor ko’z ollidaku ul yor ayon yo’q, G’amxore ko’ngul ichrayu g’amxor topilmas. Ey gul, meni zor etmaki, husnung chamanida Ko’zni yumub ochquncha bu gulzor topilmas. Bobur, seni chun yor dedi, yorlig’ etgil, Olamda kishiga yo’q esa yor topilmas. Charxning men ko'rmagan jabru jafosi qoldimu?! Xasta ko'nglim chekmagan dardu balosi qoldimu?! Meni xor etti-yu qildi muddaini parvarish, Dahri dunparvarning o'zga muddaosi qoldimu?! Meni o'lturdu jafoi javr birla ul quyosh, Emdi turguzmak uchun mehru vafosi qoldimu?! Oshiq o'lg'och ko'rdim o'limni o'zimga, ey rafiq, O'zga ko'nglimning bu olamda harosi qoldimu?! Ey ko'ngul, gar Bobur ul olamni istar, qilma ayb, Tengri uchun de bu olamning safosi qoldimu?! G’urbatu hijrong’a qoldim, oh ul jon ilgidin, Jong’a yettim emdi g’urbat birla hijron ilgidin. Ko’rsatur gah tiyg’u gah o’q holatimni bilmayin, Ne balolar ko’radurman yori nodon ilgidin. El fig’onimdin bajonu men bu jondin, ey ajal, Qil xalos elniyu meni jonu afg’on ilgidin. Bobur, ul oy hajrida ishing base dushvor edi, Shukrkim, qutqardi o’lum seni oson ilgidin. Yor yuzumni ko’rub dardu g’amim bilsa kerak, Yuz ko’rub dardu g’amim chorasini qilsa kerak. Ey sabo, jonu ko’ngulni o’zining chun qildi, Ko’ngli birla degasen joni uchun kelsa kerak. Vaslini ne qilayin g’ayrdin ayrilmadi hech, Yor vasli menga, u ag’yordin ayrilsa kerak. Vaslining qadrini chun bilmadi bu telba ko’ngul, Hajrining tiyg’i aning yuragini tilsa kerak. Shukr Boburni bilurmen degan ermish ul oy, Lojaram bandalarin shohlari bilsa kerak.
|