Bu kabi turli murojatnamo gaplarni ko‘cha-ko‘yda ko‘p eshitamiz. Tabiiyki, bunday tashabbus bugungi kungacha faqat yigitlar tomonidan ko‘tarilgan bo‘lib, bu vaziyatda qizlar uyalganidan yerga qarashgan. Ammo, bugun... Ko‘pgina yangi urf bo‘lgan «an’ana»lar qatorida yigitlarga "gap” otadigan qizlar toifasi ham shakllanib borayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. To‘g‘risi, bu haqda yozishga oldiniga andisha qildim. Ammo baribir kimdir gapirishi kerak, aks holda bundan ham ko‘ngilsizroq voqelar sodir bo‘lmasin, degan niyatda qo‘limga qalam oldim. Keling, yaxshisi o‘zim bevosita guvohi bo‘lgan bir voqeani aytib bera qolay. Balki ayrim dugonalarim bundan o‘zlariga kerakli xulosani chiqarib olishsa. Odatdagidek kechki payt ishdan chiqib, metroga tushdim. Metro poezdini kutib o‘rindiqda bir pas o‘tirdim. Yonimda 18-19 yoshlar chamasi ikkita chiroyli qiz ham gaplashib o‘tirishibdi. Shu payt bir yigit kelib yonimizdagi ustunga suyanib turdi. Uni ko‘rgan haligi ikki qiz bir-birini sekin turtib qo‘ydi: ”Qara, Nilu, kelishgan ekanmi”. Ularning suhbati beixtiyor menga ham eshitilardi. (Bundan boshqa ilojim ham yo‘q edi). — Hozir ko‘rasan, men ana shu bola bilan tanishaman, telefon nomerini ham olaman, deb qoldi birinchi qiz o‘rtog‘iga. Unisi bo‘lsa, "Ololmaysan Nilu, nima qilasan ovora bo‘lib” deganicha kulib qo‘ydi. Endi Nilu degani yigitdan ko‘z uzmasdan uning o‘ziga qarashini kuta boshladi. Va nihoyat, yigitning nigohi qizlarga tushdi. Fursatdan foydalangan qiz unga qarab ikkita barmog‘ini telefon shakliga keltirib qulog‘iga tutdi. Hech narsadan xabari yo‘q yigit avvaliga hayron bo‘lib qaradi va keyinroq nima demoqchiligini tushundi- yu, sekin kelib ularning yoniga o‘tirdi. Shunday qilib, birinchi bosqich muvaffaqiyatli yakunlangan edi. Qiz bolaning bunday tashabbusiga odatda kamdan- kam yigitgina rad javobini qaytaradi. Voqea davomini kuzata boshladim. Tanishganlariga endigina bir daqiqa bo‘lgan yigit bilan qiz eski tanishlardek suhbatini boshlaganlarida metro poezdi kelib qoldi-yu, voqeaning davomi qanday tugashiga bo‘lgan qiziqish qanchalik ustun bo‘lmasin, o‘z yo‘limda davom etdim. Xafa bo‘lmasam ham bo‘larkan. Bu ko‘rganim ke¬yingilarining oldida hech narsa emas ekan. Endi har qadamda deyish sal noto‘g‘ri bo‘laru, lekin kunda bir necha bor bu kabi «noodatiy» hollarga duch kela boshladim. Yoshgina qizlarning bu darajada "jasorati”dan hayratga tushasan ba’zida. — Voy, tavba, axir bu teskari zamon bo‘ldi-ku. Qizlar yigitlarga gap tashlab tursa- ya. O‘zbek qizining ibo, hayosi qaerda qoldi? Endi nabiralarimga qanday qilib to‘g‘ri tarbiya beraman. Ko‘chadagi bunday hangomalarga guvoh bo‘lib ul¬g‘ayayotgan qizaloqlarning balog‘atga yetganda qanday kelin bo‘lishini tasavvur qilib ko‘rayapsizmi, qizim?! — deb gapirib qoldi navbatdagi tomoshaga men bilan guvoh bo‘lib qolgan onaxon. Rayhona Xo‘jayeva, "Ma’rifat” gazetasidan