Yapon internet-xoldingi Rakuten 900 million AQSh dollari evaziga Viber Media kompaniyasini sotib olmoqchi. Bu haqda Rakuten saytida e’lon qilingan press-relizda so‘z boradi. Rakuten rahbari Xirosi Mikitanining ta’kidlashicha, Viber’da “ajoyib stikerlar do‘koni” mavjud va messenjer “o‘yin platformasi sifatida ulkan potensialga ega”.
Viber messenjerida 300 millionga yaqin a’zo qayd etilgan. U matnli xabar almashish, qo‘ng‘iroq qilish va videoqo‘ng‘iroq xizmatlarini taqdim etadi. 2013-yilning dekabridan buyon Viber’da statsionar va uyali telefonlarga qo‘ng‘iroq qilish imkoniyati ham yaratilgan. U kompyuterlarda ham, mobil qurilmalarda ham ishlaydi.
Messenjer o‘z ishini 2010-yili boshlagan. Viber Media asoschisi isroillik tadbirkor Talmon Marko hisoblanadi. Kompaniyaning shtab-kvartirasi Kiprda, dasturiy ta’minotni ishlab chiqaruvchi ofislari esa Isroil va Belarusda joylashgan.
Rakuten Yaponiyadagi eng yirik internet-tijorat maydoni – Ichiba’ga egalik qiladi. Keyingi yillarda xolding faol ravishda xorijdagi loyihalarga sarmoya kiritmoqda: kompaniya elektron kitoblarni o‘qiydigan Kobo qurilmasi hamda Buy.com onlayn-riteylerining ishlab chiquvchisini sotib oldi. Shuningdek,u Pinterest ijtimoiy tarmog‘iga va Rossiyaning Ozon.ru internet-do‘koniga sarmoya kiritdi.