Главная » 2014»Fevral»15 » Uzmobile negizida milliy mobil aloqa operatori tashkil etiladi
22:40
Uzmobile negizida milliy mobil aloqa operatori tashkil etiladi
“O‘zbеktеlеkom” аksiyadorlik kompaniyasining Uzmobile filiali negizida mobil aloqa milliy operatori tashkil etilmoqda. Bu O‘zbekiston Prezidentining 12-fevraldagi “Mobil aloqa milliy operatori faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan ko‘zda tutilgan. Bu haqda Gazeta.uz xabar beradi. Qarorda ta’kidlanishicha, mobil aloqa milliy operatori “uyali aloqa bozorida milliy kompaniyalarning keng ishtiroki uchun zarur sharoitlarni yaratish hamda mamlakatning mobil uyali aloqa tarmoqlarini yanada rivojlantirish, shuningdek, axborot xavfsizligini ta’minlash maqsadida” tashkil etilmoqda.
Milliy operator tarmog‘ini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar jadvalida 2014-yil mobaynida 1020 tayanch stansiyalari, radiorele jihozining 500 komplekti, hamda 2 million raqamga mo‘ljallangan kommutatsiya stansiyasi va billing tizimini o‘rnatish orqali uyali aloqa bilan Toshkent shahrini qoplash ko‘zda tutilgan.
2015-yilda milliy operator tarmog‘i bilan barcha viloyatlar markazlari, 2017-yil davomida esa respublikaning barcha aholi puktlarini qoplash rejalashtirilgan.
Mobil aloqa milliy operatorining asosiy vazifalari etib uyali aloqa tarmoqlari, shaharlararo va xalqaro tarmoqlar hamda ma’lumotlar uzatish tarmoqlarini loyihalash, qurish, foydalanish va telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish, shu jumladan uzoq tumanlarda; barcha hududlarda internet tizimiga ulanish, mobil televideniye, elektron to‘lovlar va kommersiya xizmatlarini ko‘rsatish; axborot xavfsizligi talablarini hisobga olgan holda uyali aloqa tarmoqlarining ishonchli va barqaror faoliyat yuritishini ta’minlash belgilangan.
Milliy operator tarmog‘ini tashkil etish bo‘yicha loyihani “O‘zbektelekom” o‘z mablag‘lari, xorijiy hamda milliy banklarning kreditlari evaziga moliyalash rejalashtirilgan.
Qarorda shuningdek “O‘zbektelekom” AK olib kiriladigan texnologik uskunalar bo‘yicha 2018-yilgacha boj to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod etilishi ko‘zda tutilgan.
Uzmobile mobil aloqa milliy operatorini uyali aloqa xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish huquqini beradigan litsenziya olish uchun davlat boji to‘lashdan, shuningdek, radiochastota spektridan foydalanish to‘lovini to‘lashdan besh yil muddatga ozod qilish ham rejalashtirilgan. Bunda bo‘shagan mablag‘larni tarmoqni rivojlantirishga maqsadli yo‘naltirish sharti qo‘yilgan.
Hozirgi vaqtda uyali aloqa xizmatlarini O‘zbekistonda to‘rtta kompaniya amalga oshiradi: GSM-operatorlar Beeline va Ucell hamda CDMA-operatorlar Uzmobile va Perfectum Mobile. O‘tgan yilning dekabr oyiga kelib ularning xizmatidan O‘zbekistonda 19 million abonent foydalanayotgan edi.