Nonushtaga quymoq pishirasizmi, tort
uchun krem tayyorlaysizmi, xullas,
nimaga ishlatsangiz ham tuxumning
po`stlog`ini tashlab yuborasizmi?
Chakki qilasiz! Chunki u talay foydali
xususiyatlarga ega. Qolaversa,
tuxumning o`ziga ham faqat ozuqa
mahsuloti sifatida qarash noto`g`ri.
Soch uchun oziqlantiruvchi niqob
Buning uchun bitta tuxum (agar
sochlar uzun va qalin bo`lsa, ikkita),
2-4 osh qoshiq suv kerak. Tuxumni
suv bilan yaxshilab aralashtirib, bosh
terisiga va sochlarga surting. 3-5
daqiqa o`tgach, ozgina limon sharbati
qo`shilgan iliq suv bilan yuvib tashlang.
Suv juda issiq bo`lmasin, aks holda
boshingizdagi tuxumning oqi «pishib
qoladi». Bu niqobni haftada bir marta
qilib tursangiz, bosh terisi yaxshi
oziqlanadi va sochlar yaltiraydi.
Yuz terisini taranglashtirish uchun…
Agar yuzingiz terisi quruq bo`lsa,
tuxumning faqat sarig`ini ishlating.
Agar yog`li bo`lsa, oqiga bir necha
tomchi limon sharbati va 1 choy qoshiq
asal qo`shib ishlatasiz. Agar
teringizning yog`lilik darajasi o`rtacha
bo`lsa, tuxumni butunicha ishlatsangiz
ham bo`ladi.
Tuxumni yaxshilab ko`pirtirasiz.
Yuzingizga surtib qo`yib, yarim soat yo
osmonga qarab o`tirasiz yoki yotasiz
— mushaklaringiz bo`shashi kerak.
Yarim soatdan keyin niqobni iliq suv
bilan yuvib tashlab, oziqlantiruvchi
krem surting.
Tuxum po`stlog`idan skrab
Tuxumning po`stlog`ini yupqa
pardasidan tozalab oling-da,
qahvamaydalagichda kukun holiga
keltiring. Oz miqdorda dush uchun
mo`ljallangan gel yoki boshqa
suyultirilgan yuvinish vositasidan
qo`shing. Tuxum po`stlog`i terini o`lik
hujayralardan avaylab tozalaydi. Bu
skrabni nafaqat yuz, balki butun tana
uchun qo`llasa bo`ladi.
Soch va tirnoqlarni
mustahkamlashda…
Tuxum po`stlog`i organizm uchun juda
zarur kalsiy manbaidir. Sochlaringiz va
tirnoqlaringiz go`zal jilolanib,
mustahkam bo`rishini istasangiz,
haftada hech bo`lmasa bir marta 1/3
choy qoshiq tuxum po`stlog`i kukunini
2 dona baliq moyi kapsulasi bilan
iste`mol qilib turishni unutmang.
Po`stloq bilan davolash
Tuxum po`stlog`i suvni zararli
aralashmalardan tozalab, unga ishqorli
xususiyat baxsh etadi. Bunday suvni
iste`mol qilgan kishi oshqozon
og`rig`idan xalos bo`ladi, yaralar va
kuygan joylar esa bunday suv
vositasida tezroq tuzaladi.
Uni tayyorlash juda oson: 1 choy
qoshiq maydalangan tuxum po`stlog`i
ustiga 1 litr qaynatib-sovutilgan suv
quying va 5 soat tindirib qo`ying.
So`ng shu suv bilan moychechak,
qizilpoycha (zveroboy) va zubturum
(podorojnik) damlamalarini tayyorlab
(har bir o`tning quritilganidan 1 choy
qoshiqdan olinadi), bir hafta davomida
kuniga 3 martadan ichib turish kerak.
Sifatli elim
Tuxum oqi juda zo`r elimdir. U qog`oz
va yupqa kartonni yaxshilab
yopishtirish xususiyatiga ega.
Teridan ishlangan buyumlarni
yaltiratish uchun…
Agar teridan ishlangan buyumlaringizni
yaltiratishni istasangiz, yumshiq lattani
ko`pirtirilgan tuxum oqiga botirib olib,
ularni arting. Loklangan poyabzal yoki
qo`lqoplarni yaltiratish uchun bitta
tuxum sarig`ini 1 osh qoshiq o`simlik
moyi va 3 osh qoshiq skipidar (o`tkir
hidli suyuq modda, dorixonalardan
so`rang) bilan aralashtiring va hosil
bo`lgan aralashama bilan ohorini
yo`qotgan buyumingizni yaxshilab
arting.
Poyabzalni yangilash
Agar poyabzalingizning yuzasi biroz
yorilgan, ammo o`z hali bus-butun
bo`lsa, uni avval vazelin, so`ng esa
xom tuxum oqi bilan arting. Oxirida
paxmoq mato bilan yaltiraguncha
ishqalang.
Ko`mir va qurumdan tozalash
Kiyimga tekkan qorakuya va ko`mir
dog`larini tuxum sarig`i va skipidar
aralashmasi (bitta tuxum sarig`iga 3
osh qoshiq skipidar) yaxshi tozalaydi.
Aralashma bilan qora dog`ni yaxshilab
arting, so`ng kiyimni kir sovun bilan
yuvib, obdan chayib oling.
Choyshablarni oqartirish uchun
Oq tuxumning po`stlog`i oqartiruvchi
xususiyatga ega. Tuxum po`stlog`ini
hovonchada tuyib oling, oq chit matoga
yaxshilab o`rang va avtomat kir yuvish
mashinasiga boshqa yuviladigan
buyumlarga qo`shib soling. Ham kir
yuvish kukunini kamroq ishlatasiz, ham
kutilgan natijaga erishasiz.
O`simliklar uchun o`g`it
Tuxum po`stlog`ini tuyib, ustidan suv
quying. Bir sutka o`tgach, shu suv
bilan xona gullarini va tomorqadagi
ekinlarni sug`oring. Tuxum po`stlog`i
tarkibidagi foydali moddalar — ajoyib
o`g`itdir.