Telefon orqali avtomobilni ochish siri e’lon qilindi
Har bir telefonda uning egasiga noma’lum bo‘lgan bir qancha imkoniyat mavjud. “Kluber” klubi favqulodda holatlar yuzaga kelganda foydalanish mumkin bo‘lgan shunday noma’lum imkoniyatlardan ayrimlarini e’lon qildi. Foto: cluber.com.ua Xususan, aloqa doirasidan tashqarida favqulodda holat sodir bo‘lganda 112 raqamini terish mumkin. Shunda telefon mintaqada mavjud bo‘lgan favqulodda holat raqamlarini qidira boshlaydi. Mazkur raqam dunyoning barcha mamlakatlarida amal qiladi. Uni qurilma blokirovka holatida bo‘lganida ham terish mumkin. Bundan tashqari, telefon avtomobil kalitlari transport vositasi ichida, zaxira kalitlar esa uyda qolib ketganida ham asqotadi. Shunday vaziyat yuzaga kelsa, telefondan uydagi biror kishining uyali aloqasiga qo‘ng‘iroq qilib, mobil qurilmangiz va avtomobil eshigi oralig‘ida 30 santimetrlik masofani saqlashingiz lozim. Uydagi kishi zaxira kalitni mobil qurilmasiga yaqinlashtirib, undagi mashinani ochishga mo‘ljallangan tugmani bosadi va, natijada, avtomobil ochiladi. Bunda uydan avtomobilgacha bo‘lgan masofaning ahamiyati yo‘q. Telefon qurilmasining seriya raqamini bilish uchun *#06# kombinatsiyasini terish lozim. Shunda ekranda 15 xonali raqam paydo bo‘ladi. Mazkur kod har bir telefon uchun alohida berilib, boshqa hech qaysi mobil qurilmada takrorlanmaydi. Ushbu raqamni kerakli joyga yozib qo‘yish foydadan holi emas. Negaki, masalan, telefoningiz o‘g‘irlanganda, operator bilan bog‘lanib, kodni bersangiz, u telefoningizni blokirovka qilib qo‘yadi. Bunda SIM-karta almashtirilsa ham, qurilmadan foydalanishning imkoni bo‘lmaydi. Telefoningizni qaytara olmasangiz ham, undan hech kim foydalanmayotganiga ishonchingiz komil bo‘ladi.