Bugun, 4 mart kuni Qirg'iziston poytaxti Bishkek shahrida bosh rollarda qirg'izistonlik qo'shiqchi Nurbek Savitahunov hamda o'zbekistonlik aktrisalar Shaxzoda Matchanova va Sitora Farmonovalar o'ynagan "Obshaga" (Yotoqxona) teleseriali premyerasi bo'lib o'tdi.
Serial prodyuserlari Eldiyar Kenensarov va Kamila Abdilga ko'ra, loyiha avvalo millatlararo do'stlik va hamjihatlikka qaratilgan.
Jami 25 qismdan tashkil topgan teleserialda mamlakatning turli hududlaridan kelgan talabalar hayot tarzi bayon qilinadi.
Serial mualliflariga ko'ra, o'zbek aktrisasi Shaxzoda Matchanova O'sh shahridan poytaxt oliy o'quv yurtlaridan birida o'qish uchun kelgan Taxmina ismli qiz ro'lini ijro etadi.
Katta shahar Taxmina oldida yangi imkoniyatlarni ochib, uni o'zining jozib jihatlari bilan sinaydi. U yosh va iqtidorli talaba Chingizni (Nurbek Savitahunov) sevib qoladi va ular birga bo'lish uchun hayotning qator sinovlaridan o'tishadi.
- 2010 yilda yuz bergan fojiali voqealardan so'ng menda bunday achchiq damlarda odamlarga dalda bera oladigan serial suratga olishi go'yasi paydo bo'lgan edi. Biz senariy tuzib, kerakli mablag'ni topib, suratga olish ishlarini o'tgan yilning kuz oylarida boshladik, - deydi serial prodyuserlaridan biri Kamila Abdil.
"Obshaga" seriali 11 martdan boshlab Qirg'izistonning NTS va Jamoatchilik birinchi telekanali orqali namoyish etiladi. Keyinchalik serial qismlari internetga ham yuklanishi aytilmoqda.
|