Sevara Nazarxonning Toshkentdagi konsertiga chipta narxlari e’lon qilindi. Preyskurantga ko‘ra, konsertga chiptalar 300 000, 350 000, 400 000, 450 000 va 500 000 so‘mga sotila boshladi. Chipta narxi hisobiga konsertga tashrif buyuruvchilar uchun tashkil etiladigan dasturxon ham kiritilgan. Dastlab stolga to‘rt xil salat, go‘sht va baliqli assorti, sovuq gazaklar (limon, brinza, pishloq), birinchi taom sifatida issiq gazak julyen, ikkinchi taom sifatida kiyevcha kotlet tortiladi. Bundan tashqari, dasturxonda non, choy, sharbat, desertga “Rafaello” shirinligi, shuningdek, spirtli ichimliklar bo‘ladi.
Chipta narxlari joyning sahnaga yaqinligiga qarab belgilangan.
Konsert 19:30 da boshlanib, 23:00 ga qadar davom etadi. Dress-kod belgilanmagan. Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, xuddi to‘y yoki banketga borgandek kiyinish maqsadga muvofiq.
Eslatib o‘tamiz, Sevara Nazarxonning konserti 14-fevral kuni “O‘zbekiston” mehmonxonasida bo‘lib o‘tadi.
|