2014-yilning 30-martga o‘tar tunida Qrim yarimoroli aholisi Moskva vaqtiga o‘tdi. Mahalliy hamda Kiyev vaqti bilan soat 22:00 da butun Qrim hududida soatlar millari ikki soat oldinga surib qo‘yildi. Shu tariqa Simferopol va Moskvadagi vaqt bir xil bo‘ldi, deya xabar bermoqda “RIA Novosti” axborot agentligi.
Kiyev vaqti bilan soat 22:00 da Simferopoldagi temir yo‘l vokzali minorasining soati millari tantanali ravishda surib qo‘yildi. Marosimni tomosha qilishga Qrim poytaxtining mingga yaqin aholisi to‘plandi. Ular qo‘llarida Rossiya bayroqlarini tutib olishgan, kechki payt bo‘lishiga qaramasdan, ko‘pchilik bolalarini ham olib kelgan. Maydonda o‘rnatilgan sahnada qrimlik san’atkorlar chiqishlar qilishdi. Qrim Bosh vaziri Sergey Aksyonov ham shu sahnada turib, “Sizlarni uyga qaytish va to‘g‘ri vaqtga o‘tish bilan tabriklayman. Bu – bizning bayramimiz!” – dedi.
Ukrainada 30-martga o‘tar tunda soatlar millari bir soat oldinga surilib, yozgi vaqtga o‘tildi. Rossiyada esa yozgi vaqtga o‘tish bekor qilingan.
Moskva vaqtiga o‘tish qarori Qrim davlat kengashi tomonidan 17-martda, ya’ni, referendumning ertasiga qabul qilingan.