Главная » 2014»Mart»29 » O‘zbekistonda mobil aloqa xizmatidan foydalanuvchilar soni 19,6 millionga yetdi
17:01
O‘zbekistonda mobil aloqa xizmatidan foydalanuvchilar soni 19,6 millionga yetdi
Shu yilning 28-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida “Xalqaro elektr aloqasi ittifoqi Ustavining milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilingan normalaridan kelib chiqib uyali aloqa sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda palata matbuot markazi xabar berdi.
Tadbir parlament quyi palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi tomonidan tashkil qilindi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi aloqa axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi, “O‘zbektelekom” aksionerlik kompaniyasi, “O‘zstandart“ agentligi mas’ul xodimlari, ekspertlar, OAV vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida ta’kidlanganidek, mustaqillik yillarida mamlakatimizda axborot va telekommunikatsiya texnologiyalari, jumladan mobil aloqa tizimlarini shakllantirish va rivojlantirish, sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, tegishli qonunchilikni mustahkamlash va xalqaro normalarga uyg‘unlashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasining mobil aloqa sohasidagi xalqaro munosabatlarining ijobiy rivojlanishida davlatimizning Xalqaro elektraloqasi ittifoqining faoliyatida 1992-yildan buyon faol ishtirok etib kelayotgani ham muhim ahamiyat kasb etadi. Xalqaro elektraloqa ittifoqi BMTning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi maxsus agentligidir. Mamlakatimiz Xalqaro elektraloqasi ittifoqining a’zosi bo‘lgach, bir qator imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Jumladan, telekommunikatsiyalar xizmatlari uchun radiochastota spektri va geostatsionar yo‘ldoshlar orbitalaridan foydalanishni yaxshilash, XEI doirasida texnikaviy yordam olish, elektraloqa jihozlari va tarmoqlarini tashkil etish, rivojlantirish va takomillashtirish, Birlashgan Millatlar Tashkilotining tegishli dasturlarida ishtirok etish va zaruratga qarab XEI resurslaridan foydalanish, telekommunikatsiyalar xizmatlaridan birgalikda foydalanish yo‘li bilan inson hayoti xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari ko‘rish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Ushbu sohaga taalluqli qonunchilik va unga implementatsiya qilingan xalqaro normalar asosida mamlakatimizda mobil aloqa xizmatini rivojlantirish borasida chora-tadbirlar ham tizmili ravishda hayotga tatbiq etilmoqda. Jumladan, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi hududida mobil aloqa xizmatidan foydalanuvchilar soni 19,6 million kishini tashkil etadi. Tegishli litsenziyalar asosida 4 ta mobil aloqa operatorlari tomonidan ularga xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.
Davra suhbati yakunida mobil aloqasi tizimlarini rivojlantirish, sohada xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, xalqaro normalarga muvofiq tegishli qonunchilikni takomillashtirish ishlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan tavsiyalar qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, 2013-yil 6-dekabr kuni Prezident Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 21-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda nutqida respublikamizda mobil aloqa xizmatidan foydalanuvchilar soni 19 million nafarni tashkil etganini ta’kidlagan edi.