Главная » 2014»Fevral»5 » O‘zbek roboti Rossiyada “Eng texnologik robot” deb tan olindi
09:03
O‘zbek roboti Rossiyada “Eng texnologik robot” deb tan olindi
Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universitetining mexatronika markazi a’zolari Moskva shahridagi “Rossiya ko‘rgazmalar markazi”da 25–26-yanvar kunlari o‘tkazilgan ACP Geek Picnic ko‘rgazmasida ishtirok etdi. Ko‘rgazma mehmonlargaga hozirgi kundagi erishilgan yutuqlarni ko‘rsatish hamda yoshlar orasida zamonaviy texnologiyalarga bo‘lgan qiziqishni orttirish maqsadida tashkil etilgan. Unda kichik robotlar, uchuvchi moslamalar, gumanoid robotlar, mega robotlar, 3D printerlarda robot qismlarini yasash va boshqa shu kabi yo‘nalishlar tashkil etilgan. Shuningdek, ko‘rgazma davomida mega sumo, mini sumo, mikro sumo, nano sumo, Lego sumo va gumanoid sumo bahslari o‘tkazilgan. Unda O‘zbekiston jamoasi mini sumo va mikro sumo turlarida “Robotjon” hamda “Mikro Robotjon”lar bilan qatnashdi. Birinchi marotaba qatnashganliklariga qaramasdan umumjamoa hisobida 4-o‘rinni egalladi. Robo-sumoning har bir yo‘nalishida ishtirok etayotgan robotlar uchun alohida o‘lcham, og‘irlik shartlari mavjud. Ammo barcha yo‘nalishlarning bir qoidasi bor: 3 daqiqa ichida raqib robotini aylana maydondan surib chiqarish zarur.
Ikki kun davom etgan musoboqada O‘zbekiston, Rossiya, Ukraina, Belorussiya, Fransiya va boshqa davlatlardan 60ga yaqin jamoalar ishtirok etdi.
Bizning robotimiz musobaqada “Eng texnologik robot” deb topildi va jamoamiz fahrli diplomlar bilan rag‘batlantirildi, – deya ta’kidlaydi Olimjon To ‘ychiyev. Siz-u bizga o‘zbek robot ixtirochisi hamda “Shuhrat” medali sohibi sifatida tanish bo‘lgan Olimjon bilan ko‘rgazma va musoboqa haqida fikrlarini so‘radik:
Musoboqada birinchi marta ishtirok etdingiz. Qanaqa taassurotlar va nimalarni his qildingiz?
Olimjon To‘ychiyev: Avvalo bu kabi musobaqalarda qatnashishda katta hayajon bo‘ladi. O‘zing kabi olis yurtlardan faqat g‘alaba uchun kelgan raqiblarni ko‘rib, men ham faqat g‘alaba uchun kelganman, degan fikr qalbingni qamrab oladi. Shuningdek, butun boshli yurtning nomidan qatnashayotganing esa g‘ururlantiradi kishini!
Shu kabi musoboqalar O‘zbekistonda ham tashkil etiladimi? Aynan sumo-robot musoboqasini o‘zimizda ham tashkil etish niyati uyg‘onmadimi?
Olimjon To‘ychiyev: Yaqin kelajakda biz shu kabi musobaqalarni o‘zimizda ham o‘tkazish niyatimiz bor. Buning uchun ishtirokchilar hozirdanoq qatnashish istaklarini bildirsalar ayni muddao bo‘lar edi. Chunki, yetarlicha ishtirokchilarsiz bunday musobaqalarni o‘tkazish mushkul.
Robot yasash qiyin emasmi? O‘rganishni xohlovchilar qayerga murojaat qilishlari kerak?
Olimjon To‘ychiyev: Albatta, har bir ishning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari mavjud. Robototexnika ham bundan mustasno emas. Lekin aytish joizki, robot yasash siz o‘ylaganingizdek murakkab ham emas. Buning uchun yetarlicha bilim va istak bo‘lsa bas. O‘rganishni xohlovchi har bir inson avval o‘zi tahsil olayotgan oliygoh, kollej, litsey va maktablariga murojaat qilishlari yoki texnika yo‘nalishida ta’lim beruvchi oliygohlarning malakali ustozlariga va to‘garak rahbarlariga murojaat etishlari ham mumkin.
Yosh robototexniklarimizga kelajakdagi ishlarida muvaffaqiyatlar tilaymiz!