Jizzax viloyatining Baxmal tumanida olma daraxti gulladi, deya xabar bermoqda Jizzax axborot portali. “Baxmal tumanida bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadigan kishilar juda ko‘p. Baxmal olmasi ham respublika bo‘ylab taniqlidir”, — deb yozadi nashr. Ma’lum bo‘lishicha, ayni pishiqchilik pallasida, yig‘im-terim arafasida olma daraxtlarining ba’zilari kurtak chiqarib, gullay boshlagan. Mahalliy bog‘bonlarning aytishicha, bunga olma daraxtlariga kasallik tegishi sabab bo‘lgan. “Xalq tilida chatr deb ataladigan, o‘rgimchak to‘ri ko‘rinishidagi kasallik oqibatida ba’zi daraxtlarning barglari to‘kilib ketdi. To‘kilgan barglar o‘rnida yangi yaproqlar bilan birga gullar ham chiqa boshladi”, — dedi bog‘bon Sardor Choriyev.