Главная » 2014»Fevral»23 » iOS tizimini buza olgan 17 yoshli xakerni Apple ishga oldi
19:58
iOS tizimini buza olgan 17 yoshli xakerni Apple ishga oldi
Internetda winocm niki bilan tanilgan 17 yoshli maktab o‘quvchisi Apple’ga ishga kirganligini ma’lum qildi. Bu haqda Cult of Mac blogi xabar bermoqda. Apple’da qanday vazifaga ishga olishganini winocm aniq bayon etmagan, ammo uning faoliyat sohasiga qaralganda, kompaniya undan xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi sifatida foydalanishi mumkin. Chunki winocm internetda 2011-yildan buyon operatsion tizimlarni buzish bilan shug‘ullanuvchi hamda iOS’ning 6.1.3–6.1.5 versiyalari proshivkasi uchun jeylbrek chiqargan xaker sifatida mashhur.
I figured now is the right time to say this, I will be working at Apple starting later this year.
— winocm (@winocm) February 21, 2014
2013-yili winocm iOS va OS X operatsion tizimlarining yadro kodlarini butunlay boshqatdan ko‘chirib chiqqan va ularni Apple mahsulotlaridan boshqa qurilmalarida ham ishlaydigan holatga keltirgan. O‘zining ta’kidlashicha, winocm dasturchilar jamoasi iPhone uchun operatsion tizim yaratishda bajargan ishlarning barchasini bitta o‘zi qaytadan qilib chiqqan. Natijada esa iOS operatsion tizimini Nokia N900 smartfoniga o‘rnatib ishga tushira olgan.
Hozirda 17 yoshda bo‘lgan winocm dasturlash ishiga to‘qqiz yasharligidan qiziqqan. Boshqa xakerlar kabi, u ham o‘zi haqidagi ma’lumotlarni oshkor etmaydi, jumladan, asl ismi-sharifini bildirmaydi.
Apple bu yigitchani ishga olar ekan, xakerlar xizmatidan foydalanish an’anasini davom ettirmoqda, deya ta’kidlaydi Tjournal. 2011-yili kompaniya JailbreakMe yaratuvchisi Nikolas Allegrani yordamchi sifatida yollagan edi, o‘shandan beri u jeylbreyk yaratishda ishtirok etmayapti.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda Apple’dan bo‘shagan dizayner kompaniyadagi qiyinchiliklarni bayon etgan edi.