Главная » 2014»Aprel»2 » Internetda iPhone 6’ning taxminiy suratlari paydo bo‘ldi
22:22
Internetda iPhone 6’ning taxminiy suratlari paydo bo‘ldi
Xitoyning Weibo mikrobloglar servisida iPhone 6 deb taxmin qilinayotgan smartfon korpusining fotosurati paydo bo‘ldi. Bu haqda TJournal xabar berdi.
Surat muallifi unda iPhone 6 smartfonining prototipi aks etganini, u Xitoydagi Apple’ning eski hamkori Foxconn fabrikasida sinovdan o‘tkazilayotganini ta’kidlagan. Biroq ushu rasmning haqiqiyligi hozircha isbotlangani yo‘q.
Nashrning qayd etishicha, suratdagi telefon dizayni avvalroq, 21-mart kuni internetda tarqalgan smartfon korpusi chizmalari bilan to‘liq mos tushadi.
Rasmdagi qurilma iPhone 5 va iPhone 5s’dan ingachkaroq korpus, kattalashtirilgan ekran, shuningdek, bo‘rtib turgan kamera bilan farqlanadi.
Apple mahsulotlarini sharhlab yuruvchi taniqli blogger Wylacom esa ushbu yangi suratlarni soxta deb topdi.
Eslatib o‘tamiz, 28-mart kuni Yaponiyaning yetakchi gazetalaridan biri Nikkei Apple kompaniyasi xalqaro bozorga o‘zining yangi iPhone smartfonini 2014-yilning sentabrida chiqarishini ma’lum qilgan edi.