Главная » 2014»Aprel»6 » Fransiyada sudya qotillikka guvoh bo‘lgan itni so‘roq qilishga urindi
20:23
Fransiyada sudya qotillikka guvoh bo‘lgan itni so‘roq qilishga urindi
Fransiyaning Tur shahrida g‘ayrioddiy sud jarayoni bo‘lib o‘tdi. Qotillik jinoyati bo‘yicha olib borilgan bu ishda sudya qurbon bo‘lgan kishining itini guvoh sifatida so‘roq qilmoqchi bo‘ldi. Chunki, sudyaning fikricha, it qotilni ko‘rgan va uni tanib qolib, bu bilan sud ishiga yordam berishi kerak edi. Bu to‘g‘rida RTL radiostansiyasiga tayanib “ITAR-TASS” xabar qiladi.
O‘ldirilgan 27 yoshli yigitning qarindoshlari aytishlariga ko‘ra, uning labrador zotli, Tango laqabli iti voqeaga guvoh bo‘lgan. Egasi o‘lganidan keyin u asabiy bo‘lib qolgan, tunlari yaxshi uxlay olmagan.
Bulardan xabar topgan sudya “guvoh” bilan bog‘lanish uchun veterinar mutaxassisga murojaat etdi, u esa “ko‘rsatmalarni tekshirish” uchun xuddi shunday zotli va shu yoshdagi, ammo voqealarga umuman aloqasi bo‘lmagan Norman laqabli itni olib keldi. Norman ham aybdorni tanib olish jarayonida ishtirok etishi, gumonlanuvchini ko‘rganda bu ikki it qanday munosabat bildirishiga qarab xulosa chiqarilishi lozim edi.
Biroq tajriba kutilgan natijani bermadi. Sudyaning talabiga ko‘ra, gumonlanuvchi Greguar Lafarj qo‘lida kaltak bilan itlarning oldida tajovuzkorona xatti-harakatlar qildi. Sudyaning fikricha, shu orqali Tango o‘sha mash’um kunni eslab, qotilni tanib olishi kerak edi. Lekin itlarning ikkalasi ham bu holatga bir xil beparvolik bilan munosabatda bo‘lishdi.
Gumonlanuvchining advokatini esa bu tajriba jiddiy tashvishlantirdi, chunki shu paytgacha u masalaga bunday yondashuvni ko‘rmagan edi. U prokurorga murojaat etib, bu tariqa “yuzlashtirish” hatto jonivorlar ruhiyatiga ham salbiy ta’sir etganligini ta’kidladi.
“Bularning barchasi menda Fransiya adliyasiga nisbatan jiddiy achinish tuyg‘usini hosil qilmoqda, – dedi advokat. – Sudya aqlga tayanib ish ko‘rmasdan, bemulohaza tajribalar o‘tkazsa, adliya tizimi kishilarga xavf sola boshlaydi”.