Moskva yaqinidagi Orexovo-Zuyevo shahri fuqarosi folbinni o‘ldirganligi uchun ikki yillik shartli qamoq jazosiga hukm etildi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi saytida xabar qilinadi. 31 yoshli Andrey Valdbauer Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 107-moddasi (jazava holatidagi qotillik) bilan aybdor deb topildi. Psixiatriya ekspertizasining ko‘rsatishicha, jinoyat sodir etgan payti u o‘z xatti-harakatlarini nazorat qila olmaydigan holatda bo‘lgan.
Valdbauer va uning 37 yashar xotini Yuliya Bondarenko 62 yoshli folbin Marina Morozovaga 2013-yilning martida murojaat etishgan. Ular folbindan biznesdagi muammolarini hal etishda yordam berishini so‘rashgan (Bondarenko yuk tashish firmasining direktori, Valdbauer esa haydovchi edi). Folbin bir qancha rasm-rusumlarni bajargan, mijozlar esa buning evaziga unga taqinchoqlar va maishiy texnika jihozlarini berishgan.
Ammo 2013-yilning may oyida folbinning Bondarenkoga aytishicha, eri uni o‘z joniga qasd qilishga majburlab, biznesini o‘z qo‘liga olish niyatida emish. Folbin Morozova buning oldini olish uchun unga avtomobil hadya etishlarini so‘ragan. Tabiiyki, oilada janjallar kelib chiqqan, Valdbauer xotiniga folbin aldayotganligini tushuntirishga uringan. Ammo Bondarenko eriga ishonmay, iyun oyining boshida uni uyidan haydab chiqargan. Shundan keyin ham folbin bu oila a’zolariga qo‘ng‘iroq qilib, mashinani talab qilavergan, aks holda ularga kinna solishini aytib tahdid qilgan.
Oxiri Valdbauer bunga chiday olmagan, 8-iyun kuni Morozovaning kvartirasiga borib, uni bo‘g‘gan, keyin esa bir necha joyiga pichoq urgan. Shundan so‘ng u voqea joyidan qochib ketgan, biroq Morozovaning falaj yotgan onasi jinoyatga guvoh bo‘lib, tergovchilarga qotil kimligini aytgan.