Ta’til payti qishlog‘imga borganimda adabiyotga qiziqib yuradigan bir necha hamqishlog‘im mendan: «Sadafiy degan shoirni taniysizmi?», - deb so‘rashdi. - U haqda bir-ikki eshitganman,darvish shoir, deyishadi. Lekin o‘zini ko‘rmaganman, kitobi ham menga uchramagan, - dedim. - Nahotki?! U, axir, bizning viloyatdan, qo‘shni tumandan ekan. She’rlari bilan aytiladigan qo‘shiqlarni artistlar «Ey, Sadafiy» deb tugatishadi-ku, - ajab-lanishdi hamqishloqlarim. - Viloyat u yoqda tursin, tumanimizdan borib poytaxtda yashayotganlarning ko‘pchiligini ham tanimayman. Toshkent katta shahar, undagi shoirlar soni Alisher Navoiy davridagi Hirot shoirlari sonidan kam emas, - dedim men sal balanddan kelib. Hamqishloqlarim bilan bo‘lgan adabiy suhbat, bu sohada ularni qiziqtiradigan boshqa mavzu bo‘lmagani uchun, shu tarzda yakunlandi. Biroq shu suhbat sabab bo‘lib, men qo‘shiqchilik san’ati va uning benazir imkoniyatlari haqida mulohazaga berildim. Agar yetti yashar talantli bolakay oynai jahonda biron qo‘shiqni qoyillatib aytolsa, butun elga taniladi. Kamida bir necha kun barchaning og‘zida gap bo‘ladi. O’zinigina emas, qo‘shig‘i matnini yozgan shoirni ham elaro mashhur qiladi. Holbuki, bir necha kitobi chiqqan nosirni o‘z mahalladoshlarining ko‘pchiligi tuzuk-quruq tanimasligi, taniganlar ham, bironta she’rini mashhur xonandalar qo‘shiq qilib kuylamagani uchun, katta ijodkor sifatida e’tirof etmasligimumkin. Mana, hamqishloqlarim ham mendan: «Biron yangi narsangiz chiqdimi?», - deb so‘rash o‘rniga, Sadafiyni tanish-tanimasligim bilan qiziqishdi. «Taniyman, o‘zimizning ukaxonlardan», - deb bir oz yolg‘onlaganimda, ular nazdida kaminaning maqomi bir pog‘ona ko‘tarilgan bo‘lardi. To‘g‘ri, shoir do‘stlarim ta’siridashe’rlar qoralaganman. Bir turkumi «Sohil ohanglari» to‘plamida chop ham etilgan. Biroq, afsuski, qo‘shiq bo‘larlik she’rim yo‘q. Boz ustiga, qo‘shiqbop she’r yozishning uddasidan chiqilganda ham, unixonandalarga, ayniqsa, yiriklariga ijro ettirish mushkulligini yaxshi bilardim. Mahallamizning mo‘‘jaz adabiy davrasi yoshullisi va adabiyotning tor ko‘chalarida bizdan bir necha poyafzalni ko‘proq to‘zitgan shoir akaxonimiz qo‘shiqbop she’rlar yoza olar, ular unda-bunda maydaroq xonandalar tomonidan kuylangan ham edi. - Falonchini zo‘r shoir deysizmi?Aslida unchalik emas, - derdi odatda akaxonimiz biron nomi chiqqan shoir haqida gap ketganda. - Gap shundaki, uning she’rlarini katta artistlar qo‘shiq qilib aytishgan. Bu jihatdan uning omadi chopgan. Lekin she’rlarini taqqoslasangiz,baribir, meniki kuchli! Faqat hozircha biron nomdor artist bilan tanisholmayapman-da. Nihoyat, akaxon adabiyotning keng va yorug‘ maydoniga chiqish, ya’ni nomi va she’rini katta sahnalarda jaranglatish uchun g‘oyatda mashhur xonandaga mo‘ljallab, maxsus qo‘shiq matnini yozdi. Xonanda tilidan elga lirik murojaat tarzida yozilgan she’rga: «Men sening yulduz qizingman, xalqim», degan sarlavha qo‘yilgan edi. Uni dastavval bizga o‘qib berdi. - E, qalamingizga tasanno, shedevr-ku bu! - dedi mahallamizning peshqadam shoiri Abduhamid Parda. - Xudoxohlasa, Yulduzning repertuaridan aslo tushmaydigan qo‘shiq bo‘ladi. Garchand, Pardaning mubolag‘aga moyilligi bizga sir bo‘lmasa-da, e’tirof etish lozimki, she’r yurakdan yozilganedi. Agar xonanda ham uni yurakdan qo‘shiq qilib kuylasa, xalq qabul qilishi tayin edi. Bundan so‘ng turnaqator bo‘lib keladigan yutuqlarni tasavvur qilavering. Albatta, xonanda yangi she’rlarga buyurtma berish asnosida bu she’rning qalam haqini jo‘natadi. Boshqa san’atkorlardan ham qo‘shiqbopshe’rlarga buyurtmalar yog‘iladi... Xullas, shoir akamiz nashriyotda uzoq yillardan beri navbatda turgan, hali yorug‘lik ko‘rmasdanoq bir muchalini o‘tkazgan to‘plami nashr etilishi, shoirlik shuhrati mahallamizdan tashqariga ham yoyilishi, turg‘unlikka yuz tutgan moddiy ahvoli yaxshilanishi - barchasini shu qo‘shiq ijobiy tarzda hal qilishidan umidvor edi. She’rni xonandaga yetkazishning eng oson yo‘li topildi. Akamiz xonandaning kontsertiga tushib, she’r ko‘chirilgan qog‘ozni guldasta orasiga joylab, o‘z qo‘li bilan taqdim etdi. Keyin sabr bilan kutdi. Xonandaning radiodagi chiqishlarini muntazam eshitar, lekin oylar o‘tsa-da, u intizor kutayotgan qo‘shiqdan darak yo‘q edi. Xonandaga qo‘ng‘iroq qilib so‘rashga g‘ururi yo‘l bermasdi. Bizga noliganda qo‘ldan kelgancha tasalli berdik:«She’ringizni kelasi yil boshidagi yangi kontserti uchun olib qo‘ygan bo‘lsa kerak.Har bir katta kontsertida muxlislari uchun bir necha yangi qo‘shiq hadya etishi lozim-ku. Kelasi kontserti boshida sizning she’ringizni kuylasa ajab emas. Hatto yubiley kontsertini boshlash uchun ham bundan yaxshiroq qo‘shiq topish amrimahol». Zoriqib kutilgan kontsertga akamiz oilasi bilan birinchi kuniyoq tushdi. Chipta qimmatligi bois, biz she’r qo‘shiq qilinganiga ishonch hosil qilgandan so‘ng tushadigan bo‘ldik. Biroq ertasiga akamizni tushkun holatda ko‘rdik. Xonanda uning she’rini na kontsert boshida va na oxirida kuylabdi. Biz ham taajjublandik. Chunki she’rda hech qanday nuqson yo‘q edi. Unda qaerda kamchilikka yo‘l qo‘yildi ekan? - O’tgan yili she’rni xonandaning o‘z qo‘liga tutqazganmidingiz? - so‘radim men. - Qo‘liga tutqazganim yo‘g‘-u, guldasta orasiga solib, ko‘zga tashlanadigan qilib beruvdim, - dedi akamiz. - Eh, ishni xom qilibsiz-ku, - dedi jig‘ibiyron bo‘lib Abduhamid Parda. - Axir, u «ichiga nima solingan» deb barcha guldastalarni birma-bir titib chiqarmidi?! She’rni chiroyli xatjildga solib, guldastadan alohida qo‘liga berib: «Yulduzxon, shuni qo‘shiqqilsangiz, maxsus siz uchun yozilgan», - desangiz bo‘lardi-ku! - Ha, shunday qilish kerak edi, -deya tasdiqladim men ham. - U she’ringizni ko‘rmagan bo‘lishi mumkin. Esiz, bir yil vaqt! - Xayrli ishning kechi yo‘q. Yulduzning kontserti o‘n kun davom etadi. Yana bitta chiptaga va bir guldastaga tushsangiz nima qipti?! - dedi Parda va o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. - Men Norali To‘raevga bag‘ishlab yozgan dostonimni naq uning hovlisigaeltganman. O’zi yo‘q ekan-u, lekin qorovulga: «O’z qo‘liga berasiz», - deb tayinladim. Bunga ham uch-to‘rt oy bo‘ldi. Negadir, Norali hanuz qo‘ng‘iroqqilmayapti. Nihoyatda band odam-da! O’zim bir o‘tib xabar olishim kerak. Shoir akamiz maslahatimizga amal qildi. «Yiqilgan kurashga to‘ymas» deganlaridek, qo‘shiq matni bilan xonandani o‘ngu so‘ldan qamal qilishni boshladi. Xonanda viloyatlarga gastrolga chiqqanda, akamiz qaysidir viloyatdagi qarindoshiga «kontsertiga tushib, qo‘liga bergin», deb she’ridan nusxa jo‘natdi. Qo‘ng‘iroq qilib natijani so‘raganida, «o‘z qo‘limbilan o‘z qo‘liga berdim», - degan ijobiy javobni eshitdi. Shu orada qo‘shiq matnini xonandaga yana bir bor yetkazish uchun zo‘r imkoniyat paydo bo‘ldi. Radiodan muayyan kunda o‘sha xonanda bilan suhbat bo‘lishi xabari berilib, savol va xatlaringizni kutamiz, deyishdi. Akamiz she’rga ajoyib bir xat ilova qilib,radioga o‘zi eltib berdi. Eshittirishni butun vujudi quloqqa aylanib tingladi. Suxandon qizga rahmat! «Sizga xat yo‘llaganlar orasida taniqli ijodkorlar ham bor», - deb akamizning ismi sharifini aytibdi. So‘ngra: «U kishi siz qo‘shiq qilishingiz uchun bir she’r yozibdilar, bir bandini o‘qib beraman», - deb chiroyli ovozda o‘qibdi. - She’r yoqdimi, qo‘shiq qilasizmi? - deb xonandaga murojaat qilibdi. - Juda yoqdi, shoir akamga rahmat! - degan javobni eshitganda akamizning ko‘zidan yosh chiqib ketibdi. Lekin xonandasi tushmagur she’rni qo‘shiq qilish yoki qilmasligi haqida tayinli gap aytmabdi. Oradan yil o‘tib, navbatdagi kontsertda ham biz kutgan mo‘‘jiza ro‘y bermagach, qanchalik noqulay bo‘lmasin, «balki she’r matnini biroz o‘zgartirib, boshqa biron xonandaga berib ko‘rish kerakdir», - degan mulohaza ham aytildi. Biroq akamiz keskin rad qildi. - Yo‘q, bu she’r atay uning o‘zi uchun yozilgan. Boshqasiga bersam, uvol bo‘ladi. Hech kim buni uning o‘zichalik aytolmaydi! Men hali aytmasidan oldinoq bu qo‘shiqni uning ijrosida eshitdim. (Biz angrayib, akamizga tikildik). Bir kuni deng, ertalab hali o‘rnimda yotganimda shu qo‘shiq tarala boshladi. Radiodanmi, televizordanmi - bilolmayman. Shunaqa mayin, dilrabo! Xotinim: «Turing, dadasi, ishga kechikasiz», - deb beliga tepdi qo‘shiqning. Turiboq: «Nega radioni o‘chirding, yoq!» - deb baqiribman. Attang, tushim ekan. Biroq shunchalik aniq-tiniq eshitdimki, bastakor bo‘lganimda, darhol ohangini notaga tushirardim. Hay mayli, u katta kompozitorlar bilan ishlaydi-ku. O’sha ohangni albatta topishadi... Qishloqdan Toshkentga qaytib kelgach, yoz oqshomlaridan birida do‘stim - bolalar shoiri, shuningdek, kattalar uchun hamyozadigan Dilshod Rajab bilan Chilonzor xiyobonlaridan birida sayr qilayotib, kabobxo‘rlik qilish uchun ochiq havoda - favvora teg-rasida turgan stollardan biri atrofiga o‘tirdik. Nariroqdagi stoldan qo‘zg‘algan juftlik Dilshodga tanish ekan. U borib ko‘rishdi. - Bu odamni taniysizmi? - so‘radi Dilshod qaytib kelib o‘tirgach. - Yo‘q, birinchi ko‘rishim, - dedim. - Qo‘shiqchi shoir Sadafiy shu bo‘ladi. Yonidagi ayol xotini. - E, shunday deng! Nihoyat, hamqishloqlarimga shoir Sadafiyni ko‘rganman, deb baralla ayta olaman. Lekin uni darvish qiyofasida tasavvur qilardim. Bu esa po‘rim kiyingan viqorli bir odam. O’zi, Sadafiy taxallusli shoir bittami? - Ha, shoir Sadafiy shu. Chindanam bor-yo‘g‘i bir necha yil oldin u haqiqiy darvish edi. Qo‘shiqchi shoir sifatida tanilgani bilan na tayinli ishi, nauy-joyi bor va na kitoblari chiqqan edi. Xotini tufayli qaddini tiklab, darvishdan bekka aylandi. - Demak, yaxshi ayolni topib uylanibdi. - U ayolni emas, ayol uni topgan. Ularning romani mengayaxshi ma’lum. - Unda hikoya qilib bering. Kabob yeb eshitadigan go‘zal qissaga o‘xshaydi-ku. - Sadafiy ham bir necha she’ri qo‘shiq qilinib, elga manzur bo‘lgach, poytaxtga omad izlab kelganlardan. Lekin uning iste’dodiga gap yo‘q, - deya hikoyasini boshladi Dilshod. - Men uning bir turkum she’rlarini o‘zim ishlaydigan gazetada chop ettirganman va shu tufayli yaqin tanish bo‘lib qolganmiz. Boshidan kechirganlarini ham o‘zidan eshitganman. Toshkentga kelganida turadigan joyi bo‘lmagan. Iste’dodini qadrlaydigan ba’zi artistlar vaqtinchalik o‘z uylariga ro‘yxatga qo‘yib, muvaqqat boshpanalar topib berishgan. Sadafiy qo‘shiq qilingan she’rlari evaziga berilgan qalam haqiga tirikchilik qilgan. Bilasiz,shoir xalqi injiq, o‘z homiylari bilan ham kelishib yashashi qiyin. Sadafiy ham mashhur bir xonanda bilan arazlashib, eshikni qarsillatib yopib, ko‘chaga chiqib ketgan. Orttirganini icha boshlagan. Ko‘cha-ko‘yda mast-alast daydibyurgan. To taqdirida bugun ko‘rganingiz ayol paydo bo‘lgunicha, u nainki darvish, hatto daydi edi. - Xotini ham o‘z tarafidanmi? - Yo‘q, u farg‘onalik. Shuhrat borasida qo‘shiqchi shoirlar bilan bellashib bo‘lmasligini yaxshi bilasiz. Siz kabi kitobxonlikka mukkasidan ketganlar shoirlarni kitoblari orqali taniydi, asarlariga qarab baholaydi. Lekin hozir sizdaylar kamayib ketgan. El shoirlarni avvalo qo‘shiq qilingan she’r-lari orqali taniydi va shunga qarab ardoqlaydi. Shu sababli Sadafiyning ta’rifini bu ayol Farg‘onada turiboq eshitgan. Toshkentga kelib ishlab ketgan biron qo‘shiqsevar mardikor aytganmi yoki boshqami, shoirning qay ahvolga tushib qolganidan ham voqif bo‘lgan. Bu ayol adabiyotga, ijodkorlar hayotiga oldindan qiziqar ekan. «Toshkentga borib, uni izlab topaman, odam qilib yo‘lga solaman, iste’dodi xor bo‘lishiga yo‘l qo‘ymayman!» - deya ahd qilib, shu maqsadda poytaxtga yo‘l olgan. - Alpomish Barchinni izlab emas, Barchin chohda yotgan Alpomishni xalos qilish uchun otlanibdi-da! Yo‘lga solib, odam qilaman desa, vodiyda shunaqasi topilmabdimi? Nega endi dovon oshib, aynan Sadafiyni izlab kelibdi? - Bu ko‘ngil ishi-da, aka! Sizningcha bo‘lsa, Barchin ham qalmoqqa yoki Ultontozga tegibketaversa bo‘lardi-ku! Asli she’riyat shaydosi bo‘lgan bu ayolni Sadafiyning she’rlari maftun etgan. Xullas, ayol Toshkentga kelib, tahririyatu radiodagi ijodkorlardan shoirni so‘rab-surishtirgan. Bilganlar: «Sadafiyni katta bozorlardagi aravakashlar yo mardikorlar orasidan topasiz», - deyishgan. Chunki so‘nggi paytlarda shoirning hayot tarzi shundoq bo‘lgan: u biron aravakashning ismini so‘rab, uning ismiga qofiya qilib baytlar aytgan. Ismishe’rga solinganidan xursand bo‘lgan aravakashlar ko‘ngildan chiqarib, bir oz pul berishgan. Kun davomida yig‘ilgan pulga shoir aroq ichgan. Ayol ham uni mardikorlarga she’rxonlik qilib turganida topib olgan va u bilan ko‘rishishuchun olisdan kelganini ro‘yi rost aytgan. Hayron qolgan Sadafiy, bafurja suhbatlashaylik,deya qahvaxonaga taklif qilgan va shunday dilbar ayol atay uni deya uzoq yo‘l bosib kelganidanqattiq ta’sirlanib, aroq buyurgan. Ayolning ilk bor shoirni ichkilikdan qaytarish uchun qilgan harakatlari natija bermagan. Bu ahvolda endi nozik mavzularda gaplashish imkonsizligi tufayli, ular ertalabsoat sakkizda uchrashishga kelishishgan. Chunki Sadafiyning ertalab ichish odati yo‘q edi. Aksiga olib, ertalab mardikorlarni melisa bosib, ularyonida bo‘lgan Sadafiyni ham «Men shoirman» deganiga qaramay, poytaxtda ro‘yxatda turgan-turmaganliklarini tekshirish uchun tayanch punktiga olib borishgan. Bu yerda ham u shoirlik da’vosidanvoz kechmagan va: «Falon xalq artis-tining uyida vaqtinchalik ro‘yxatda turaman», - degan. Melisa boshlig‘i o‘sha manzilga qo‘ng‘iroq qilsa, go‘shakni xotini ko‘targan va: «Agar qo‘lida M.S. degan yozuvi bo‘lsa,o‘sha shoir biznikida turadi», - degan. Tatuirovkani ko‘rgan boshliq uzr so‘rab, uni ozod qilgan. Lekin Sadafiy: «Meni bu yerga majburan olib kelishdi. Soat sakkizda juda muhim uchrashuvim bor edi. Undan bir soat o‘tib ketdi. Meni mashinada olib borib qo‘yasizlar!» - deb xarxasha qilgan. Melisa boshlig‘i noiloj o‘z cho‘ntagidan taksi puli bergan. Pul qo‘lga tekkach, Sadafiy ko‘chaga chiqib, bu voqea alamidan aroq ichib: «Baribir kechikdim, uchrashuv barbod bo‘ldi. Endi mendan arazlab, hech qachon kelmaydi»,- deb ko‘z yoshi ham qilgan. Ayol esa uni ertalabki sakkizdankechki sakkizgacha kutgani yetmagandek, ertasiga ham izlagan. Qayta topgach, o‘zi turmush qurishni taklif qilgan. Turmush qurishgach, Sadafiyni ichkilikdan qaytarib, yo‘lga sola boshlagan. Bu jonfidolikning qanchaga tushgani bir o‘ziga, bir Xudoga ayon. Mana, endi ularning poytaxtda o‘z uylari bor. Sadafiyning to‘plamlari oldiniga yupqa, katta kitobi esa qalin muqovada nashr etildi. Kelasi hafta San’at saroyida uning adabiy kechasi va kitobining taqdimoti bo‘lar ekan. - Ayol zotiga qoyil-a! - dedim eshitganlarimdan mutaassir bo‘lib, - Xudo ko‘ngliga solgan ekan-da. Bo‘lmasa, oldin ko‘rmagan-bilmagan odamini izlab uzoq yo‘l bosish, topgan zahoti sinamasdan tegib olish, so‘ngra uni yo‘lga solib, darvishlikdan beklikka ko‘tarish- o‘zi bo‘ladigan ish emas, albatta. - Ayniqsa, Sadafiydek injiq shoirni er qilish oson bo‘lmasa kerak. Bu ayol esa uni ham er, ham sher qildi. Mana shu matonati evaziga o‘zi ham mashhur shoirning xotini bo‘lib,gul-gul ochilib yuribdi, - deya hikoyasini yakunladi
|