Olimlarning qayd etishicha, tarkibida qand mavjud bo‘lgan gazli ichimliklarni muntazam iste’mol qilish hujayralarning qarishiga olib keladi. Tadqiqotchilar shirali gazli ichimlikning eng katta ishqibozlarida “hayot hisoblagichlari” — ya’ni telomerlar kamayib ketishini aniqladi. Sog‘liqni saqlash organlari va qonun chiqaruvchilar quvvatlantiruvchi ichimliklarning bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘iga salbiy ta’siridan xavotirlanmoqda, deb xabar berdi Gazeta.ru. Foto: iStockphoto Agarda tarkibida qand bo‘lgan gazli ichimliklar muntazam ravishda iste’mol qilinsa, ashaddiy kashandalarda bo‘lgani kabi hujayralarning tezkor qarish jarayoni boshlanadi. Oqibatda inson o‘zining biologik yoshini oshiradi va hayotini qisqartiradi. Ushbu ma’lumotlar 20 dan 65 yoshgacha bo‘lgan 5309 nafar amerikaliklar ishtirok etgan ovqatlanish va salomatlik bo‘yicha milliy tadqiqot natijasida olindi. Telomerlar (hujayralarning bo‘linishida DNKni himoya qiluvchi xromosomaning uchki qismi) uzunligini o‘lchash maqsadida tadqiqot ishtirokchilarining barchasidan DNK namunasi olindi. 2009-yilning fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Elizabet Blekbyorn laboratoriyasida telomerlar o‘lchanib, o‘rganib chiqildi. Ularning aniqlashicha, odamlar mazkur ichimliklarni qanchalik ko‘p miqdorda iste’mol qilsa, ularning telomerlari shunchalik qisqaradi. Tadqiqot davomida aniqlanishicha, shirali sodani kuniga 600 millilitrdan ortiq iste’mol qiluvchi eng ashaddiy ishqibozlarda telomerlar shunchalik kamayib ketadiki, bu ularning biologik yoshi o‘z yoshiga nisbatan i 4,6 yilga oshishiga va ularning o‘limga shunchalik yaqinlashishiga olib keladi. Mazkur tadqiqot natijalari faqat tarkibida qand bo‘lgan gazli ichimliklarga tegishlidir. Parhezli Coca-Cola va boshqa qandsiz gazli ichimliklarni iste’mol qilish telomerlarga hech qanday ta’sir ko‘rsatmadi. Ushbu tadqiqot katta yoshdagi odamlar orasida olib borilgan. Ammo, barchaga ma’lum, shirali gazli ichimliklarning asosiy ishqibozlari bolalardir.