AQShda 9 yoshli bolani ochdan o‘ldirgan ayol qatletildi
17-sentabr, chorshanba kuni AQShning Texas shtatida 38 yoshli Liza Koulman ismli ayolga nisbatan o‘lim jazosi ijro etildi. Uning aybi bilan 2004-yilda to‘qqiz yoshli bola ochlikdan vafot etgan, deya xabar bermoqda “ITAR-TASS” shtat hukumatiga tayanib. Koulmanga Xansvill shahrida o‘lim inyeksiyasi yuborildi. U AQShda joriy yilda qatl etilgan ikkinchi, 1976-yildan buyon esa 15-ayol bo‘ldi. O‘sha yili Oliy sud mamlakat hududining katta qismida ushbu jazo chorasini qayta tiklagan edi. 1976-yildan hozirga qadar Texas shtatida jami 517 kishi qatl etilgan, bu Amerikaning boshqa har qanday shtatidagi ko‘rsatkichdan yuqoridir. 2004-yilning iyulida ayolning Arlington shahridagi uyida u bilan birga turgan dugonasi — Marsella Uilyamsning o‘g‘li — Devonti Uilyamsga tegishli jasad topilgan. Keyinroq patolog-anatomlar bolaning ochlikdan o‘lganini aniqlagan. Shifokorlar hisob- kitobiga ko‘ra, u o‘limi oldidan 15 kilogramm vazn bosgan, bu o‘z yoshidagi me’yordan taxminan ikki marta kamdir. Bolaning tanasida shuningdek, kaltaklar va qiynoq izlari ham topilgan. Koulmanning advokatlari Devonti Uilyamsning o‘limi baxtsiz hodisa bo‘lganini isbotlashga urinishdi. Ularning aytishicha, bola ruhan nosog‘lom bo‘lgan, uning onasi va dugonasi u bilan qanday munosabatda bo‘lishni bilmagan. Shunga qaramay, 2006-yilda sud Koulmanni aybdor deb topdi. Bolaning onasi esa aybini tan olgach, bir umrlik qamoq jazosiga mahkum etildi. Manba: Daryo