Главная » 2014»Mart»1 » “Al-Qoida” Afg‘onistonga qaytishini e’lon qildi
17:24
“Al-Qoida” Afg‘onistonga qaytishini e’lon qildi
Joriy yilning 28-fevral kuni “Al-Qoida”ning Afg‘oniston bo‘limi yetakchisi Faruq al-Qahtoniy o‘z tashkilotining mazkur mamlakatdagi avvalgi mavqeyini tiklamoqchi ekanligini ma’lum qildi. Bu haqda Associated Press axborot agentligi xabar bermoqda.
Uning aytishicha, Afg‘onistondan xorijiy qo‘shinlar olib chiqib ketilgach (bu joriy yilning oxirigacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan), “Al-Qoida” bu mamlakatga butkul qaytib keladi.
Agentlikning AQSh razvedka xizmatlari hamda Pentagondagi manbalari yetkazgan ma’lumotlarga ko‘ra, “Al-Qoida” hozirdanoq boshqa mamlakatlardan tajribali jangarilarini Afg‘onistonga ko‘chirib, u yerda o‘z kuchlarni oshirmoqda. Taxminlarga ko‘ra, ular yangi avlod jangarilarni tayyorlashlari rejalashtirilgan.
Terrorchilarning mazkur rejalariga qarshi amerikaliklar harbiy aviatsiyani ishga solgan va Afg‘oniston sharqidagi Kunar hamda Nuriston viloyatlaridagi terrorchilar uyalariga uchuvchisiz boshqariluvchi samolyotlar yordamida zarbalar bermoqda. Shuningdek, Vashingtondagilar “Al-Qoida” jangarilarining aksariyati hozir amerikaliklarning butkul chiqib ketishini kutib, Afg‘onistondan chekinibroq turishganini ta’kidlashmoqda.
Pentagon Afg‘onistondan butunlay chiqib ketishni maqsadga muvofiq emas, deb hisoblab, u yerda kamida 10 ming nafar harbiyni qoldirmoqchi. Amerikaliklar fikricha, agar Afg‘onistonda harbiy kuchlar qoldirilmasa, “Al-Qoida” tez orada u yerni butun dunyoga jangarilar tayyorlab beruvchi bazaga aylantirishi mumkin.
Manbalarning xabar berishicha, “Al-Qoida”ning Afg‘oniston bo‘limi yetakchisi havodan bo‘ladigan zarbalardan doimo himoyalanib yuradi: sun’iy yo‘ldosh va uyali aloqali telefonlardan foydalanmaydi, kuryerlar orqali xabarlashadi va muntazam tarzda o‘z joyini o‘zgartirib turadi. Yashiringan yeridan aholi yashash joylariga chiqqan taqdirda ham u o‘z atrofiga ayollar va bolalarni to‘plab, ulardan “jonli qalqon” sifatida foydalanadi.
G’arb kuzatuvchilari va mutaxassislarining taxminicha, AQSh harbiylari Afg‘onistondan olib chiqib ketilishi bilan u yerda voqealar rivoji tezlashib ketishi mumkin. Mamlakatdagi ekstremistik guruhlar Qobulni egallab olib, o‘z rejimlarini o‘rnatish niyatlarini yashirmayapti.