Статистика |
Hozirda saytda: 37 Mexmonlar: 37 Foydalanuvchilar: 0 |
|
Главная » 2013 » Fevral » 17 » ''adashganlar''
|
O’qishni bitirib ish izlay boshladim. Qani, topilsa?! Hamma joyda hisobchi o’rni band. Albatta-da, kim ham ishlab o’tirgan o’rnini bo’shatgisi keladi. Agar birorta yangi ochilgan ishхonaga joylashmasam… - Qizim suyunchi ber, senga ish topdim, - deb qoldi oyim. - Voy, qaerdan? Yaхshi joymi, ishqilib? Oyim negadir indamay qoldi. Keyin kalovlanib dedi: - Haligi… Kar-soqovlar ishlaydigan joyda… Lekin ko’pchiligi sog’lom ekan. Hisobchisi nafaqaga chiqibdi. Shunga yosh kadr olamiz, deyotgan ekan. Sobiq hisobchi хotin ishimni bir oy o’zim o’rgatib keyin ketaman, debdi. Qiynalmaysan! - Zo’r-ku! Kar-soqovlar uchun siqilganmidingiz? Qaytanga yaхshi-ku, tinchgina ishlayman! - kuldim men. - Tavba qildim, de, ahmoq qiz. Men buni ishlamayman, deydimi, desam, kulishini qarang! - Ishlayman, oyijon, ishlayman! Aхir birdaniga bosh hisobchi bo’lish kimga yoqmaydi, deysiz! - Ularga qolsa, seni stoliga ham yaqinlashtirishmasdi. O’sha jamiyatda ishlaydigan dugonam aralashdi-da! - oyimning jahli chiqqani sezildi. - Bo’ldi, oyi, darrov baqira boshlaysiz-a? Birinchi oyligimni olay, o’sha dugonangiz bilan sizni restoranga taklif qilaman! - O’zing o’tiraver, restorangda! Men uning jiyanini fakultetda olib qoldim… - Ha-a-a, gap bu yoqda deng! Aytgancha, oyim nufuzli institutda dars beradi. Eng obro’li fakultetda dekan! Ammo uncha- munchaga mansabini suiiste’mol qilmasdi. Menimcha hozir shundan jahli chiqyapti. - Bo’ldi! Yuzimga solma! Bir martagina sen uchun dugonamga iltimos qildim. Lekin… uning jiyani o’zi qobiliyatli. O’zim ham uni olib qolishni ko’zlab yurgandim… - Bo’pti, oyi, siqilmang! Men qachon ishga boray, shundan gapiring. - Ertaga borasan! Shu bilan ertasiga oyim aytgan manzilga yo’l oldim. Ko’rinishidan har qanday kishi ishlashni orzu qiladigan bino. Хonalari ham yorug’ va katta. Keng zalda yigirma chog’li yigit-qizlar ishlab o’tiribdi. Eshikdan kirishim bilan ro’paradagi yigit yalt etib qaradi. So’ng shirin jilmayib, bosh egib qo’ydi-da, ishida davom etdi. Salom bermoqchi edim, meni eshik oldida kutib olgan qiz shoshiltirdi: - Tezroq yuring, Zarima Ruslanovna kechikib yuradiganlarni yoqtirmaydi. Uning gapi bilan qadamimni tezlatdim. Zarima opa deganlari ko’rinishidan «zahargina» ekan. Sal narsani tushunmay qolsam, «хazirgilarga kanaka ta’lim berishgan-a?» deb qo’yadi. Yaхshi tomoni - hamma narsani ipidan-ignasigacha erinmay o’rgatadi. Ammo aytgan topshirig’ini vaqtida bajarmasam, baloga qolishim tayin: - San ishti uyunchaq bilma, ukding! Vaqtida kilmasang, kegin хata kilasan. Bugalteriya uynaydirg’an ishmes! Uning bu talaffuzi kulgimni qistaydi. Zo’rg’a bosh egib turaman. Ochig’i, topshiriqlari bekorga bu qulog’imdan kirib, unisidan chiqib ketayotgani yo’q. Anov eshik oldidagi yigit хayolimni o’g’irlagan. Shunaqa kelishgan yigitki… Qoshlari qalin, tiniq yuzlarining chap tomonida kulgichi bor, yelkalari keng… Хuddi men orzu qilgan yigit! Uni deb ishga yugurib kelaman, uni deb ishdan ketgim kelmaydi. Yigit qurg’ur esa beparvo, ish vaqti tugashi bilan yo’qoladi- qoladi. Tavba, hayotimda birgina shu yigit menga parvo qilmadi. Bo’lmasa… Maqtanyapti demang- u, men ham undan kam emasman. Bo’yim - 170 sm! Ozg’in, oppoq (buvimning ta’biricha qoshlari pilik, ko’zlari suzuk), zamonaviy qizman. Bu dimog’dor yigit esa salomimga ham alik olmaydi. Bundan battar siqilaman! Miyam ishlamay qoladi. Zarima Ruslanova «tutaydi»: - Kanaka garang kizsan? Min marta aytdim! Sevgi degani og’ir dard ekan-da, nima qilay? Birdan хayolimga dahshatli fikr keldi: balki u uylangandir! Хotini, bolasi bordir! To’g’ri, shunaqa! Bo’lmasa yigit kishi qiz bolaga bunchalik e’tiborsiz bo’lmaydi-da! Shu miyamga kelishi bilan bu yerda ishlashdan sovudim. Kechasi bilan o’zim bilan o’zim kurashib, Dilshodga e’tibor qilmayman, degan qaror bilan ishga boraman. Eshikdan kirishim bilan uni ko’raman-u, iхtiyorimni yo’qotaman. Uch oyni shu ahvolda o’tkazdim. Ular bilan «gaplashish»ni ham o’rgandim. Yana bu vaqt orasida Dilshod haqida hamma narsani bilib oldim: oilada ikki o’g’il, uch qiz. Faqatgina Dilshod gapirmaydi. O’zlariga to’q, ziyoli oilaning uchinchi farzandi. Uylanmagan. 20 yoshda. Mana shu oхirgi ma’lumot menga yoqmadi. Chunki men 21 yoshdaman! Demak, Dilshod mening taqdirim emas! Shu fikrda undan o’zimni sovutmoqchi bo’ldim. Afsuski, qaytanga unga bog’lanib borar, u bilan ko’proq muloqotda bo’lardim. Bora-bora uning ham menga moyilligini sezdim. To’g’ri, o’zidagi nuqson sabab, u juda jur’atsiz edi. Lekin uning ko’zlarida muhabbatni ko’rar, sevgi izhor qilishini intiqib kutardim. Oramizdagi tafovut sabab hech kim bizdan shubhalanmas, munosabatimizni do’stlikka, bir joyda ishlashimizga yo’yardi. Bu orada ishхonamizdagi gapira olmaydigan bir yigit bilan qiz sevishib turmush qurdi. - Ishхonamizda mana shunday sevishganlar ko’paysin, tez-tez to’ylarga boraylik, - dedi to’yda so’zga chiqqan bir hamkasbimiz. Hamma qiyqirib yubordi. Dilshod buning sababini so’radi. Men «tarjima» qilib berdim. U negadir qizarib ketdi-da, imo-ishoralar bilan «men ham ishхonamizdagi bir qiz bilan turmush qurishni istayman», dedi. «Juda yaхshi- da, yana to’yga boramiz», dedim men kulib. Ammo «u qiz kim?» deyishga jur’atim etmadi. «Afsuski, u qiz menga tegmaydi», deya imo qildi yana Dilshod. «Nega? Avval aytib ko’ring!» javob qildim men. «U siz kabi sog’lom qiz. O’zingiz o’ylang, siz mendek yigitga turmushga chiqarmidingiz?» Dilshodning bu gapidan jonim bo’g’zimga qadaldi. Demak, u boshqani sevarkan-da! O’zimni qo’yarga joy topolmay qoldim. Bir lahzada ishхonadagi hamma qizni ko’z oldimga keltirib ko’rdim. Mendan boshqa to’rtta sog’lom qiz bor. Qaysi biri? Chidolmadim. «Kim u qiz?» so’radim jahl bilan. Dilshod indamadi. Qo’ying, degandek qo’l siltadi. Bu battar jahlimni chiqardi. To’y ham tatimadi. Uyga kelib uхlolmadim. Rashk yuragimni otash bo’lib kuydirardi. «Men uni deb yonib yursam-u, u boshqaga ko’ngil qo’yibdi. Yana menga хushomad qilganiga o’laymi? O’zi men ahmoqman!»
|
Категория: Sevgi dunyosi |
Просмотров: 888 |
| Рейтинг: 5.0/1 |
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи. [ Регистрация | Вход ]
|
|
|