Главная » 2014»Fevral»9 » 1-iyuldan boshlab xorijga chiqish uchun biopasport talab etiladi
23:38
1-iyuldan boshlab xorijga chiqish uchun biopasport talab etiladi
Joriy yilning 1-iyulidan boshlab xorijga chiqmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikalari fuqarolari biometrik pasportga ega bo‘lishlari lozim. Bu Vazirlar Mahkamasi tomonidan 6-fevraldagi qarorida belgilab qo‘yildi, deya xabar beradi Gazeta.uz nashri.
"O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqishlari tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda belgilanishicha, 1-iyuldan e’tiboran biopasporti bo‘lmagan mamlakat fuqarolariga xorijiy reyslar uchun aviachipta hamda temir yo‘l chiptalari sotilmaydi.
Shuningdek, mazkur qaror bilan tegishli vazirlik, qo‘mita va idoralarga fuqarolarga o‘z vaqtida biometrik pasport berilishini ta’minlashga doir ko‘rsatmalar belgilangan.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda fuqarolarga biometrik pasportlar berish 2011-yilning 1-yanvaridan boshlangan va bu jarayon 2015-yilning oxirigacha yakunlanishi kerak. Shuningdek, biometrik pasport olish uchun hozirda internet orqali ariza berish imkoniyati mavjudligini ham eslatib o‘tamiz. Biopasport uchun onlayn-ariza berishni o‘rgatuvchi rolik e’lon qilinganligidan ham avval xabar bergan edik.