Vujud deganlari asli nimadir? Dayr dengizida yurgan kemadir. Bir kun bir qoyaga urilgay kema, Ruhim, sen vujudni g‘amini yema. Yuksak fazolarda aylagil parvoz, Senda na ohang bor va na bor ovoz. Senga na bo‘ronlar kor qila olur, Seni na yo‘qotib, bor qila olur. Sen misli kamalak - yuksak va so‘lmas, Kamalakni esa parchalab bo‘lmas.
Kimdir savol berdi:-Aytgil, Muhammad, Yolg‘iz sen Rasulsan butkul olamga. Kimga ko‘p yaxshilik aylay, o‘zing ayt, Ota-onamgami? Yoxud bolamga? Rasul javob qildi: - Tingla birodar, Gapimni uch bora quloqqa ilgil. Imkon topa olsang dunyoda agar Eng avval onangga yaxshilik qilgil. Bu hikmat sharhini o‘yladim uzoq, Rostdan ona erur qiblai olam. Garchi barchamiz ham padarmiz, biroq Onadan tug‘ilgan payg‘ambarlar ham.
Qalbimda goh g‘urur, gohida farah, Shu uchqur dunyoni turfa ko‘ribman. Yurtma-yurt, elma-el, farsax- bafarsax Umrim dovonlarin o‘lchab yuribman. Umr-ku o‘tadi gulduros solib, Uning o‘tganini kim ham ko‘ribdi? Vo ajab, qay bir zot, o‘z umri qolib, Mening qadamimni o‘lchab yuribdi...
Bulutlarga yondosh, osmon ostida, Kiprikdagi yoshday turibdi dorboz. Qilichning damiday arqon ustida, Ko‘zlarini yumib yuribdi dorboz. Odamlar, odamlar, uni olqishlang, Qarang, u naqadar epchil va o‘ktam, Biz-chi, eh.. ba’zi bir ko‘zi ochiklar Eplab yurolmaymiz katta yo‘lda ham.
Dunyoni qizg'anma mendan, azizim, Men sening ko'changdan o'tmasman zinhor. Mening bu olamda o'z aytar so'zim Va o'zim sig'inar mozorlarim bor. Dunyoni qizg'anma mendan, azizim, Sen ichgan buloqdan ichmasman aslo. Sen yurgan tog'larda qolmagay izim, Sen kechgan daryodan kechmasman aslo. Dunyoni qizg'anma mendan, azizim, Qalbingni yoqmasin shubha va so'roq, Men o'zga manzilga tikkanman ko'zim, U sening kulbangdan juda ham yiroq.
Tuxumdan chiqdi-yu, keltirib uni Shu loyqa hovuzga tomon otdilar. Tashlandiq ushoq yeb o‘tadi kuni, Xoru xas, xazonlar ustin yoptilar. Dunyoda ko‘rgani shu tor hovuzcha Va mudroq tollarning achchiq xazoni. Menga alam qilar, tilla baliqcha Bir ko‘lmak hovuz deb bilar dunyoni...