Mushtlab-mushtlab urarlar, Muncha gunoh qilibman. O‘tga solib yoqarlar, Muncha osi bo‘libman. Muncha meni xorlarlar, Bilmam nima qilibman. Muncha meni sevarlar, Qanday shirin bo‘libman. (Xamir, non)
Xom soldim, Pishiq oldim. (Yopgan non)
Sovuq kirib, Issiq chiqar. (Yepgan non)
Oq otdim, Qizil oldim. (Yopgan non)
Yettisi bir yerga yig‘ilsa, Beshisi bir yerga yig‘iladi. (Palov)
Qorong‘i uyda shivir-shivir. (Shovla)
Qozon ichida oppoq qor. (Shirguruch)
Ko‘prik ustida bir tutam poxol. (Ugra)
Quduqqa sochimni yoydim. (Ugra)
Ip eshib quduqqa tashladim. (Ugra)
Kesdim, Quduqqa tashladim. (Ugra)
Bir kiyigim bor, Bir joyda turib dirkillar. (Go‘sht)
Yesam tishimga kiradi, Yemasam tushimga kiradi. (Go‘sht)
Bukdim, Quduqqa tashladim. (Chuchvara)
Bir qozondan qirq tuya suv ichar. (Chuchvara)
Ming qo‘yim suvga tushdi. (Chuchvara)
Quda buvam quduqqa tushdi, Quloqlari shalpillab tushdi. (Chuchvara)