Depressiya faqat kattalar olami hodisasi deb hisoblash noto’g’ri. Bu holat bolalarning eng yosh davrlarida ham bo’lishi mumkin. Bolaning his-tuyg’ulari hadiqa undan yaxshilab so’rang. Uning sizga tushunarsiz bo’lgan hatti-harakatlarini pediatr bilan maslahatlashing va o’zingiz nimadan xavotir olayotganingizni ayting. Ko’pgina hollarda oilaviy shifokorning bir-necha bor bolangiz bilan suhbat o’tkazishi muammoni hal qiladi. Depressiyaning bosh sabablaridan biri bu kasal bo’lish yoki qattiq g’azablanish bo’lishi mumkin. Uning asl sababini shifokor bolaningizni tibbiy ko’rikdan o’tkazib aniqlaydi.
Yosh bolalarda va o’smirlarda depressiyani qanday aniqlash mumkin?
Maktabgacha bo’lgan yoshdagi bolalarda depressiya ishtaha yo’qolishi va vazn tashlash orqali namoyon bo’ladi. Bundan tashqari bolaning qiziqishlari so’nganligini, yaxshi ko’rgan ishi bilan shug’ullanmay qo’yganligini sezsa bo’ladi.
Maktab yoshidagi bolalarda bunday alomatlardan tashqari ularda o’zlariga bo’lgan ishonch yo’qoladi. Ko’pincha bolalar o’zlarini “yomon bola” hisoblab, biror ishni xato qilib qo’yishdan cho’chiydilar. O’smir bolalar esa maktabga borish, uy ishlarini qilish, doimgi majburiyatlarini bajarib yursalar ham, o’zlariga yoki oila a’zolariga nisbatan beparvo bo’lib qolishadi. Bir paytlar o’zlari uchun sevimli bo’lgan mashg’ulot ham ular uchun endi qiziqarli tuyulmaydi. Bu yoshdagi bolalar oldingiga nisbatan kam yoki ko’p yeyishlari va uxlashlari mumkin.
Ayrim bolalarda depressiya bosh yoki qorin og’rig’i, maktabga borishni hoxlamaslik yoki arazlash orqali namoyon bo’ladi. Agar bu alomatlar uzoq muddat davomida (masalan, bir necha hafta) davom etsa, bolangiz depressiyaga tushgan bo’lishi mumkin.
Bolalarda va o’smir yoshlarda depressiyani nima keltirib chiqaradi?
Quyida buning ayrim sabablarini sanab o’tamiz:
boshqa joyga ko’chish yoki odatiy sharoitning o’zgarishi; boshqa maktabga borish; uy hayvoni, do’st yoki oila a’zolaridan birining o’limi; oila a’zolaridan birining og’ir betob bo’lib qolishi; jinsiy balog’atga yetish paytidagi gormonal o’zgarishlar.
Depressiya bilan aziyat chekayotgan bolalarga qanday yordam berish mumkin?
Dori yordamida davolanish, psixoterapevt bilan suhbatlashish yoki ushbu ikkala usulning birgalikda qo’llanilishi muammoni tezroq hal qilishga yordam beradi. Bunday sharoitda bolalar albatta psixolog, psixoterapevt yoki psixiatrga ucharshishlari lozim. Chunki ular depressiya holatining asl sababini aniqlab, yordam bera oladigan shaxslardir. Oilaviy maslahatlashish ham bunda juda samarali bo’lib, u butun oila a’zolari uchun foydadan holi bo’lmaydi. Bolalar depressiyasi bilan kurash olib borayotganda dorilarni mensimaslik yaxshi emas. Ko’pchilik holatlarda aynan dorilar bilan davolash va psixoterapiya bu masaladan oson chiqib ketish yo’li bo’ladi.