Главная » 2014 » Mart » 30 » So‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda tug‘ma nuqsonli bolalar tug‘ilishi 1,8 martaga kamaydi
20:27
So‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda tug‘ma nuqsonli bolalar tug‘ilishi 1,8 martaga kamaydi
Davlat bojxona qo‘mitasida “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturining mazmun-mohiyati, uning ijrosini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarning ahamiyatiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda Respublika Perinatal Markazi shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi Umida Muhammedova mavzu yuzasidan ma’ruza qildi. Bu haqda qo‘mita rasmiy sayti xabar berdi. Umida Muhammedovaning ta’kidlashicha, so‘nggi o‘n yilda davolash-profilaktika muassasalarini modernizatsiya qilish va eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlash uchun 750 million AQSh dollaridan ziyod mablag‘ yo‘naltirilgan. Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda onalar o‘limi 3,1 baravar, go‘daklar o‘limi 3,2 baravar kamaydi. “Ona va bola skriningi” dasturi amalga oshirilishi natijasida tug‘ma nuqsonli bolalar tug‘ilishi 2000-yildan buyon 1,8 martaga kamaydi. Bugungi kunda O‘zbekiston bolalarining 92 foizi rivojlanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartlariga to‘la mos keladi. Save the children xalqaro tashkiloti reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston dunyodagi bolalar salomatligi to‘g‘risida eng ko‘p g‘amxo‘rlik ko‘rsatadigan o‘nta mamlakat qatoridan joy oldi.
2014-yilning Sog‘lom bola yili deb e’lon qilinishi va shu munosabat bilan Davlat dasturining qabul qilinishi bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirmoqda.
Davlat dasturida sog‘lom bolalar tug‘ilishi va ta’lim-tarbiyasi, oilada sog‘lom muhitini, uning iqtisodiy va ma’naviy-ahloqiy asoslarini mustahkamlash, ijtimoiy soha rivojiga ajratilayotgan mablag‘lar samaradorligini oshirish bilan bog‘liq keng ko‘lamli vazifalar belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, mazkur vazifalarni amalga oshirishga xizmat qiluvchi tadbirlarga 4 509,2 milliard so‘m va 302,9 million dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltirilmoqda.