O‘zbekistondagi san’atkorlar ro‘yxati va ular bilan bog‘lanish uchun barcha zarur ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yangi mobil dastur paydo bo‘ldi. Bu haqda "Podrobno” nashri xabar berdi. Ushbu dastur iShow.uz deb atalib, uni Google Play do‘konidan yuklab olish mumkin. Dastur do‘konga shu yilning 12-noyabr kuni joylangan bo‘lib, u "yulduzlar katalogi bilan tanishtiruvchi ilk mobil dastur” deb ta’riflangan. "To‘yingizda ishtirok etish uchun yulduzga buyurtma bermoqchimisiz? Tug‘ilgan kunga boshlovchi taklif qilmoqchimisiz? iShow.uz mobil dasturidan foydalaning”, — deyiladi ta’rifda.
Nashr xodimlari ushbu dasturni sinab ko‘rgani, biroq unda ko‘rsatilgan telefon raqamlariga ulanib bo‘lmaganini qayd etdi. Ma’lum bo‘lishicha, katalogda ko‘pchilik san’atkorlarga bir xil telefon raqami biriktirilgan. "Balki bu raqam ularning prodyuseri yoki direktoriga tegishlidir?” — deya ta’kidlanadi xabarda. Shuningdek, bu dasturda mavjud bo‘lgan texnik nosozliklar natijasi bo‘lishi mumkinligi ham taxmin qilindi.
|