Главная » 2014 » Mart » 15 » O‘zbekistonda to‘qqiz xonali numeratsiya tizimiga o‘tish bosqichlari ma’lum qilindi
20:27
O‘zbekistonda to‘qqiz xonali numeratsiya tizimiga o‘tish bosqichlari ma’lum qilindi
O‘zbekistonda telefon raqamlari to‘qqiz xonali numeratsiya tizimiga o‘tilishi haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi mazkur jarayonning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi tartibini o‘z saytida e’lon qildi.
Unga ko‘ra, yagona to‘qqiz xonali numeratsiya tizimiga o‘tish jarayonining birinchi bosqichida viloyatlar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida tezkor xizmatlar (yong‘inga qarshi kurash xizmati, militsiya, tez yordam va boshqalar)ning 0 bilan boshlanuvchi tezkor telefon raqamlari 1 bilan boshlanadigan, 3 yoki 4 xonadan iborat raqamga o‘zgartiriladi. Toshkent shahrida bu bosqich allaqachon amalga oshirilgan.
Keyin esa hozir shaharlararo telefon qo‘ng‘iroqlarini amalga oshirishda foydalanilayotgan 8 raqami o‘rniga 0, xalqaro aloqalarda terilayotgan 8-10 raqamlari o‘rniga 00 raqamlari foydalaniladi. Ushbu bosqich amalga oshirilganidan so‘ng yagona to‘qqiz xonali numeratsiya tizimiga o‘tiladi.
Qo‘mitaning ta’kidlashicha, yangi – yagona to‘qqiz xonali numeratsiya tizimiga o‘tish jarayonidan ortiqcha tashvishga tushishga hojat yo‘q. Mazkur jarayonlarning barchasi abonentlar foydalanayotgan telefon raqamlariga o‘zgartirish kiritmagan holda, faqatgina mazkur raqamlar oldiga qo‘shimcha 00 raqamlarini qo‘yish orqali amalga oshiriladi. Bu o‘zgarishlar xususida abonentlar xabardor qilib boriladi.